Internetda tarqalgan ma’lumotlarda marhum 10- yoki 11-qavatdan tushib ketgani aytiladi. Biznes-markazi mutasaddilaridan biri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda marhum markazning 15-qavatida joylashgan tashkilotlarning birida faoliyat yuritganini ma’lum qildi.
Videolarda marhum binoning asosiy kirish eshigining yon tarafida yotgani ko‘rinadi. Ma’lum bo‘lishicha, marhum binoning yon qismidan tushib ketgan. U yerda chekish joyi bo‘lib, odam bu joydan ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketishi imkonsiz ekani aytilmoqda.
Hozirga kelib fojia joyida bo‘lib turgan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari, kriminalistlar o‘z ishini yakunlagan, marhumning jasadi olib ketilgan; yerdagi qon dog‘lari tozalanmoqda.
Marhum qulab tushgan joyga jurnalistlar yaqinlashtirilmayapti. Hodisa ro‘y bergan hudud o‘rab olingan. Xalqaro biznes-markaz vakillari binoga kirib, marhumning hamkasblari bilan suhbatlashishimizga ruxsat berishmadi.
Voqea qanday ro‘y bergani, bu ehtiyotsizlik oqibatida ro‘y berganmi yoki erkak o‘z joniga suiqasd qilganmi, yoxud qotillik alomatlari bormi, hozircha hech narsa ma’lum emas. Rasmiy idoralardan munosabat bo‘lganicha yo‘q. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda rasmiy munosabat tayyorlanayotgani va u tez orada e’lon qilinishini bildirdi.