AQSh kongressi vakillar palatasi Ukrainaga 40 mlrd dollarlik yordam ko‘rsatishni ma’qulladi

Jahon 09:48 / 11.05.2022 7149

Ta’kidlanishicha, yordam miqdorini oshirish uchun 368 kongressmen ovoz berdi, 57 nafari qarshi chiqdi. Qonun loyihasiga qarshi ovoz bergan barcha qonunchilar Respublikachilar partiyasi a’zolari bo‘lgan.

Agar tashabbus Senat tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, dastlab AQSh prezidenti Jo Bayden taklif qilgan yordam paketi 7 milliard dollarga - 33 milliard dollardan 40 milliard dollarga oshiriladi

AQSh matbuotiga ko‘ra, qonun loyihasi Ukraina qurolli kuchlari va milliy xavfsizlik kuchlarini o‘qitish, jihozlar, qurol-yarog‘lar, moddiy-texnik ta’minot va xizmatlarni o‘z ichiga olgan xavfsizlik uchun 6 milliard dollar, shuningdek, qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash, uy-joy bilan ta’minlash va til o‘rganish kurslari uchun 900 million dollar ajratishni nazarda tutadi. 

Qonun loyihasida ko‘zda tutilgan mablag‘ning taxminan 8,7 milliard dollari «Ukrainadagi shoshilinch ehtiyojlarni qondirish uchun» Iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. 

Endilikda hujjat AQSh Senati tomonidan ma’qullanishi kerak, shundan so‘ng u prezident tomonidan tasdiqlanadi. 

Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumerning aytishicha, qonun loyihasi vakillar palatasi tomonidan ma’qullangandan so‘ng kongressning yuqori palatasi qonun loyihasini qabul qilish va Baydenga imzolash uchun yuborish uchun «tez harakat qiladi». 

Ko‘proq yangiliklar: