Davlat organlarida kadrlar bilan ishlash yo‘nalishida avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi

Jamiyat 07:46 / 02.05.2022 7498

Prezidentning “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Adliya vazirligi tizimida kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni va inson omilini minimallashtirishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgani bildirilgan.

Davlat boshqaruvi organlari kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarni, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni va inson omilini minimallashtirishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizimni 2023 yil 1 yanvarga qadar quyidagi talablar asosida joriy etadi:

  • vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektron shaklda amalga oshirish;
  • tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar ma’lumotlarini yagona elektron bazaga birlashtirgan holda axborotni to‘plash va ishlov berish;
  • kadr ish yurituvi hujjatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilish va yuritish;
  • xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash va masofaviy o‘qitish;
  • kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivini (HR–Data) yuritish.

Davlat boshqaruvi organlari kadrlar bilan ishlash bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish bo‘yicha sarf-xarajatlarni o‘z budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalari hisobidan amalga oshiradi.

Ko‘proq yangiliklar: