Rossiya futbol jamoalari yevrokuboklardan chetlatildi

Sport 08:09 / 03.05.2022 28454

«Rossiya klublari 2022/23 yilgi mavsumdagi UYeFA turnirlarida bo‘lmaydi», deya xabar qilgan UYeFA rasmiy sayti.

24 fevral kuni Rossiya harbiylari Ukraina hududiga bostirib kirgach, 28 fevral kuni rus klublari va milliy jamoa FIFA va UYeFA tomonidan joriy mavsumgi xalqaro turnirlardan chetlatilgan va Rossiyaga nisbatan turli sanksiyalar e’lon qilingan edi.

Qaror «keyingi xabarga qadar» formulirovkasi bilan qabul qilingan.

Championat.com nashrining yozishicha, Rossiya klublarini yevrokuboklardan, milliy jamoani - Yevropadagi turnirlardan chetlatish yakuniy qaror bo‘lmagani, yevropalik futbol amaldorlarida ikki variant bo‘lgan: milliy jamoa va klublarni keyingi mavsum uchun to‘liq chetlatish yoki chetlatish bo‘yicha qarorn keyingi qarorgacha uzaytirish.

Ikkinchi variant Rossiyaga Yevro yo‘llanmasi uchun kurashish imkoniyatini qoldirgan bo‘lardi. Ammo UYeFA amaldorlari qat’iyroq bo‘lgan birinchi variantni tanlashdi.

Shu tariqa, erkaklar milliy jamoasi nafaqat Millatlar ligasini o‘tkazib yuboradi, balki Yevro-2024 chempionati uchun saralash turnirida ham qatnasha olmaydi, saralash o‘yinlari 2023 yil martida boshlanadi. 

Futbol bo‘yicha Rossiya ayollar milliy jamoasi esa Yevro-2022dan chetlatilib, uning o‘rniga Portugaliya qit’a chempionatida qatnashadigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, Rossiya Premer-ligasi klublari 2022/23 yilgi mavsumda ham Chempionlar ligasi, Yevropa Ligasi va Konferensiyalar ligasida ishtirok eta olmaydi. Shuningdek, rus klublari mini-futbol bo‘yicha UYeFA bayrog‘i ostida o‘tadigan musobaqalarda ham qatnasha olmaydi. 

Qolaversa, Rossiya U21, yoshlar, o‘smirlar milliy jamoalari ham keyingi mavsum uchun xalqaro turnirlardan diskvalifikatsiya qilingan.

Bularga qo‘shimcha ravishda, Rossiyaning Yevro-2028 va Yevro-2032 turnirlarini mezbonligi borasida topshirgan arizasi ham UYeFA ijroqo‘mi tomonidan qabul qilinmaydi. 23 mart kuni Rossiya futbol ittifoqi prezidenti Aleksandr Dyukov Rossiya Yevro-2028 yoki Yevro-2032 turnirlaridan birini qabul qilish istagida ekanini ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: