Kun.uz Ramazon hayiti bilan barchani muborakbod etadi!

Jamiyat 06:38 / 02.05.2022 9190

Kun.uz jamoasi jumla mo‘min-musulmonlarni ulug‘ ayyom – Ramazon hayiti bilan qutlaydi.

Mohi sharif – oylarning sultoni Ramazonda 30 kun mobaynida ro‘za tutildi, imkon qadar toat-ibodatda bo‘lindi, tarovih namozlari masjidlarda jamoat bilan ado etildi.

Vatanimiz musulmonlari uchun tarovih namozlari o‘zgacha shukuh bilan fayzli o‘tdi. Xatmonalar so‘ngida xayrli duolar qilindi.

Bugun Ramazonda qilingan xayrli ishlarga ulkan ajr-u savoblar beriladigan, ibodatlar qabul bo‘ladigan va gunohlar afv etiladigan kundir. Bu kunda qilingan xayrli duolar mustajob bo‘lishini Alloh taboraka va taolodan so‘rab qolamiz.

Qalblarimizdagi iymon yanada ziyoda bo‘lsin, xonadonlarimizdan qut-baraka arimasin, vatanimiz yanada obod, xalqimizning turmushi yanada farovon bo‘lsin!

Dunyoning qator mintaqalaridagi notinchliklar barham topsin! Butun yer yuzidagi mo‘min-musulmonlarni Allohning O‘zi qo‘llasin, mushkullarini oson qilsin!

Shirin kalom ulashish, mehr ko‘rsatish, ota-onalarimiz duosini olish, tabassum bilan muomalada bo‘lish kabi yuksak axloq namunalari mo‘min-musulmonning nafaqat ulug‘ ayyom kunlaridagi, balki kundalik hayotidagi ajralmas odobidir.

Alloh taolo Ramazon oyida qilgan ibodatlarimiz va tavbalarimizni qabul qilsin. Haq yo‘ldan adashtirmasin. Xayrli amallarimiz yil bo‘yi bardavom bo‘lishini nasib etsin, bu ishlarga O‘zi muvaffaq aylasin. Bilib-bilmay qilgan katta-yu kichik gunohlarimizni kechirsin!

Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!

Ko‘proq yangiliklar: