Ekologik axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish multimedia markazi direktori Davron Abdullayev bizga quyidagilarni ma’lum qildi.
“O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 30 dekabrda tasdiqlangan 46-sonli farmoniga ko‘ra, 2022 yil aprel oyidan boshlab ekologiya sohasidagi huquqbuzarlik holatlari aks etgan foto va videomateriallarni Davlat ekologiya qo‘mitasi yagona portali – “Ekonazorat” tizimiga yuborish belgilangan edi. Bugungi kunda bu tizim sinov tariqasida Toshkent shahrida ishga tushirilgan. Atrof-muhitga zarar yetkazish holatlari ko‘payib borayotgani tufayli jamoatchilik yordami muhim. Jamoatchilik vakillarini esa o‘z navbatida rag‘batlantirish davlat rahbari tomonidan topshiriq berilgan.
Tizimni ishga tushirish ayrim muammolar tufayli biroz kechikdi. Bosh prokuratura va IIV bilan hamkorlikda bu tizimni 1 may sanasidan boshlab butun respublika bo‘ylab ishga tushirish belgilangan. Android tizimida maxsus ilova orqali (tez orada Play Market'ga joylanadi), shuningdek Telegram-bot orqali foto va videolar jo‘natish mumkin. (iOS tizimida ham ilova ishlab chiqilyapti). Tizimga kelib tushgan foto-videolar orqali huquqbuzarning shaxsi aniqlanadi, keyin qaror va bayonnomalar tasdiqlanadi”, deya ma’lum qildi Abdullayev.
Murojaat qabul qilinganidan so‘ng huquqbuzarning shaxsi aniqlanishiga 5 kundan 15 kungacha vaqt ketadi. Bayonnoma rasmiylashtirish uchun esa 1-3 kun. So‘ngra huquqbuzarga SMS tarzida ma’lumotlar yuboriladi. 15 kun ichida jarimani to‘lasa, chegirmasi bor. Kelib chiqadiki, murojaatchi mukofotni murojaat qilingandan keyin chamasi 1 haftadan 1 oygacha muddatda olishi mumkin.
Atrof-muhit va ekologiyaga zarar keltirganlik uchun belgilangan jarima miqdorining 15 foizi huquqbuzarlik haqida xabar qilgan odamga to‘lanadi. Daraxt kesish holati bo‘yicha esa xabarchiga BHMning 1 baravari miqdorida rag‘batlantiruvchi pul to‘lanadi.
Demak, 1 maydan boshlab, fuqarolar suv, havo, atrof-muhitni ifloslantirayotgan biror shaxs, zavod, fabrika, sex – neki sub’yekt bo‘lsa, kerakli manzilga murojaat qilib, huquqbuzarlikni bartaraf etish yoki jazolashda ishtirok etishi, bu bilan atrof-muhitni asrab qolishda muhim rol o‘ynashi mumkin.