“Innoprom-Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi “Digital Holding” kompaniyasi bilan O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatini raqamlashtirish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.
Memorandum ikki tashkilot o‘rtasida mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatini raqamlashtirish uchun zamonaviy dasturiy ta’minot va texnologik yechimlardan foydalanish borasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Hujjat Uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lgan barcha soha va jarayonlarni kompleks raqamlashtirish va avtomatlashtirish loyihalarini qamrab olgan.
Shuningdek, “Digital Holding” raqamlashtirish sohasida jahon tajribasini o‘zida jamlagan maslahat yordamini ko‘rsatadi. Xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini qo‘llagan xolda charm-poyabzal sanoatida me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish va yangilashga ko‘maklashadi.
“Digital Holding” Rossiyaning “MegaFon” va “USM” kompaniyalari hamda O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi qo‘shma korxonadir. Kompaniya tarkibiga “Ucell” aloqa operatori, “New Solutions” (sobiq ICS Holding Uzbekistan) va “CRPT Turon” kiradi. Kompaniya O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning sifatini oshirish, xalqaro standartlarga mos raqamli infratuzilmani shaklantirishga ko‘maklashadi. Shuningdek, faoliyat yo‘nalishi ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, ayrim turdagi tovarlar harakatini nazorat qilish va raqamli yorliqlash bo‘lgan sohalariga ilg‘or texnologiya va tizimlarni joriy etishga qaratilgan.