Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlangani haqida xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Guliston davlat universiteti talabasi D.R. fuqaro D.B.ni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 3 500 AQSh dollari evaziga ushbu universitetga o‘qishga kiritish qo‘yishni va’da qilib, shundan 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departament hamda DXXning Guliston tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.S. boshqa bir fuqaro S.E.ni Guliston davlat universitetdagi tanishlari orqali ushbu universitetning Jismoniy tarbiya fakultetining 2-bosqichidan o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 2 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.