O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 29 aprel kuni ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Yig‘ilishda aholining deyarli barcha ehtiyojmand qatlamlari va guruhlariga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ehtiyojmand yoshlar, yetim va nogiron bolalar muammosiga ham.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar rivojiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, borgan sari sobiq ittifoq tizimidan qolgan eskilik sarqitlaridan qutulib, rivojlangan davlat ish uslubiga yaqinlashib borilayotganining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Xususan, boquvchisini yo‘qotgan bolalar bilan ishlash tizimida ham shunday.
Tabiatan bolajon xalq bo‘lgan o‘zbeklarda bolalar uylari (Detdom) degan tushuncha mavjud bo‘lmagan. XX asrning boshlaridagi fuqarolar urushi davrida paydo bo‘lgan ma’lum miqdordagi yetim va daydi bolalarni tarbiyalash maqsadida dastlabki shunaqa muassasalar tashkil qilingan.
Keyinchalik, ikkinchi jahon urushi paytidagi evakuatsiya sababli bunday muassasalar soni keskin oshgan. 1941 yilda O‘zbekistondagi bolalar uylari 40 ta bo‘lib, 7166 nafar bola tarbiyalangan bo‘lsa, 1945 yil oxirida respublikada 267 ta bolalar uyi mavjud bo‘lib, ularda 30 792 nafar bola tarbiyalangan. Albatta, ushbu davrda oilalarga olingan bolalar soni ham juda ko‘p bo‘lgan, biroq statistika aynan ushbu davrda mamlakatda bolalar uylari soni aynan ushbu davrda keskin oshganini ko‘rsatadi.
Keyingi davrlarda bu ko‘rsatkichlar muntazam tushib keldi. Oxirgi yillarda mamlakatimizda 18 ta Mehribonlik uylari, 4 ta bolalar shaharchalari, 3 ta SOS-bolalar mahallari, 1 ta oilaviy bolalar uylari faoliyat yuritib kelayotgan edi. Sotsiologiyada bunaqa muassasalar «institutlashgan» degan so‘z bilan ataladi va bu muassasada tarbiyalanayotgan bolalar oilalardagi bolalardan keskin farqlanadi. Ular o‘zlariga xizmat ko‘rsatishning oddiy shakllarini ham bilmaydi. Sodda qilib aytganda, mening 6-7 yoshli bolam do‘konga chiqib, non sotib olib kela oladi va «do‘konchi opa» bergan qaytimni sanab olishni ham biladi, kerak bo‘lsa, so‘rab oladi. 10-12 yoshli o‘g‘lim yer ag‘darib daraxt ekish yoki qo‘y boqishni va shu orqali kelgusida o‘zini boqishning birlamchi ko‘nikmalarini hosil qilib boradi.
Institutlashgan muassasalarda esa bunaqa narsalar o‘rgatilmaydi, bolalarning kiyimlari yuvilgan, dazmollangan, tayyor bo‘ladi. Hatto oshxonada ovqati va choyi stolda tayyor kutib turgan bo‘ladi. Endi bunaqa muassasada tarbiyalangan va voyaga yetib, katta hayotga qadam qo‘ygan bolalarning holatini tasavvur qiling (so‘nggi 10 yilda «Mehribonlik uylari» va «Bolalar shaharchalari»ni uy-joyga muhtoj 1 ming 188 nafar bitiruvchilaridan 610 nafariga yoki 51 foiziga uy-joy ajratilgan. Shuningdek, «Mehribonlik uylari» bitiruvchilarining atigi 1,6 ming nafari yoki 64 foizi ish bilan ta’minlangan). Aksariyati hayotiy ko‘nikmalari yo‘qligi sababli o‘zlari qonunbuzar yoki qonunbuzuvchilar qo‘lida qo‘g‘irchoqqa aylanib qolar edi.
Rivojlangan davlatlar tajribasiga e’tibor qaratilsa, butun boshli Buyuk Britaniyada 1 dona bolalar uyi mavjud bo‘lib, unda ham 40-50 nafar atrofidagi ashaddiy jinoyatchi, tartibbuzar bolalar saqlanar ekan. Xalq tilida «detkoloniya» deb ataladigan bunday muassasalar aholisi qariyb ikki barobar kam bo‘lgan O‘zbekistonda 3 ta bo‘lgan. Bu davlatlarda ham turli sabablar bilan ota-onasidan mahrum bo‘lib qoladigan bolalar bor. Bo‘lganda ham bizdagidan bir necha barobar ko‘p. Biroq, bu bolalar to‘liq oilalarga yoki «muqobil» shakldagi oilalarga joylashtiriladi. Xususan, deyarli barcha rivojlangan davlatlarda Foster oila degan tushuncha mavjud. Bu oilalardagi ota-onalar maxsus bilimlarga ega va doimiy malaka oshirishdan o‘tib turuvchi professional ota-onalar bo‘lib, boquvchisini yo‘qotgan bolalar shartnoma asosida ushbu oilalarga joylashtiriladi va davlatning to‘liq nazorati ostida, professional tayyorgarlikdan o‘tgan ota-ona qaramog‘ida tarbiyalanadi.
O‘zbekistonda ham mana shunga o‘xshash tizimlarni joriy qilish lozim edi va prezident tomonidan 2021 yil 9 avgustda qabul qilingan «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ushbu yo‘ldagi dastlabki qadam bo‘ldi. Bu borada katta islohotlar qilinishi allaqachonlar lozim edi va bu mas’uliyatni Shavkat Mirziyoyev o‘z zimmasiga oldi.
O‘zbekistonda yetim va boquvchisini yo‘qotgan bolalar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim deb o‘ylayman:
- Oilalarga bolalarni joylashtirishda, o‘z farzandlari bo‘lmasa 4-5 tagacha, oilaning o‘z farzandlari bo‘lsa, 2-3 tagacha berish lozim. Undan ko‘p bolani tarbiyalashga uncha-buncha odamning kuchi ham, salohiyati ham yetmaydi. Bunda aka-uka va opa-singillarning bir oilaga joylashtirilishiga alohida e’tibor qaratish lozim;
- Professional ota-onalarni birlashtiruvchi Foster oilalar tizimini vujudga keltirish lozim. Ota-onalar pedagogika va ijtimoiy ish sohalarida tahsil olgan bakalavrlar orasidan tanlab olinishi hamda doimiy ravishda ushbu yo‘nalishda malaka oshirib borishlari lozim;
- O‘zbekistonda zamonaviy ijtimoiy ish xodimlari tayyorlashni yanada kengaytirish, aholining ehtiyojmand qatlamlari bilan, ayniqsa voyaga yetmagan bolalar bilan ishlayotgan barcha tizimlarning shtatlar jadvaliga muvofiq «Ijtimoiy ish xodimi» diplomiga ega shaxslar ishlashlari lozim bo‘lgan shtat birliklarini kiritish kerak.
Umumiy xulosa sifatida shuni aytish lozimki, ulug‘ ayyom kunlarida mamlakat rahbarining eng katta qilgan savob ishlaridan biri –videoselektorda ko‘tarilgan masalalar – aholi ehtiyojmand qatlamlariga, ayniqsa yetim bolalarga alohida e’tibor qaratilayotgani juda quvonarli holdir.
A.Yunusov