«120 yigitdan 4 kishi qaytganmiz» - Urush qatnashchisi xotiralari

Jamiyat 11:11 / 09.05.2022 15153

Uch yil janggohlarda kurashgan otaning tushlarida haligacha urush dahshatlari yashaydi... Farzandlari va nabiralari qurshovida tom ma’noda umrguzaronlik qilayotgan Umarali ota bilan suhbatimiz uzoq davom etdi.

Urushga ketish

Paxtaoboddan bir yuz yigirma yigit bir vaqtda urushga ketganmiz. Urush so‘ngida esa shulardan faqat to‘rt kishi janggohlardan tirik qaytdi, xolos. Hammamizni tuman markazidagi hammomda kiyintirib, Farg‘onaga olib borib urushga tayyorlashgan. So‘ng Ufa shahrida pulemyotchilikka o‘rgatishdi. So‘ng Birinchi Ukraina frontiga jo‘natildik.

Bitta pulemyot raschyotida yetti kishi bo‘lar edi. Jitomir ostonasidagi janglardan birida besh kishimiz halok bo‘ldi. Komandirlar agar zarurat bo‘lib qurol tashlab ketiladigan bo‘lsa pulemyotning «tyaga»sini sindirib, yaroqsiz holda qoldirishga buyruq berishgandi. Biz ham shunday qilganmiz. Keyin avtomatchi bo‘ldik.

Esimda, fashistlar targ‘ibotiga uchib bitta diviziya to‘laligicha dushman tomonga o‘tib ketgandi. Har kuni frontning u tomonidan radiokarnaylarda o‘zbek, qozoq, rus tillarida taslim bo‘lishimizni so‘rab tashviqotlar bo‘lardi.

Tula shahrini ozod qilish paytida yarador bo‘lib shifoxonaga tushganman. So‘ng tuzalib yana safga qaytdim. Men fashistlarni otganman, lekin ularni otmasam ular meni o‘ldirgan bo‘lardi.

Urush dahshatlari

Ukrainada Stalnya degan kichik shahar bor ekan. U yerda qattiq jang bo‘lgan. Nemislar tish-tirnog‘igacha qurollangan edi. Kechalari olov yongan joyga samolyotlari bilan bomba tashlar edi. Biznikilar ko‘pi qurolsiz jangga kirar edi. O‘lganlarning qurolini olib otishga majbur bo‘lishgan. Armiyamiz asta-sekin kuchayib borib so‘ng g‘alaba qilgan.  

Fashistlar yahudiylarning ko‘pini qirgan. Jitomirga yaqin joyda ham o‘ra kavlab, ularni tiriklay ko‘mib yuborishgan. Mahalliy aholi bir hafta yer ko‘tarilib-tushib turganini aytishgandi. Urushda inson o‘lik ko‘raverib, ta’sirlanmay qo‘yar ekan. Jasadlar ko‘pligiga o‘rganib ketganmiz.

Urushdan keyingi hayot

Ukrainada tanishlarim ko‘p edi. Borib turardim. Endi u yerlarda hozir jang bo‘lyapti...

Urushda ikki marta yarador bo‘ldim. Bir marta Rostovda yotib, yana frontga kirganimdan so‘ng oyog‘imga o‘q tegdi. Uyga ikki marta men o‘lganim haqida qoraxat borgan ekan. Ko‘p yaralanib 1945 yilning mart oylarida uyga qaytdim. Shundan so‘ng yangi hayotim boshlandi.

Qahramonimiz urushdan qaytgach avval kosibchilik qiladi. So‘ng pedtexnikumda, institutda o‘qib pedagoglik kasbini tanlaydi. U 42 yil mobaynida maktabda boshlang‘ich sinflarga dars bergan. Uning shogirdlarining son-sanog‘i yo‘q.

Yuz yoshga kirgan Umarali ota hali dadil. Uning aytishicha, urug‘ida yuz yoshdan oshganlar ko‘p bo‘lgan ekan.

«Farzandlarim yetti nafar. Ikki qiz, besh o‘g‘il. Nevara va chevaralar qirqdan oshiq. Hozir uch evaram ham bor.

Prezidentimiz juda katta g‘amxo‘rlik qilib har yili bizga katta-katta sovg‘alar beradi. Men uchun oziq-ovqatlarni har oyda olib kelib berishyapti. Kuni kecha 15 million so‘m mukofot berib ketishdi.

Urush yomon. Uning oqibatida O‘zbekistondan qanchadan qancha odam bedarak yo‘q bo‘lib ketdi. Bugungi hayotimiz juda ham zo‘r hayot. Dunyoda eng baxtli zamon desa bo‘ladi. Tinchlikning qadriga yetish kerak», deydi Umarali Otaboyev.

Elmurod Ermatov, Azizbek Ismoilov

Ko‘proq yangiliklar: