Hayotiy hikoya: Otasining vasiyatini bajarmagan farzandning nadomatlari

Jamiyat 16:42 / 30.04.2022 33808

Bu kechmishni so‘zlab bergan insonni qanday qilib yupatishni bilmasdim. U boshidan kechirgan voqealar boshqalarga ham ibrat bo‘lar, degan niyatda qog‘ozga tushirdim.

«Mendan keyin otangizni uylantirib qo‘ying»

Oilada uch o‘g‘il, uch qiz edik. Men oilada to‘ng‘ichi edim. Ulg‘ayib, voyaga yetgach, singillarimni uzatdik. Men va ukalarim navbati bilan uylandik. Yashab turgan uyimizni otam bir paytlar ikki qavatli, xonalarini ko‘p qilib qurgan edi. Men bilan o‘rtancha ukam oilamiz bilan shu yerda yashayverdik. Kenja ukam uylangach biroz biz bilan birga yashadi-da, so‘ng ota-onamning ruxsati bilan tuman markazidagi hovlimizga ko‘chib ketishdi.

Bu orada farzandlarimiz tug‘ilib, ulg‘aya boshlashdi va endi hovli ming katta bo‘lmasin, ikki aka-ukaga torlik qilishini tushunib yetdik. Oilaviy maslahatdan keyin ukam hovlimizning yonidagi yerga alohida uy-joy qurib chiqadigan, men esa ota hovlida qoladigan bo‘ldim. Ukam bahorda qurilishni boshlab uyni bitirdi va kuzgacha alohida bo‘lib chiqib ketdi.

Bu orada onam betob bo‘lib qoldi. Do‘xtirlar onamga dahshatli kasallik – saraton tashxisini qo‘yishdi. Shundan so‘ng onam uncha uzoq yashamadi, kasallik uni yengib qo‘ydi: bizlarni kuydirib, ayni farzandlar va nabiralar rohatini ko‘radigan yoshda vafot etdi.

Onam vafotidan avval biz farzandlarni to‘plab ancha nasihat qildi. «O‘zlaringni ehtiyot qilinglar», «Bolalaringga yaxshi qaranglar», qabilidagi gaplardan so‘ng: «Otangizni avaylab ehtiyotlanglar, parvarish qilinglar. Men o‘tganimdan keyin uzoq kuttirmasdan uylantirib qo‘yinglar. Kelin va uzatilib ketgan qiz otaga umr yo‘ldoshday qaray olmaydi. «Ota rozi, Xudo rozi», degan gap bor. Otangizni xafa qilmanglar. Uning dilini og‘ritib Xudoning qahrini keltirmanglar», deb nasihat qildi. Oradan bir necha kuni o‘tib onam jon berdi. Biz farzandlar bo‘zlab qolaverdik...

Onamning ma’rakalari tugab, oradan ikki-uch oy o‘tib otamni uylantirish uchun boshi ochiq ayollarni so‘rab surishtira boshladik. Ammo biz xohlaganday ayol hadeganda uchrayvermadi. Biz otamga yoshi kattaroq yoki yoshroq bo‘lsa ham tug‘maydigan ayol qidirayotgan edik. O‘shanda biz farzandlar otamizning yoshroq, hali tug‘a oladigan ayolga uylanib, yana farzand ko‘rishini xohlamayotgandik.

Chunki qiz farzand ko‘rishsa, u ulg‘ayguncha otamiz qarib munkillab qoladi: qizni uzatish tashvishi bizning boshimizga tushadi. Agar o‘g‘il farzand ko‘rishsa, ulg‘aygach men yashayotgan hovlimni unga bo‘shatib berib, o‘zim yangi hovli qilib chiqishim kerak bo‘ladi. Men esa buni mutlaqo istamayotgan edim. Ukalarim va singillarim ham aynan shu fikrda edi.

Bizni norozi qilgan qaror

Otamga mos ayolni topish uchun qilgan harakatlarimiz behuda ketdi. Rosa qidirganimizdan keyin aniq bo‘ldiki, biz qidirganday yosh bo‘lsa-da tug‘maydigan, keksaroq yoshdagilardan boshi ochiq ayollar bu muzofotlarda umuman yo‘q ekan. Axiyri otamning do‘sti uzoq qarindoshlari orasidan bir ayolni topdi. Ammo juvonning yoshi o‘ttizlarda, sog‘lom va yosh edi. Oila qurgach, eri nashavand bo‘lgani uchun farzand ko‘rishga ulgurmasdan tezda ajrashib ketgan, o‘shandan buyon turmushga chiqmay yurgan ekan.

Aytishlaricha, ayolga yoshroq yolg‘iz erkaklardan talabgor chiqmagan. Yoshi keksalarga turmushga chiqishni hohlamagan, shu sababli uyda o‘tirib qolib ketavergan. Kutilmaganda, ayol otamga tegishga rozi bo‘libdi.

Bizga juvonning yoshgina ekanligi ma’qul kelmadi. Otamizning unga uylanmoqchi bo‘layotgani, ayolning ham rozi bo‘lganini eshitib, biz farzandlar yig‘ilib, o‘zimizcha otamizga nasihat qildik. Hali shoshilmay turishini, yoshi keksaroq yoki tug‘a olmaydigan ayol albatta topilishini aytdik. Ammo otamning qarori qat’iy edi. Biz harchand urinmaylik, otamizni o‘sha ayolga uylanishdan qaytara olmadik.

Otam hammamizga eshittirib, o‘sha ayolga albatta uylanishini, bundan uni hech kim va hech narsa qaytara olmasligini ma’lum qildi. Ikkita ukamga-ku uncha bilinmas, ular alohida yashashadi. Otamning bu qarori meni og‘ir holatga tushirib qo‘ydi. Otam farzand ko‘rsa eng og‘ir yuk menga tushadi, deb vahimaga tusha boshladim.

Men gumroh o‘shanda Alloh har bir bandasini rizqi bilan yaratishini, bir banda ikkinchiga rizq bera olmasligini o‘ylamabman ham. Vaholanki, savdo ishlari bilan shug‘ullanardim va xohlasam alohida uy qilib chiqib ketishim ham mumkin edi. Ammo o‘shanda mening aqlim va nafsimni shayton egallagan, qalbimni esa zang qoplagan edi.

Nihoyat otam o‘sha ayolga uylandi. Shu ondan boshlab xotinim ikkalamizning halovatimiz butunlay yo‘qoldi. Men ishim yuzasidan kuni bilan uyda bo‘lmasdim. Ayniqsa xotinimning hayoti tahlika va azobda o‘tayotgandi va kechki payt uning diydiyolarini eshitishga majbur edim. Xotinim va men «otam yana farzand ko‘ra olmasin», deb tinimsiz Xudoga nola qilardik.

O‘z otamga zulm qildim

Lekin biz qo‘rqqan narsa sodir bo‘ldi. O‘gay onamiz homilador bo‘ldi. Shundan so‘ng xotinim ikkalamizning yegan-ichganimizda tamomila halovat qolmadi. Endi nima bo‘ladi, deb ikkimiz ham bosh changallab qoldik.

Xotinim endi o‘gay onamni hadeb turtkilaydigan bo‘ldi. Ahvol shu darajaga yetdiki, otam «xotinim qarovsiz qolsa kelinim biron zarar yetkazmasin» deb, homilador xotinining oldidan hech qayerga chiqmay qo‘ydi. O‘rtoqlarining yig‘inlariga, mahalladagi to‘y-ma’rakalarga bora olmay qoldi.

Buning asl sababini bilmagan o‘rtoqlari otamni ko‘rib qolishganda «Ha, yoshiga uylanib ko‘chaga ham chiqa olmay qoldingmi?» deb hazillashishar, izza qilishardi. Ular otam homilador xotinidan xavotirlanib doim uyda o‘tirishini bilishmasdi.

Shu orada ikki-uch marta otam bilan bahslashib ham oldik. Otam menga: «O‘g‘lim, xotiningni biroz yig‘ib ol», dedi. Men esa unga qarshi borib, umrimda ko‘ziga tik qaramagan otamga: «O‘zingiz ham xotinchangizni yig‘ib oling», deb gap qaytardim. Otam mendan qattiq xafa bo‘ldi.

Oradan kunlar o‘tib, o‘gay onamiz egiz farzandlar tug‘di: o‘g‘il va qiz. Otam yana farzandli bo‘lganidan nihoyatda xursand edi. Men bilan xotinimning ichiga esa chiroq yoqsa yorishmasdi. Ukalarim tug‘ilgandan keyin otam hatto hovlidan birrovga ham chiqmaydigan bo‘ldi. Otamning ham, bizning ham holatimiz juda asabiy edi.

Bu orada xotinim qozon-o‘chog‘ini ham alohida qilib oldi. Otam ro‘zg‘orga kerakli narsalarni ukamning bolalariga buyurib olib keltirardi. O‘zi esa o‘gay onam va bolalarini yolg‘iz qoldirib chiqishni hohlamasdi.

Hozir o‘sha paytlarni eslasam, o‘zimdan nafratlanib ketaman. Otam va o‘gay onamga shuncha zulm o‘tkazibmiz-u, ammo ular bu haqda hech kimga lom-lim deyishmabdi.

Ikkinchi ukam va uning xotini zimdan biz taraf edi. Shu uchun ham ular otamga yordam berishmas, holidan ancha-munchada xabar olishmas edi.

Ro‘zg‘orimiz alohida bo‘lganidan keyin endi otamni ba’zida ovqat pishirayotgani yoki kiyimlarini o‘zi yuvayotganiga ko‘zim tushib qolardi. Men o‘shanda gapimizga kirmay, farzand ko‘rgan otam shu jazolarga loyiq, deb hisoblar edim.

Armonda ketgan otam

Shu tarzda oradan uch yil o‘tdi. Ukalarimning tili chiqdi, oyoqqa turib, yurib ketishdi. Endi otam ularni ko‘chaga olib chiqadigan, aylantirib keladigan bo‘ldi. Men va xotinim esa bu holatni ko‘rib battar asabiylashardik. Ammo otamning xursand ko‘rinishi ham yuzaki ekan. Mazasi bo‘lmay yotib qoldi.

So‘nggi uch yillik asabiy hayot otamning yuragini kemirib bo‘lgan ekan: u biroz muddat betob bo‘lib yotgach, to‘satdan vafot etdi. Otam jon berayotganida men yonida ham emasdim. Keyin bilsam, ukalarim ham yonida bo‘lishmagan.

Otamning yonida uni ko‘rishga kelgan singlisi bo‘lgan, xolos. Otam o‘z vasiyatini ham shu ammamga aytibdi.

Janoza va undan keyingi aza ma’rakalarida hech narsa bo‘lmaganday «kuyunib» o‘tiraverdim. Shunday kunlarning birida ammam hammamizni yig‘ib, otamning so‘nggi vasiyatidan gap ochdi.

«Jiyanlarim, akamning omonat gapi, kattalaring shu hovlida qoladi. Ammo aka-ukalar birgalashib onangga va ukalaringga (ammam shu yerda o‘gay so‘zini ishlatmadi) qirdagi bog‘ni boshidan ikkita xonali bo‘lsa ham uy solib, sharoitini to‘g‘irlab berasizlar. Bunda har biring holingga qarab hissa qo‘shasan. Keyinchalik ham ularni yolg‘izlatib qo‘ymay, ularning hollaridan xabar olib, yordam berib turasizlar. Yana, o‘sha qirdagi uzumzor bog‘dan bir qismini unga berasizlar. Akamning vasiyatlari shu», – dedi.

Otam «holingga qarab hissa qo‘shasan», deganda hoynahoy meni nazarda tutgan. Chunki ukalarimga nisbatan mening iqtisodiy holatim yaxshi ekanini bilardi. Yo shu gapni ammamni o‘zi qo‘shganmikin?! O‘shanda hatto otamning vasiyatidan ham gumonga bordim.

Ukalarim ammamning gaplarini indamay eshitishdi, ammo xayollaridan nimalar o‘tayotgani menga qorong‘i edi. Men esa otam vasiyat qilgan ishlarning birortasini ham qilmayman, deb o‘ylayotgandim.

O‘gay onamizni va farzandlarini ko‘chaga haydadik

Otamning vafotidan keyin xotinim va mening o‘gay onamga bo‘lgan zug‘umlarimiz oshkora va shiddatli bo‘la boshladi.

Qirdagi bog‘dan uy qurib berish, keyinchalik ahvolidan xabardor bo‘lib yordam berish uyoqda tursin, biz ochiqchasiga o‘gay onamiz oldiga «bolalaringni olib, kelgan joyingga yo‘qol» deya talab qo‘ya boshladik.

O‘gay onamiz o‘shanda: «Mayli, uy ham, yer ham, yordam ham kerakmas, ishlab bolalarimni o‘zim boqaman. Faqat bolalarim sal ulg‘ayib, o‘zlarini o‘nglab olgunicha muhlat beringlar, keyin o‘zim ketaman», deb rosa yalindi.

Ammo bizning ko‘zimiz ko‘r, qulog‘imiz kar edi.

Axiyri uni yosh bolalari bilan uydan haydab chiqardik. Ammo u ota hovlisiga qaytib bordimi yoki boshqa yoqlarga ketdimi, bunisi bizga noma’lumligicha qoldi.

O‘shanda «nihoyat, qulog‘imiz tinchidi, tashvishlardan qutuldik», deb o‘yladim. Ammo tashvishlar endi boshlanishi, Yaratgan meni ko‘p og‘ir sinovlarga ro‘para qilishini bilmagan ekanman.

So‘nggi pushaymon

Sinovlarning birinchisi qo‘limdagi davlatimdan bir zumda mosuvo bo‘lishim – bir firibgarga chuv tushib, oqibatda katta miqdorda qarz bo‘lib qolishim bilan boshlandi.

Men qarz bo‘lgan odam pulini qistayvergach, noilojlikdan unga o‘zim yashab turgan ota hovlimni hisoblab olishini va oshgan mablag‘ni berishini taklif qildim. Ammo u ko‘nmadi. Oxiri uy-joy va hovlini sotishim haqida mahallaga e’lon berishga majbur bo‘ldim. Xaridor ham tezda topildi.

Uyni sotib, qarzimni to‘ladim. Qarzdan ortgan ozroq pulga otam ukalaringga uy qurib ber degan qirdagi bog‘imizda o‘zim va bolalarim uchun ikki xonali uy qurib, ko‘chib bordim.

Ikkinchi sinovga savdo do‘konimdan ayrilib, «bankrot bo‘lgan» degan ro‘yxatga tushib, barchaning ishonchini yo‘qotganimda duch keldim.

Uchinchi sinovga o‘zimning ham, xotinim va bolalarimning ham boshi turli dardlardan arimay qolganda duch keldim.

Shunda onamning: «Otangni uylantiringlar, uni og‘rintirmanglar, «Ota rozi, Xudo rozi» deyishgan» degan vasiyati, otamning: «Ukalaringga qaranglar, ular bilan qonlaring bir» deb qilgan vasiyatlarini esladim. Shunda ko‘zim moshday ochildi va qanchalik yovuzlashib ketganimizni, qilgan ishlarimiz faqat va faqat gunoh bo‘lganini, ota-onamga va Yaratganga osiylik qilganimni tushunib yetdim.

Zudlik bilan o‘gay onam va ukalarimni izlay boshladim. Avval o‘gay onamni ota hovlisiga qidirib bordim. Ammo ular meni xushlamay kutib olishdi va o‘gay onam qayerda ekanini aytishni istashmadi. Astoydil yig‘lasa so‘qir ko‘zdan ham yosh chiqadi, deyishganiday men o‘gay onamning yaqinlariga qilgan ishlarimdan afsusda ekanimni, astoydil tavba qilganimni aytdim.

Shunda ular menga o‘gay onam yana turmushga chiqqanini va ukalarimni ham olib ketganini aytishdi va ularni bezovta qilmasligimizni so‘rashdi. Men ularga o‘gay onamdan kechirim so‘rash va ukalarimni holidan xabar olib turish uchun qidirayotganimni aytdim. Menga ishonib-ishonmay, baribir o‘gay onamning manzilini berishdi.

O‘gay onam qo‘shni tumandagi farzandi yo‘q bir kishiga turmushga chiqqan ekan. Qidirib borganimda dastlab meni ko‘rib qo‘rqib ketdi. Shunda men unga qilgan zulmlarimdan afsusdaligimni aytib kechirim so‘radim. O‘gay onam «kechirdim» dedi, ammo bu gapni chin ko‘ngildan aytdimi yoki meni yupatish uchun aytdimi bilolmadim. Singilcham va ukam meni tanishdi, ammo o‘rtada baribir ko‘rinmas chegara bor edi.

Ha, bu vaqtga kelib, Yaratgan qalbimning zangini ketkazgan, namoz o‘qishni o‘rgangan edim. Juma ma’ruzalaridan dinimizda ota-onaning hurmatini joyiga qo‘yish, ularni parvarish qilish, e’zozlash muhim va savobi ulug‘ ishlardan ekanini bildim, ammo... endi kech bo‘lgandi.

Bo‘lib o‘tgan voqealardan nihoyatda afsusda edim. Biroq endi vaziyatni to‘g‘irlay olmasdim. Men-ku, ota-onamga va Yaratganga osiy bo‘ldim. Endi bor umidim Yaratganning rahmatidan, marhamatidan.

Xohlardimki, boshqalar men qilgan xatolarni takrorlamasa, ota-onasini hali tirikligida boshida ko‘tarsa, ular hayoti dunyodan o‘tib ketishgach, vasiyatlarini amalga oshirsa.

G‘ayrat Yo‘ldosh yozib oldi.

Ko‘proq yangiliklar: