Shahrixondagi jinchiroqlar hamon porlamadi. Ko‘zbo‘yama videohisobot kimga kerak edi?

Jamiyat 17:15 / 30.04.2022 20163

“Biz borgan mahallalarda chiroq yo‘q emas, bor, lekin uning kuchi ba’zan televizorni yoqishga ham yetmaydi. Tabiiyki, simyog‘ochlarning holati ham shunga yarasha. Kuchlanish pastligidan elektr jihozlari kuyadi, asablar taranglashadi, mas’ullarning qishgacha degan va’dalari muddati yana cho‘ziladi...”

Besh oy oldin “Yana jinchiroqda qish o‘tkazamizmi?” sarlavhasi ostida e’lon qilgan maqolamizni yuqoridagi satrlar bilan boshlagan edik. Unda Andijonning Shahrixon tumanidagi Barkamol avlod mahallasida elektr ta’minoti ayanchli holda ekani haqida hikoya qilgandik.

Maqola e’lon qilingach, ertasiga “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” mutasaddilari mahallaga yetib kelib, muammoni hal etishga urina boshlashadi. Korxonaning rasmiy Telegram-kanalida “Endi jinchiroqlar porlay boshladi” sarlavhasi ostida videomaqola chiqariladi.

Shahrixon elektrchilari rahbari Tohirjon Yoqubov: “O‘n kun ichida muammolar hal etiladi. Yangi yil kuni porlagan chiroqda o‘tirasizlar”, deya quyuq va’da bergan. Uning gapiga ishongan aholi o‘sha kuni qarsakning zo‘rini chalgan edi. Biroq oradan 5 oy o‘tib, barkamol avlodliklar yana beto‘xtov qo‘ng‘iroq qilishini qo‘yishmadi. Biz yana o‘sha mahallaga bordik.

Afsuski, mahallaga hali mutasaddi aytgan yangi yil kelmabdi. Elektrchilar uch kundan so‘ng ishni chala tashlab ketishgan ekan.

“Yangi yil”ni kutib yuribmiz”

Mahallaga borganimizda bizni 50 chog‘li erkak va ayollar kutib turgan ekan. Ularni uzoq tinglashimizga to‘g‘ri keldi.

“O‘tgan yilning dekabr oyida kelib ketganinglardan so‘ng, elektrchilar kelib ish boshlashdi. Beton tayanchlar o‘rnatib sim tortishdi. Bitta ko‘chamizda jadal ish ketdi. O‘zlarining matbuot xizmati kelib, bizdan intervyu ham oldi. Biz suyunganimizdan rosa gapirib ham berdik. Shahrixon elektr tarmoqlari boshlig‘i: “O‘n kunda ish tugaydi, yangi yilga chiroqlar yonadi”, desa ishonibmiz. Qaysi yangi yil ekanini aytishmagan ekan. S’yomkalar tugagach, ketishdi. Qaytib ularni ko‘rmadik.

Tinimsiz telefon qilaverib zada bo‘ldik. “Erta bo‘ladi, indin bo‘ladi” deyishadi xolos. Hatto televizor ko‘ra olmaymiz: tok pastligidan yonmaydi”, – deydi Erkinboy Mahmudov.

Erkinboyning xonadoniga kirdik. Haqiqatda tok kuchi shu darajada pastki, televizordagi tasvir bijir-bijir bo‘lib, tasvir aniq ko‘rinmas ekan.

Ayollarning elektr mojarosidan fig‘oni falakda ekan. Axir ular uchun olingan – kir yuvadigan mashina, sovitgich, dazmol kabi uy jihozlari elektrda ishlaydi-da.

“Nega elektrchilar ishni boshlab chala holda tashlab ketishdi, tushunmay qoldik. Elektrchilar o‘n kun ishlashdi.

O‘n kunda chiroqlarimiz porlab yonishiga va’dani quyuq berishgandi. Ikkita ko‘chaga simyog‘och o‘rnatgach, qaytib kelishmadi. Tinimsiz murojaat qilib yuribmiz. Befoyda. Kir mashina, “duxovka”, dazmol ishlamasa, biz ayollarga qiyin. Va’dalar qani? Nega bajarilmaydigan bo‘lsa va’da berishadi? Qayerga murojaat qilishni ham bilmayapmiz”, deydi Mahfuza Tillayeva.

Ra’no Mamajonova, Nargiza Abdullayevalar elektrchilar muammolarni yangi yilgacha hal qilamiz deya hammani ishontirib, so‘zlarini ustidan chiqmaganini ta’kidlashdi. O‘shanda olib kelib o‘rnatilgan transformatorga sim ulanmay, kabellarni kutib turibdi.

“Viloyat va tuman hokimlarini yuzini tanimaymiz. Sababi televizorimiz tok pastligidan ko‘rsatmaydi. Yana qancha shu ahvolda yashaymiz, boshimiz qotgan”, –deydi ular.

Xonadonlarga kirib chiroqlarni yoqib ko‘rdik. Ahvol juda og‘ir edi. Dazmol, muzlatgichsiz bugungi kunda yashashning o‘zi qiyin. Barkamol avlod mahallasi ahli esa zamonaviy texnikadan foydalanmay yashash mumkinligini isbotlay olganlardan. Ayniqsa, dars tayyorlovchi o‘quvchilarga qiyin ekan.

Bu safar “Hududiy elektr tarmoqlari”mutasaddilaridan izoh so‘ramadik. Sababi, bajarilmaydigan va’da berilgani bilan naf yo‘q. Beamal va’dalar ortidan shahrixonliklar bu qishni ham jinchiroqda o‘tkazishmasa bo‘lgani...

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Ko‘proq yangiliklar: