Qashqadaryoda kuchli sel Jiguli va Labo mashinalarini oqizib ketdi

Jamiyat 17:02 / 06.05.2022 13427

Ijtimoiy tarmoqlarda Dehqonobod tumani Tog‘aytemir mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi soyda kuchli sel kelib ikkita mashinani oqizib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati yuqoridagi holatlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Unda ma’lum qilinishicha, 2022 yil 5 may kuni soat 16:00 lar atrofida Dehqonobod tumani Tog‘aytemir mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi soyda kuchli sel kelishi kuzatilgan. Ammo ushbu selda mashinalar oqqani to‘g‘risida tuman FVB tuman qutqaruv bo‘limiga xabar kelib tushmagan.

Soha vakillari tomonidan voqea joyi o‘rganilganda Dehqonobod tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro A.O‘.ga tegishli davlat raqami 70 L 941 OA bo‘lgan VAZ 2106 Jiguli mashinasini sel oqizib ketgani ma’lum bo‘lgan.

Foto: Qashqadaryo viloyati FVB

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida butunlay yaroqsiz holga kelgan Jigulini mahalliy aholi yordami bilan seldan chiqarib olingan. Hodisada hech kim tan jarohati olmagan va aholi xonadonlariga zarar yetmagan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Tog‘aytemir mahallasi bo‘ylab oqqan selda Labo mashinasi va uning haydovchisi oqib ketgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Xabarda aytilishicha, bu bo‘yicha ham tuman va viloyat FVBga xabar kelib tushmagan.

Hodisa yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda va uning natijalari haqida xabar berilishi ma’lum qilingan.

2022 yil 3 may kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar Surxondaryo viloyatining bir qator hududlarida kuchli sellarni keltirib chiqardi. Sel yengil mashina va chorva mollarini oqizgan. Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli elektr liniyasi temir ustunini yiqitgandi.

“O‘zgidromet” 3-5 aprel kunlari yog‘ingarchilik oqibatida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Avvalroq, 2022 yil 20 aprel kuni yog‘gan yomg‘irlar Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlarida kuchli sellar kelishiga sabab bo‘lgan. Oqibatda, ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obektlari, ekin maydonlari sel oqimlaridan zararlangandi.

Forish tumanida 4 nafar fuqaro (1 nafar erkak, 3 nafar ayol) sel oqizib ketishi oqibatida halok bo‘lgan. Ushbu tumanda bir nechta qishloqni sel bosgan, xonadonlar suv ostida qolgan, mashinalarni suv oqizgandi.

Bundan tashqari, 5 may kuni tunda yog‘gan kuchli yomg‘ir Uzun tumani “Mustaqillikning 22 yilligi” MFYga qarashli Toshtepa qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi O‘rta ariq kanalida suv miqdori me’yoridan oshib ketgan. Oqibatda sel suvlari kanaldan toshib chiqib, unga yaqin joylashgan 40 ga yaqin aholi uylari, tomorqalari va Dehqon mahallasida 15 ta aholi tomorqalariga kirgan.

Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshtepa qishlog‘idagi 40 ta xonadonda yashovchi 230 dan ortiq fuqaro viloyat FVB, IIB, Milliy Gvardiya hamda viloyat hokimligi mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda tumanda joylashgan 19-sonli umumta’lim maktabiga vaqtinchalik ko‘chirib o‘tkazilgan.

Ko‘proq yangiliklar: