12 may kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Xalqaro «Astma va allergiya-2022» konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik. Tadbir davomida O‘zbekistonda ilk marta 5 nafar davolanuvchi bemorlarga «Allergik sezuvchanlik pasporti» topshirilgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazida zamonaviy ALEX-2 allergik multipleks chiplari asosida 282ta allergenlarga sezgirlik tekshiruvlari bepul yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan bir yilda, 1 021 nafar bemorda allergochip usulida allergiyaga ta’sirchanligi o‘rganildi.
Vazirlik axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, «Allergik sezuvchanlik pasporti» O‘zbekistonda ilk marta tadqiqot dasturi doirasida taqdim etildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi bunday pasportlarni keng ommaga taqdim etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, 2018 yilda prezidentning tegishli qarorida respublika aholisining «allergik pasporti»ni ishlab chiqish belgilangandi va buni ishlab chiqish Xalqaro molekulyar allergologiya markaziga yuklatilgan.