2021 yilning avgustida, tibbiyot va jamoatchilik koronavirusga qarshi kurashni davom ettirayotgan bir vaqtda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan voqea barchani larzaga soldi. Tumandagi 5-sonli bog‘chada ilk ma’lumotlarga ko‘ra 25 nafar, to‘ldirilgan ma’lumotlarda 32 nafar bola ovqatdan zaharlangani xabar qilindi.
Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra bosh prokuror tumanga tashrif buyurib, vaziyatni nazoratga oldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Kun.uz manbasining xabar berishicha Toshkent viloyati IIBB tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, ish mazmunan ko‘rib chiqish uchun Oqqo‘rg‘on tuman sudiga o‘tkazilgan.
Ish bo‘yicha jami 6 nafar shaxsga jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Jumladan:
- M.N., bog‘cha direktori lavozimida ishlab kelgan, O‘zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi «a» bandi, 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 2-qismi va 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «a,g» bandi bilan;
- Q.X., bog‘cha hamshirasi lavozimida ishlab kelgan, JKning 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “b” bandi va 257-1-moddasi 2-qismi bilan;
- T.A., Oqqo‘rg‘on tumani Tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida reanimatolog shifokor lavozimida ishlab kelgan, JKning 116-moddasi 3-qismi bilan;
- J.S., tuman Tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limida shifokor lavozimida ishlab kelgan, JKning 116-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan;
- M.Sh., tuman Tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida navbatchi pediatr shifokor lavozimida ishlab kelgan, JKning 116-moddasi 3-qismi bilan;
- M.A. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyat filiali Reanimatsiya bo‘limi bolalar anesteziolog-reanimatologi lavozimida ishlab kelgan, 116-moddasi 3-qismi bilan ayblanmoqda.
Voqea fonida, shu bog‘cha tarbiyalanuvchilaridan biri 2 avgustdan 7 avgustgacha shifoxonada bo‘lib, vafot etgan, o‘limga sabab qilib pnevmoniya kasalligi ko‘rsatilgan.
Kun.uz tanishgan tergov xulosasida yozilishicha, voqea ovqatdan o‘tkir zaharlanganish bo‘lgani tasdiqlangan.
Oqqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan voqea sanitariya-gigiyena sohasida, xususan bog‘chalarda bolalarni ovqatlantirish bo‘yicha jiddiy muammolar borligini ko‘rsatib bergani bilan e’tiborli. Chunki aksariyat ta’lim muassasalari ham, ta’minotchi tashkilotlar va sanitariya nazorati vakillari ham shu tumandagi singari faoliyat yuritishadi.