Savol: Ro‘zadorlarga qanday ajr-savoblar va’da qilingan?
Javob: Ro‘za arab tilida “savm” deb atalib, lug‘atda “bir narsadan o‘zini tiymoqlik”ni bildiradi. Istilohida esa “tongdan to quyosh botguncha ro‘zani niyat qilib, uni ochuvchi barcha narsalardan o‘zini tiyish”dir.
Ramazon ro‘zasi hijratning ikkinchi sanasida farz qilingan. Alloh taolo Ramazon ro‘zasining hukm va hikmatlarini Qur’oni karimda batafsil bayon qilib bergan:
“Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Ma’lumki, ro‘zadan boshqa hamma amallarga riyo aralashishi mumkin. Lekin ro‘zada bunday bo‘lmaydi: tongga yaqin hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi, kunduzi esa hamma qatori yuraveradi. Ro‘za – Alloh bilan banda orasida sir bo‘lgan ibodatdir. Hech kimsiz, yolg‘iz o‘zi qolganida ham ro‘zador Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, biror narsa yemaydi. Ana shular – ro‘za Alloh uchun tutilishining belgisidir. Shuning uchun ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taoloning O‘zi berishga va’da qilmoqda. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
“Alloh taolo: “Odam bolasining hamma amali – o‘zi uchun, faqat ro‘za – Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman”, dedi. Ro‘za – saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi bo‘lsa, “Men ro‘zadorman”, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki marta xursandchilik bor: biri – iftor vaqtida og‘zini ochganda va ikkinchisi – Qiyomat kunida Robbisiga ro‘baro‘ bo‘lganda” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Ramazonda boylar ham bir oy ochlik va chanqoqlikni boshlaridan kechirishib, kambag‘allarning yil davomidagi holatlarini his etadilar. Bu esa kam ta’minlanganlarga rahm-shafqat ko‘rsatishlariga sabab bo‘ladi.
Ramazonda qaysi amalga bel bog‘lasam bo‘larkan, qaysi amal ko‘proq ajr va baraka keltirar ekan, deb o‘ylab turgan insonlarga ulamolar bu oyda ko‘proq Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimni tilovat qilish, uni tinglash va uni o‘rganishni tavsiya qiladilar. Shuning uchun tarovih namozlarida Qur’oni karimni xatm qilish sunnat hisoblanadi. Ramazon va Qur’on qiyomatda mo‘minlar uchun shafoatchi maqomida bo‘ladi. Hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
“Ro‘za va Qur’on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: Ro‘za: “Ey Rabbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to‘sgan edim. Uning haqida shafoatimni qabul qil. Qur’on: “Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim. Uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Bas, ikkovining ham shafoati qabul qilinadi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Alloh taolo bandalarini yaxshi ko‘rsa-da, ularga onalaridan mehribonroq bo‘lsa-da, ularning zimmasiga ro‘zani farz qildi va bu oyning ma’lum vaqtida och va tashna yurishlarini xohladi. Bunga sabab shuki, ro‘za ular uchun ham ma’naviy, ham jismoniy ma’noda shifo bo‘ladi. Buning misoli ona bolasini yaxshi ko‘rsa ham bola kasal bo‘lgan vaqtda achchiq dorilarni unga majburlab ichirib, uning shifo topishini xohlashi kabidir. Shuning uchun ham ro‘za farz qilingan oyatning oxirida “shoyadki taqvo qilsangiz” deyildi. Ya’ni sizlar ro‘za tutish orqali taqvoga, zohiriy va botiniy gunohlardan saqlanish malakasiga ega bo‘lasiz.
Ro‘zaning mo‘minlar uchun eng katta manfaati bu uni do‘zax otashidan himoya qilishi va undan uzoqlashtirishi hisoblanadi. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deydilar:
“Qaysi bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutar ekan, Alloh taolo uning yuzini shu tufayli yetmish kuz (ya’ni yetmish yillik masofaga) do‘zaxdan uzoq qiladi” (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:
“Kim Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro‘za tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh).
Maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosasi asosida chop etilmoqda.