Shimoliy Koreya koronavirus aniqlanganini tan oldi. Bu nimani anglatadi?

Jahon 21:32 / 13.05.2022 19561
Pxenyan, 27 aprel, 2020 yil / Foto: KCNA via Reuters

12 may kuni Shimoliy Koreya hukumati Pxenyanda koronavirusning “omikron” variantiga chalinish bilan bog‘liq ilk holatlar aniqlanganini xabar qildi – koronavirus 8 may kuni test topshirgan odamlarda aniqlangan.

Shundan keyin butun mamlakatda “maksimal favqulodda holat” joriy etilib, lokdaun e’lon qilingan. Juma kuni mahalliy nashrlar kasallik poytaxtdan tashqaridagi hududlarga ham tarqalganini tan oldi. Bir kunda 18 mingdan ortiq kasallanish holati aniqlangan, ilk qurbonlar bor: 6 kishi vafot etgan.

Shuningdek, mamlakatda aprel oyi oxiridan sababi “noma’lum bezgak” ham tarqala boshlagan. Bu kasallik 350 ming kishida aniqlangan, 188 mingga yaqin kishi karantinga yotqizilgan, 162 ming kishi davolanib chiqqan. Hozircha “noma’lum bezgak” deyilayotgan bu kasallik Covid-19 bilan aloqadorligiga aniqlik kiritilmagan.

Shimoliy Koreya nega koronavirusni rasman tan oldi?

Tahlilchilarning fikricha, pandemiya boshlanganidan 2 yil o‘tib, nihoyat koronavirusning rasman tan olishi Shimoliy Koreyaning misli ko‘rilmagan epidemiya ichida qolganini anglatadi.

Mamlakatning 25 mln aholisining hayoti vaksinatsiya qilinmagani va g‘arib tibbiy xizmat tufayli xavf ostida.

Shimoliy Koreya shu paytga qadar xalqaro hamjamiyat yetkazib bermoqchi bo‘lgan vaksinalarni butunlay rad etgan va koronavirus tarqalgani sabab 2020 yildan chegaralarini butunlay yopgan.

Mamlakatda epidemiya boshlangach, prezident Kim Chen In tibbiyot markaziga tashrif buyurib, koronavirusning milliy miqyosda tarqalishini o‘rgandi va holatni “favqulodda sodir bo‘lgan tibbiyot inqirozi” deb atadi. Qolaversa, u to shu davrga qadar birinchi marta televideniyeda niqob taqqan holda ko‘rinish berdi.

Kim Chen In televizor orqali chiqishida ilk marta tibbiy niqobda ko‘rinish berdi. 12 aprel 2022 yil / Foto: Getty Images

Endi nima bo‘ladi?

Shimoliy Koreya uchun koronavirusning o‘zi eng katta xavf bo‘lmasligi mumkin. Aksincha, lokdaun odamlarga kasallikdan ham ko‘proq zarar keltirishi mumkin deb taxmin qilinmoqda. Hukumatning virusga qarshi kurashish siyosati tufayli mamlakat 2 yildan buyon dunyodan uzilgan holda yashab kelmoqda. Bu esa tibbiy vositalar va oziq-ovqat tanqisligining yuzaga chiqishiga sabab bo‘lgan.

Hali mamlakatda lokdaun qay darajada qattiq bo‘lishi, odamlar uylariga majburan qamab qo‘yilishi mumkinligi haqida biror aniq dalil yo‘q.

Kim Chen In ba’zi sektorlar ishlashini xohlashi mumkin. Biroq aholining ko‘p qismi tirikchilik qiladigan bozorlar yopilishi, mamlakat bo‘ylab harakatlanish cheklanishi va natijada odamlar omon qolishlari uchun zarur bo‘lgan birlamchi mahsulotlarni olishda qiyinchiliklarga uchrashi mumkin.

Koronavirusning Shimoliy Koreya bo‘ylab keng miqyosda avj olishi chetdan kelishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat va boshqa turdagi ta’minotning mamlakatga kirishini yanada qiyinlashtirishi, iqtisodiyotni hozirgidan ham og‘irroq ahvolga solishi mumkin.

Mamlakat dunyoga ochiladimi?

Koronavirusga oid raqamlarni ilk bor e’lon qilish Shimoliy Koreyaning va nihoyat, tashqi yordamlarni qabul qilishga tayyorligini anglatishi mumkin deb ham hisoblashmoqda. Lekin hozircha bular faqat taxmin, mamlakat tashqi dunyodan yordam so‘rab murojaat qilganicha yo‘q.

Ilk holat e’lon qilingach, Janubiy Koreya gumanitar yordam taklif qilgan, biroq hali Pxenyan bunga javob qaytarmagan.

AQShda esa hali Shimoliy Koreyaga COVID-19 vaksinalarini yetkazib berish rejasi yo‘q. Biroq Oq uy matbuot kotibi Jyen Psakining ma’lum qilishicha, AQSh KXDR xalqiga yordam berishga qaratilgan xalqaro harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Reuters'ning yozishicha, ba’zi tahlilchilar Shimoliy Koreya bilan vaksina diplomatiyasini yo‘lga qo‘yish orqali yadro qurollari va ballistik raketalar sinovi bilan bog‘liq tendensiyalarni ham yumshatish imkoni bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

"Agar Koreya davlatlari aro hamkorlik amalga oshsa, bu keskinlik bartaraf etilib, muzokaralar qayta boshlanishiga yordam berishi mumkin. Oxir-oqibat gumanitar almashuvlar va ajralgan oilalarning yarashuvi ham sodir bo‘lishi mumkin", deydi Janubiy Koreyaning Sejong instituti Shimoliy Koreya tadqiqotlari markazi direktori Cheong Seong Jang.

Biroq yordamning siyosiylashuvi Shimoliy Koreyani tashqi dunyodan ko‘mak olishda ikkilantirib qo‘yishi mumkin. Lekin koronavirus tezlik bilan tarqalsa, yakkalanishdan foyda chiqmasligi aniq.

Mamlakat bu paytgacha hatto COVAX dasturining vaksinalarini ham rad etgan. Qolaversa, masalaning yana bir tomoni bor: xorijdan Shimoliy Koreyaga vaksinalar yuborilgani bilan, uni saqlash uchun infrastruktura: maxsus muzlatgichlar, uzluksiz energiya ham yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: