Kun.uz Yakkabog‘ning olis qishlog‘ida – og‘ir sharoitda yashab kelayotgan, kezi kelganda, matonati, sabri, sadoqati bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘la oladigan O‘rol Rahmonov xonadonida bo‘ldi.
Nargiza Ergasheva ayni vaqtda to‘rt nafar voyaga yetmagan bolaga onalik qilmoqda. Ular o‘zining farzandi emas, o‘gay nabiralar. Ammo Nargiza opa o‘gaylik qilmayapti, nabiram demayapti, bolam deb, qarayapti. O‘rol aka daladan kelgunicha Nargiza opa bilan suhbatimiz ularning turmush tarzi va o‘ziga xos tarixi haqida bo‘ldi.
Ayol bilan suhbatlashar ekanmiz, nima ish qilasiz, degan savolga “hech ish qilmayman” deb javob berdi. Ammo u qishloqda yashayotgan, davlat ishida bo‘lmagan ayolga bu savolni berishning o‘zi to‘g‘rimas, demadi. Chunki, kunlik ishlarini sanab berarkan, eng og‘ir yuk o‘zining gardanida ekanini angladik. U tinmaydi, non yopish, bolalar tarbiyasi, hovlidagi yumushlar, mol-holga qarashni ish demaydi. Bekorchiman, deya taassuf qiladi. Vaholanki, eng band odam u.
Nargiza opa oilani parokanda bo‘lib ketmasligi uchun jonbozlik ko‘rsatgan. O‘gay farzandlar bolalar uyiga qoldirib ketgan, sotmoqchi bo‘lgan to‘rt nabirani bag‘riga olgan. Yoshi o‘tib borayotgan turmush o‘rtog‘i O‘rol akaga dalda bo‘lgan. Nabiralarni begona qilmaymiz, o‘zimizga olamiz degan. Va bugun hayotining mazmuni shu nabiralari, o‘zining ta’biricha farzandlari.
O‘rol aka daladan qaytdi. U bugun nabiralarga ham ota. Mehnatdan, qo‘rqmaydi, qarilikni tan olmaydi, ishlasam deydi.
Bu ikki inson bilan suhbatlashar ekanmiz, bu taqdir ularga bekorga berilmaganiga amin bo‘ldik. Ular birdek o‘ylaydi, fikrlaydi. Sodda va halol bo‘lib, bolalarining yaxshi kunlariga umid qilib yashashadi. Bir-birini ayaydi, suyaydi.
Biz oila bilan suhbatlashganimizdan so‘ng ushbu xonadonga Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev borib, qahramonlarimiz holidan xabar olgani ma’lum qilindi.
Tan olish kerak, bugun ajrim ko‘paydi. Sinovlarda sinadigan oilalar ko‘p, nolishdan boshqani bilmaydiganlar sanoqsiz. Ro‘zg‘ordagi arzimas yo‘qchilik, kelishmovchilik sabab hammasidan voz kechadiganlar qancha. Ular Nargiza opadan sabrni, sadoqatni o‘rgansin. O‘rol akadan mehnatni, kengfe’llikni o‘rgansin.
Nargiza Ergashevaning oilasiga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lgan sahovatpesha insonlarning xohish-istaklarini inobatga olib, oilaning plastik karta ma’lumotlari havola qilinadi.
9860 0825 1554 5182 (karta Nargiza opaning turmush o‘rtog‘i O‘ral Rahmonovning nomida (Ural Rakhmonov))
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.