Xushnud Xudoyberdiyev o‘zini “Boriga baraka” o‘yinida sinab ko‘rdi. 2-raundda “qovun tushirgan” Jobir Ahmedov jamoasiga “vabank”da omad kulib boqmadi 

Jamiyat 18:54 / 27.04.2022 20249

22 aprel kuni “Zakovat” teleo‘yini bahorgi mavsumining ikkinchi o‘yini bo‘lib o‘tdi. O‘yin stolidan esa “Zakovat” klubining eng tajribali jamoalaridan biri – Jobir Axmedov jamoasi o‘rin oldi. Aloqachi, tilshunos, faylafus, huquqshunos, turizm eksperti va shifokordan tashkil topgan bu universal jamoa muxlislari juda ko‘p.

Jamoa a’zolari:

Jobir Ahmedov - shifokor (jamoa sardori);

Xushnud Xudoyberdiyev - huquqshunos;

Rushana Rajabova - filolog;

Temur Mirzayev - turizm eksperti;

Xayotilla Rahmonov - aloqachi;

Umid Narimov - faylasuf. 

1-raundda Estoniyadagi ramziy qabr haqidagi rasmli savolda jamoa to‘g‘ri yo‘nalish olib, muhokamani yaxshi olib borgan bo‘lsa-da, to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi. Hisob– 0:1 muxlislar foydasiga.

Jamoa motivatori Xushnudbek Xudoyberdiyev sheriklarini ruhlantirdi.

2-raundda Londonda tahsil olayotgan o‘zbek talabasining savoli bir qarashda oddiy tuyulsa-da, negadir bilimdonlar bu savolni ham topa olishmadi – jamoada to‘g‘ri variant bo‘lganiga qaramay, biroz murakkabroq boshqa variant tanlandi. O‘zlarining ta’biri bilan aytganda “qovun tushirildi”. Hisob –0:2.

3-raundda ham avvalgi raund ssenariysi takrorlandi. To‘g‘ri variant o‘rniga boshqasi berib yuborildi. Hisob – 0:3.

Hisob 0:3 bo‘lishi jamoani biroz sarosimaga soldi. Ammo Xushnudbek Xudoyberdiyev jamoadoshlarini xotirjamlikka chaqirib turdi.

Nihoyat, 4-raundga kelib jamoa o‘ziga kelganday bo‘ldi. Qizg‘in muhokamadan so‘ng qiziqarli savolga to‘g‘ri javob berildi. Hisob – 1:3.

Ko‘tarinki kayfiyat bilan boshlangan 5-raund savoli Kanada qora ayiqlarining mo‘ynasi haqida bo‘ldi. Turlicha variantlar berilgan bo‘lsa-da, jamoa sardori dastlabki raundlardagi xatosini takrorlamadi va to‘g‘ri variantni tanlay oldi. Hisob – 2:3.

6-raundda qora yumorga usta bo‘lgan Anvar Obidjon asaridan tuzilgan savol bilimdonlarga ro‘para bo‘ldi. Anvar Obidjon asaridagi personaj kasbini topish talab etilgan hazil savol va unga berilgan to‘g‘ri javob bilimdonlarning kayfiyatini ko‘tardi. Tarozi pallalari tenglashdi – 3:3.

7-raund savoli Alisher Navoiyning “Xamsa”si va “Alisher Navoiy” metro bekati haqida bo‘ldi. O‘z varianti to‘g‘riligiga ishonib yuborgan jamoa boshqa variantlar izlashga tirishmadi. To‘g‘ri javob yangragach, jamoa savol falsafasiga yetib bormagani oydinlashdi. Ajoyib savol va hisob – 3:4.

8-raund. Navoiylik muxlisning Venetsiyadagi ofitsiantlar nega to‘pponcha bilan qurollanishi haqidagi savoliga bilimdonlar osonlik bilan javob topdi. Hisob yana tenglashdi – 4:4.

9-raundda ham yana bir ajoyib savol o‘ynaldi. Navbatdagi jumboqli savol qaroqchilarning o‘ljani bo‘lib olishi haqida bo‘ldi. Ushbu savolga Xushnud Xudoyberdiyev noto‘g‘ri variantni berib bo‘lganidan keyingina jamoada to‘g‘ri javob yangrab qoldi. Eh, attang. Bilimdonlarga yana ozgina vaqt berilganda bu savolni ham olgan bo‘lisharmidi... Mayli, turli farazlarga berilmaymiz. Hozircha hisob: 4:5.

10-raundda Alisher Navoiy qalamiga mansub misralardan tuzilgan chiroyli savol o‘ynaldi. Ozodalikni targ‘ib qiluvchi she’riy topishmoqda bilimdonlar to‘g‘ri variant chiqmaguncha izlanishdi. Bu raundda ham faollik ko‘rsatgan Xushnudbek Xudoyberdiyev to‘g‘ri javobga yetib bora oldi va hisob uchinchi bor tenglashdi – 5:5. Tasavvurni ishga soladigan ajoyib savol!

6:5 hisobida g‘alaba qozongan taqdirida ham bu hisob bilan finalga chiqolmasligini tushunib yetgan jamoa tavakkalchilikka qo‘l urishga majbur bo‘ldi.

Jamoa sardori “vabank” (“boriga baraka”) o‘yinini tanlab, oxirgi raundda qatnashadigan yagona bilimdon sifatida bugun o‘yini ochilib turgan Xushnud Xudoyberdiyevni qoldirdi. Agar u oxirgi savolni topsa, jamoaga 6:0 hisobidagi g‘alaba, topolmasa, 0:6 hisobidagi mag‘lubiyat yoziladi. Xullas, yo chikka yo pukka.

“Omad”ni qarangki, o‘yin stolidagi pirildoq Xushnud Xudoyberdiyevga blits savollarini tanlab turibdi! Endi u bir emas, uchta savolga to‘g‘ri javob berishi lozim.

Birinchi savoldan eson-omon o‘tib olgan huquqshunos, afsuski, 2-savolda “qoqildi”. Hisob – 0:6, muxlislar foydasiga.

Shu bilan ko‘plab muxlislarning sevimli jamoasi uchun bahorgi mavsum o‘z yakuniga yetdi.

O‘yinda tushgan savollar va ularning to‘g‘ri javoblari bilan quyidagi stenogramma orqali tanishishingiz mumkin.

1-raund. Diqqat ekranga qarang!

Bu 1992 yilda Estoniyada qurilgan ramziy qabr. U 1940 yilda Estoniyaga kirib kelgan va 1992 yilda chiqib ketgan. Shunga atab maxsus qabr toshi o‘rnatilgan.

Diqqat savol: 1992 yilda "Yil qurboni" bo‘lgan nimaga bu qabr o‘rnatilgan?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Bizning o‘zimizni ham tariximiz esimga tushib ketdi. 40-yillarda biz ham lotin yozuvidan kirill yozuviga, ya’ni kirill alifbosiga o‘tganmiz. Balkim, ularda ham xuddi shunaqa bo‘lgandir. Bu yerda gap kirill alifbosi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Yillar to‘g‘ri kelyapti, siz aytgan gapga. 1940 yilda Estoniya SSSR tarkibiga kirgan, Boltiqbo‘yi davlatlari kirgan. 1991-92 yilda chiqib ketishgan. 1992 yilda ular butunlay uni yerga ko‘mishgan. Qabrtoshida eston tilida taxminan quyidagi so‘zlar yozilgan: bu yerga ruslar rubli dafn etilgan, degan so‘zlar bor. Estoniya ko‘p davlatlar kabi o‘z valutasiga ega bo‘lishgan. Rublni dafn qilishgan.

Savol muallifi Saida Usmonova 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi – Islom Nurmuhammadov, London shahri.

Boshlovchi: Ekrandagi rasmga diqqat bilan qarasangiz, stolda deyarli hech narsa yo‘q. Odam o‘tirgandan keyin bitta-bitta, sekin-sekin narsalar kelar ekan. Stolda har bir odamga uchtadan pichoq qo‘yilgan. Londondagi restoranlarda mehmonlar o‘tirishi bilan bir yegulikni qo‘yishar ekan. Tarelkaning ustidagi pichoq shunga qo‘yilgan.

Diqqat savol: Inglizlar ziyofatda eng birinchi nimani iste’mol qilishadi?

Javobni Temur Mirzayev beradi: O‘zbek yigitining e’tiborini tortgan narsa deb o‘yladim. Kechki ovqatda hazm bo‘lishi eng qiyin bo‘lgan narsa bor – qovun. Tarelkada pichoq bilan qovun olib kelingan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Stolda hali ovqatlar qo‘yilmagan. O‘tirishingiz bilan avval non va u olib kelinadi. Har bir mehmon bazmdan oldin birinchi bo‘lib uni yemog‘i kerak. Chunki u tibbiyotda ham tasdiqlangan. Ular dastlab saryog‘ iste’mol qilishgan.

Savol muallifi Islom Nurmuhammadov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

3-raund. Savol muallifi – Dilxumor To‘lashova, Uchqo‘rg‘on tumani.

Boshlovchi: U dastlab Amsterdam aeroportining kutish zalida qurilgan moslama hisoblanadi. Avtomat moslama. U avtomat 5-10$ evaziga sizning bir buyurtmangizni chiqarib beradi.

Diqqat savol: Kutish zalida bu avtomatga nima buyurtma qilinadi?

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Gullarni chiqarib beradi.

To‘g‘ri javob: Kutish zalida bir umr ko‘rmagan kishingizni kutib olyapsiz. Uni ko‘rmagansiz, shunda avtomatga uning ismini, sharifini, kasbini yozasizda, qo‘lingizda ushlab turadigan banner chiqarib beradi. Chiroyli qilib kutayotgan insonning ismini chiqarib beradigan avtomat.

Savol muallifi Dilxumor To‘lashova 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

4-raund. Savol muallifi - Azizbek Muxtorov, Jizzax shahri.

Boshlovchi: Marafon yuguruvchilariga, katta marafon yuguruvchilariga startdan oldin vazelin tarqatishar ekan.

Diqqat savol: Start oldidan marafonchilar vazelindan nima maqsadda foydalanishadi? Sababi bilan ayting.

Javobni Temur Mirzayev beradi: Vazelinni yuguruvchilar boshlanishdan oldin bevosita qoshlariga surtadi. Bundan maqsad o‘sha yugurish mobaynida terlab, ko‘zlari achishishi mumkin va bu albatta natijaga ta’sir qiladi.

To‘g‘ri javob: Marafonchilarga yugurayotganda peshonadan oqib tushayotgan ter xalaqit qiladi. Shuning uchun yugurishdan oldin vazelinni qoshlariga surtib olishadi.

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

5-raund. Savol muallifi – Jahongirmirzo Turg‘unboyev, Qo‘rg‘ontepa tumani.

Boshlovchi: Kanadaning tabiiy boyliklaridan biri bu grizli ayig‘i hisoblanadi. Qora rangli bu ayiqlarni Kanadada 50 mingga yaqini istiqomat qiladi. Sharoit zo‘rligidan, ya’ni atrofda hech qanaqa aholi yo‘q, taygalar, o‘rmonlar, sharoit zo‘rligidan har yili ular soni oshib boraveradi. 10-15 minglab oshib ketadi. Hukumat yilning bir mavsumida har yili grizli ayiqlarini maxsus otryadlar tomonidan qirib turadi, sonini kamaytirib turadi.

Diqqat savol: Kanada bu o‘ldirilgan qora ayiqlarning terisini qaysi davlatga sotadi?

Javobni Jobir Ahmedov beradi: O‘ylashimcha, bu terilarni Angliyaga sotishadi.

To‘g‘ri javob: Ekranga diqqat qarating.

Ular o‘ldirilgan ayiq terilarini shilib Angliyaga sotishadi. Ulardan uzunchoq qalpoqlar tikishadi.

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

6-raund. Jahongir Qaynarov, Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani.

Boshlovchi: O‘zbekiston xalq shoiri, marhum Anvar Obidjon bir nasriy asarida, bir kasbda ishlovchi Abdurahmon aka degan hayotiy personajni keltirganlar. Abdurahmon aka ko‘chada kimni ko‘rsa, yaxshilab quyuq salomlashib, xayrlasha turib: - Mayli kutaman, - deb qo‘yarkanlar. Yarim hazil, yarim chin qilib.

Diqqat savol: Anvar Obidjon uslubidan kelib chiqib ayting-chi, bu personajning kasbi nima bo‘lgan?

Javobni Rushana Rajabova beradi: Go‘rkov.

To‘g‘ri javob: Go‘rkov.

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

7-raund. Savol muallifi – Bashorat Rasulova, Toshkent shahri.

Boshlovchi: Toshkent metrosining Alisher Navoiy bekati hazratning Xamsa dostonlaridagi suratlar bilan bezatilganligidan xabaringiz bor.

U yerda negadir 4 ta doston berilgan.

Diqqat savol: Nega u yerda 4 ta doston berilgan va qaysi dostonni me’morlar u yerda tasvirlashmagan?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: "Hayrat ul-abror" uchun joy ajratilmagan. Nega tasvirlanmaganligi, "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun", "Sabbayi sayyor" yoki "Saddi Iskandariy" kabi aniq personaj yo‘q. Bu ko‘proq pandnoma, odobnoma, tarbiyaviy asar, kimni tasvirlashni bilishmagan.

To‘g‘ri javob: Me’morlar bu stansiyada "Hayrat ul-abror"ning suratlarini berishmagan. Negaki, bu go‘zal tasvirlarni ko‘rgan yaxshi kishilar hayratlanishsin degan ma’noda qilishgan. Bitta dostonni, 5-dostonni aynan shuning uchun qo‘yishmagan. Ular oramizda, demoqchi bo‘lishgan. Ular oramizda, kelgan odamning o‘zi.

Savol muallifi Bashorat Rasulova 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi – Fayruza Rahmatullayeva, Navoiy shahri.

Boshlovchi: Venetsiyada restoran va kafelar suvning ustiga qurilgan. Yomg‘ir paytida emas-ku, boshqa paytlarda olib chiqib shu yerda joy qilishadi, mijozlar ochiq havoda mazza qilib o‘tirishlari uchun. Bu yerda xizmat qiladigan ofitsiantlar to‘pponcha bilan qurollanib xizmat qilishadi.

Diqqat savol: Bu to‘pponchaning boshqa to‘pponchalardan farqi nima? Nega ularga to‘pponcha berishadi?

Javobni Temur Mirzayev beradi: Asosiy pistoletning farqi o‘q otmaydi. Ovoz chiqaradi. Maydonda juda ham ko‘p kabutarlar bor. O‘shalarni stollardan, ovqatlanayotganlarning oldidan qochirish uchun.

To‘g‘ri javob: Turli xil o‘yinchoq to‘pponchalar bilan ish qilishadi. Qushlarni qochirish maqsadida.

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

9-raund. Savol muallifi – Qosimxon Ahrorov, Bo‘stonliq tumani.

Boshlovchi: Dengiz qaroqchilari orasida juda ko‘p aldovlar, kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Tarixda bo‘lib turgan, aynan topilgan o‘ljani bo‘lish paytida. Shuning uchun qaroqchilar kemalarda o‘ljani teng bo‘lish paytida foydalanish uchun uni olib yurishgan.

Diqqat savol: Nima olib yurishgan?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Tarozi olib yurishgan.

To‘g‘ri javob: Bibliya olib yurishgan, o‘zlariga kerak emas. Lekin bo‘lish uchun, men hech kimga adolatsizlik qilganim yo‘q, degan maqsadda.

Savol muallifi Qosimxon Ahrorov 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

10-raund. Savol muallifi - Hikmatjon va Muyassar Ubaydullayevlar, Shayxontohur tumani.

Boshlovchi: She’riyat mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiyning quyidagi baytlariga quloq tuting:

O‘n to‘lin oydin olubon o‘n hilol,

Tozalik, ozodalik ichra yurursan bemalol. 

Diqqat savol: Bu baytda insondagi qanday jarayon tilga olingan?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Bizning javobimiz, gap tirnoqlar va ularni olish haqida ketmoqda.

To‘g‘ri javob: Barmoqlarimizdagi 10 ta tirnoqlarimiz xuddi to‘lin oydek dumaloq, u qirqilganda hilol oy singari parchalanib chiqadi. Hazratning bu bayti tirnoq olish jarayoni haqida edi.

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. 

Jamoa “Bor baraka” o‘yinini o‘ynaydi.

O‘yin qoidasi: Jamoada bir ishtirokchi qoladi. Jamoa savolga to‘g‘ri javob bersa, 6-0 hisobida g‘alaba qozonadi, aks holda esa 0-6 hisobida yutqazadi.

O‘yinda jamoadan Xushnud Xudoyberdiyev qoladi!

11- raund. Blits savollari muallifi – Nuriston Marat o‘g‘li, O‘sh shahri.

Blits mavzusi: Ramon Gomes de la Serna uchqur iboralari.

1-savol:

Boshlovchi: De la Serna: tog‘lar ham nafas oladi degan. Qayerdan degan savolga ...

Diqqat savol: U qayerni ko‘rsatgan?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Nafas oladigan organ burun bo‘lsa - g‘orlarni.

To‘g‘ri javob: De la Serna tog‘lar ham nafas oladi. Qayerdan degan savolga, u g‘orlardan degan.

2-savol:

Boshlovchi: Ramon Gomes De la Serna sut quyilgan shishani kimgadir o‘xshatgan.

Diqqat savol: Kimga?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Onaga deb ko‘raylik.

To‘g‘ri javob: De la Serna sut quyilgan shishani, ya’ni oppoq va pastka qarab kiyimlari ham kengayib ketgan, ko‘z oldingizga keltirsangiz. Oq libosli kelinchakka o‘xshatgan. To‘g‘ri javob kelinchak edi,

Savol muallifi Nuriston Marat o‘g‘li 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi deb Bashorat Rasulovaning “Alisher Navoiy” metro bekati haqidagi savoli uchun 5 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

O‘yinning eng faol bilimdoni – Xushnud Xudoyberdiyev, 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, mavsum o‘yinlarida bilimdonlar har bir to‘g‘ri berilgan javob uchun 1 mln so‘mdan, savol bilan ishtirok etgan muxlislar esa savoli nechanchi bo‘lib topilmaganiga qarab 1 mlndan 6 mln so‘mgacha pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: