«Issiqxona biznesi bilan 3 yildan beri shug‘ullanamiz. Boshida 2 ta issiqxona qildik. Bodring va pomidor ekib olgan daromadimizdan yana yoniga 3-issiqxonani tashkil qildik. 8 sotix yerimizga fevral oyi oxirida pomidor va bodring ekamiz. Oilaviy mehnat qilib ekib-pishirib shundan foyda olyapmiz.
Bu yil issiqxonaga qo‘shimcha daromad bo‘lsin deb limon ko‘chat ekdik. Limon ko‘chatlarimiz ko‘klab barg yozib qoldi.
3 yil avval issiqxonaning 2 sotixi 5 million so‘mdan qurilgan. Pomidor Yaratgan beradigan dehqonchilik, e’tiborli bo‘lib yaxshi qarasangiz 1 tup ko‘chatdan 4 kgdan 6 kggacha hosil beradi. O‘rtacha 20 milliondan ortiqroq daromad olamiz. Kuzda yana bo‘shagan joyga bodring va baqlajon ekamiz. Ulardan ham kamida 10 million so‘m foyda olinadi. Bir so‘z bilan aytganda 8 sotix issiqxonadan yiliga o‘rtacha 30 million daromad olsa bo‘ladi.
Bu ishga o‘zimiz qiziqqanimiz uchun ham mehnati ortiqcha bilinmaydi. Ertalab salqinda kirib bir qator shoxlarini ipga o‘rab suvini quyib, vitaminlar beriladi. Issiqxona usti ochiq bo‘lmagani uchun o‘simliklarga vitaminlar kam tushadi. Shuning uchun o‘simliklarga mikroelementlar sepiladi.
Issiqxonaning ortiqcha ishi yo‘q. Oilaviy qilsa bo‘ladigan ishlar. O‘zim do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlayman. Ertalabda ishga ketishdan avval 1 soat, ishdan kelib 1 soat o‘simliklarga qarayman», – deydi yosh tadbirkor Abdulla Homidov.
Yosh tadbirkorning ota-onasi davlat tashkilotida ishlaydi. Oila a’zolari ishdan bo‘sh vaqtlarida issiqxonada o‘simliklar birgalikda parvarish qilinadi. Abdulla Homidov yoshlarga issiqxona tashkil qilib qo‘shimcha daromad topishlarini tavsiya qiladi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Mirvohid Mirrahimov.