Prezident tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida 200 nafardan ortiq taniqli san’atkorlar va kino ijodkorlari ishtirokida joriy yilning 5 mayidan boshlab Qashqadaryo vohasi bo‘ylab turli targ‘ibot va tashviqot tadbirlari, ijodiy kechalar hamda jonli muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Vohadagi mahallalarda tashkil etilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar va konsert dasturlari har bir tuman (shahar)ning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda joylarda, ayniqsa, olis va chekka hududlarda ham milliy madaniyatimiz, san’atimiz va adabiyotimizni ommalashtirishga qaratilgan milliy filmlar namoyishi hamda madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.
Shunday ezgu ishlarni davom ettirish maqsadida 15 maygacha davom etadigan “Inson qadri uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ijodiy kechalar orqali 813 ta mahallalarni qamrab olish rejalashtirilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston xalq artistlari, taniqli yozuvchi va shoirlar, shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar, rejissyor va estrada xonandalari hamda aktyor-aktrisalar xalqimizga beminnat xizmat qilishmoqda.
Jumladan, tashrifning birinchi kunidayoq Prezident maslahatchisining o‘rinbosari Nodir Xolbo‘tayev (Nodir Jonuzoq) boshchiligida bir guruh ijodkorlar va viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yuldoshev rahbarligidagi mas’ullar voha markazidagi Qarshi sanatoriysiga tashrif buyurib, u yerda dam olayotgan nuroniy otaxon va onaxonlar bilan uchrashib, konsert dasturlari namoyish etishdi. Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida ijodkorlarning yana bir guruhi Yakkabog‘ tumanidagi "Saxovat" internet uyida bo‘lishib, o‘z ijodiy chiqishlari bilan barchaning ko‘ngliga mehr-saxovat ulashgan holda dillarga quvonch bag‘ishlashdi.
Mehmonlar nafaqat vohaning barcha mahallalarida, balki Qarshi shahri va Yakkabog‘ tumanidagi nuroniylar va mehribonlik uylarida, shuningdek, joylardagi oilaviy bolalar uylarida ham bo‘lishib, ularning hollaridan xabar olib, dildan suhbat qurishdi. Turli madaniy chiqishlar, el ardog‘idagi kino aktyorlari va xalq artistlari bilan muloqotlar nuroniylar va nogironligi bo‘lgan bolajonlar xotirasida mangu qoladigan dasturlar bo‘ldi.
Xususan, qadimiy va tarixiy Shahrisabz shahridagi “Oq saroy” majmuasida ochiq osmon ostida O‘zbekiston xalq artist G‘iyos Boytoyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aleksandr Bekjonov va boshqa bir qator san’at arboblari tomonidan shahar ahli hamda sayyohlar uchun jonli ravishda madaniy konsert dasturlari ijro etilib, shahardagi 20 sonli bolalar musiqa va san’at maktabida Kulollik, Zingiron, Qo‘shxona hamda Xabarlik mahallalari aholisi bilan davom ettirildi.
- Bizning xalqimiz san’atsevar xalq, mana shu oddiy, samimiy halol mehnat qilib bola-chaqasini boqayotgan insonlardir – deydi Aleksandr Bekjonov odamlarimiz kayfiyatidan ilhomlangan holda. – Xonadonlarga borganimizda o‘zlari o‘tirmagan ko‘rpachada o‘tqazishadi, so‘yilmagan qo‘yni so‘yishadi. Bu albatta xalqimizning mehmondo‘stigidan, bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibatidan va san’atga tashna ekanligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, 5 maydan olis mahallalarda ham “Avf”, “Ayol qalbi”, “Hayot afsunlari”, “Tutqunlik”, “Bir kunlik to‘y”, “101”, “Avloniy”, “Ilhaq”, “Matonat” hamda “Meros” kabi 15 dan ortiq milliy filmlar namoyishi boshlab yuborildi va unda bevosita kino qahramonlari hamda taniqli aktyor va aktrisalarning ishtirok etishi xalqimiz tomonidan qiziqish bilan kutib olinyapti.
Madaniy tadbirlar viloyatda 15 may kuniga qadar davom etadi
Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati Ⓣ