Gentra yutgan xorazmlik bilimdonlarni “nashatir spirti” ham o‘ziga keltirolmadi: “Zakovat” teleo‘yinining bahorgi mavsumiga start berildi

Jamiyat 15:54 / 21.04.2022 32040

2022 yil 15 aprel kuni “Zakovat” intellektual klubining bahorgi mavsum o‘yinlari 1-o‘yini bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan yili Buxoroda bo‘lib o‘tgan Breyn-ring turnirida hammani o‘z tezkorligi va topqirligi bilan lol qoldirgan Xorazm viloyati jamoasi ishtirok etdi. Esingizda bo‘lsa, o‘shanda jamoa a’zolarining har biri Gentra avtomashinasini yutib olgandi.

Maqtovlar bilan boshlangan o‘yinning birinchi raundidayoq mag‘lubiyat tomon qadam tashlagan jamoa, nazarimizda, boshlovchi tomonidan berilgan savolga chuqur kirmagan holda javob berdi. Hisob – 0:1.

Birinchi raunddan so‘ng har bir to‘g‘ri topilgan javob uchun bilimdonlar homiylar tomonidan 1 mln so‘mdan rag‘batlantirilishi haqidagi e’lon stol atrofida yig‘ilganlar kayfiyatini ko‘targandek bo‘ldi. Shunga ko‘ra, keyingi raundlarda jamoa jonlanishi lozim edi. Ammo bunday bo‘lmadi.

Ikkinchi savolning javobi yuborilgan suratda edi. Muhokama shiddati sust, javob variantlari sanoqli. Afsus, bu gal ham to‘g‘ri javob berilmadi, hattoki taxminlar orasida aniq javobga yaqin variant ham keltirilmadi. Hisob esa 0:2 tomoshabinlar foydasiga.

Boshlovchi bilimdonlarni dadillikka chaqirib, “Ichki xavotir – o‘yinchining dushmani” ekanini ta’kidladi. Yaxshi niyatlar bilan uchinchi raundga start berildi.

Uchinchi savolga to‘g‘ri javob yangradi... Biroq ishtirokchilar emas, o‘yinni kuzatib turgan boshqa jamoa a’zolari tomonidan (Boshlovchi atrofdagi jamoalarda to‘g‘ri javob borligiga qiziqib ko‘rdi). Hisob – 0:3.

 To‘rtinchi raundda bilimdonlar nihoyat ilk ochkoni qo‘lga kiritishdi. Nashatir spirti haqidagi savol o‘yinchilarni xuddi uni hidlagandek sergaklantirdi. Hisob – 1:3.

Beshinchi raundda klubdan yordam so‘raldi. 20 soniya ichida atrofdagilardan birin-ketin berilgan turlicha variantlardan biri tanlandi. Biroq klub ham bu savolga javobni bilmasligi oydinlashdi. Shu tariqa klub yordami ham havoga uchdi. Hisob yanada qaltislashdi – 1:4.

Oltinchi raundda blits savollar o‘ynaldi. Yigirma soniyadan uchta savolga javob topilishi lozim bo‘lgan bu raund ham oxirgi noto‘g‘ri javob sababli boy berildi. Jamoa a’zosi tomonidan aytib o‘tilgan to‘g‘ri javob o‘rniga xato variant tanlandi. Jamoa jar yoqasiga kelib qoldi – 1:5.

So‘nggi – yettinchi raundda bugun jamoaning kuni emasligi oydinlashdi. Ushbu savol ham topilmadi va o‘yin bilimdonlarning 1:6 hisobdagi yirik mag‘lubiyati bilan yakun topdi.

Muvaffaqiyatsizlik sababi jamoa Toshkentga uzoq yo‘l bosib kelganidanmi yoki o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmaganidanmi, bunisi bizga qorong‘i. Nima bo‘lganda ham Xorazm jamoasi endi katta ehtimol bilan o‘yinlarni tark etadi.

O‘yinning stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi – Rahmatilla Musulmonov, Chirchiq shahri.

Boshlovchi: Sohibqiron Amir Temur Hindistonga yurish qilishidan oldin, u diyorni o‘rganib, u yerda uchrashi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni o‘rganganlar. Ko‘p sonli armiyasi, jangovar fillari bor. Ularga qarshi tayyorgarlik a’lo darajada bo‘lgan. Ammo shahar qal’a devorini buzish paytida kutilmagan qiyinchilikka duch keladilar.

Diqqat savol: Sohibqiron lashkarlari qal’a devori yonida yana qanday to‘siqqa duch keladilar?

Javobni Navro‘z Xo‘jayev beradi: Bizning fikrimizcha, qal’alar oldin handaq bilan o‘rab olingan tashqi tomondan, uning ichida timsohlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Timsoh masalasida o‘ylab ko‘rganimda, ularni boshqa joyga qurish mumkin edi. Yoki boshqa bir chiqarib yuborish yo‘llarini topish mumkin edi. Ammo qal’a devori yonida! Qal’a devorini bilasizlar, baland bo‘ladi. Hind qo‘shinlari orasida ataylab bir jang turi joriy etilgan. Devor tagiga kelgan raqib ustiga ilonlar tashlangan. Ular lashkarlarni darvozaga yaqinlashtirmaganlar.

Bilimdonlar o‘yinni hisobda ortda qolish bilan boshladilar.

Savol muallifi Rahmatilla Musulmonov esa 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi - Gavhar Tillaboyeva, Bo‘stonliq tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Temir yo‘llarga, ko‘rib turganingizdek qirrali toshlar solinadi. Poyezd yurganida qattiq tebranish vaqtida bu toshlar muhim harakatni amalga oshiradi.

Diqqat savol: Bir daqiqa o‘ylab ayting, bu qirrali toshlarning vazifasi nima?

Javobni Azamat Matkarimov beradi: Tasavvur qilamiz, bular qirrali emas silliq, dumaloq xuddi suvning ostidagidek toshlar bo‘lganda, katta tezlikda poyezd o‘tganda rels oz-moz joyidan siljishi mumkin edi, bunaqa qirrali toshlarning esa ishqalanishi kam bo‘ladi va relsni kamroq joyidan qo‘zg‘atishga sabab bo‘ladi.

To‘g‘ri javob: Marhamat ekranga qarang! Ular poyezd yurishiga xalaqit qiluvchi o‘tlarni kesib turadi. O‘tlarni qirrali toshlar tebranishi paytida kesib-kesib tashlaydi.

3-raund. Savol muallifi - Qurbongul Karimova, Navoiy shahri.

Boshlovchi: Mashhur sayyoh Marko Polo kundaliklaridan birida yozilishicha, ularning kemasini qaroqchilar talaydi. Kemani obdon ship-shiydon qilib bo‘lgach, ketar mahalda bir chekkadan hamma asirlarga dengiz suvini ichirishadi.

Diqqat savol: Nima maqsadda?

Javobni Azamat Matkarimov beradi: Dengiz suvi ichganlaridan keyin og‘zi qurib, ovoz chiqmay qoladi va uzoq vaqtgacha yordamga chaqirolmay yoki ortiqcha shovqin qilolmay qoladi.

To‘g‘ri javob: Dengiz suvi sho‘r. Uni ichsangiz ko‘nglingiz aynib, qayt qilasiz. Asir va asiralar tilla buyumlarni yutib yuborgan bo‘lsa, ehtiyot shart, tekshirmoq maqsadida ularga dengiz suvidan majburan ichirishgan ekan.

4-raund. Savol muallifi – Islom Inomjonov, Bog‘dod tumani.

Boshlovchi: Islom Inomjonov televizorda 85 larga kirib qolgan nuroniy otaxonning intervyusini ko‘rib, mana shu savolni yuboribdilar. Urush vaqti 13-14 yashar bola bo‘lganda, ma’lum muddat pochtalonlik qilgan ekanlar. Urush payti pochtalonga boshqalarga o‘xshamaslik uchun maxsus bosh kiyim berilar ekan, ajralib turishlari uchun. Va albatta, poyabzal, ko‘p yurgan odamning poyabzali yemiriladi, yirtiladi. Albatta sumka va yana bir suyuqlik berishar ekan.

Diqqat savol: Ularga qanday suyuqlik berilgan?

Javobni Shodlik Hasanov beradi: Ko‘pincha pochtalonlar qora xat olib kelgan, noxush xabar. Balki ushbu xatni olgan odamlar hushidan ketib qolgan bo‘lsa, hushiga keltirish uchun novshadil spirti berilgandir.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri.

5-raund. Savol muallifi – Akrom Inomjonov, Chilonzor tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang! Paltoning orqa tomoniga kamar qo‘yish XX asr 40-yillarida boshlangan. O‘sha vaqt dizaynerlari bu kamarni asosan harbiy shinellar uchun o‘ylab topishgan.

Diqqat savol: Bu kamarlar o‘sha paytda qanday vazifani bajargan?

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Azamat Matkarimov beradi: Filmlarda ko‘p ko‘rganmiz, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish sahnalari bor. Jang maydonidan olib chiqishda ushlashga qulay bo‘lishi uchun ehtimol shunaqa kamarlar o‘ylab topilgan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Paltoni ko‘ryapsizmi, yig‘ishtirib qo‘yilgan, yig‘ib qo‘yilgan. Jang paytida kamar taqib qo‘yilgan, ixchamroq bo‘lib turishi uchun. Tunda tugmani yechib yuborishgan, u kengayib xuddi odeyal sifatida ustiga yopib yotgan, uni haligacha dizaynerlar saqlab qolgan.

Hisob: 1-4

Savol muallifi Akrom Inomjonov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund – blits savollar.

Blits. Birinchi savol muallifi - Marofat Yo‘ldosheva, Buxoro shahri.

Boshlovchi: Xalq nazarida ular eng zo‘r vrachlar ekan. Kasbiy intuitsiyadan kelib chiqib, ular bemoriga ikki marta qarab, qayeringiz og‘riyapti, demasdan davolashni boshlab yuboradi.

Diqqat savol: Ular qanday vrachlar bo‘lishi mumkin.

Javobni Navro‘z Xo‘jayev beradi: Veterinar bo‘lsin.

To‘g‘ri javob: Veterinar vrachlar javobi to‘g‘ri. Sezganingizdek, mavzumiz veterinar vrachlar haqida.

Ikkinchi savol muallifi – Yulduz Aminboyeva, Yangiyo‘l shahri. 

Boshlovchi: Veterinarlarga juda ish ko‘p, fermalarda, hatto veterinar klinikalari ochilgan, o‘sha yerda, oziq-ovqat nazorati punktlarida, veterinariya dorixonalarida juda ularga talab katta. Yana shunday joy borki, ko‘p katta shaharlarda, u yerda ham eng kami ikkita yoki uchta veterinar ishlashi shart.

Diqqat savol: Qaysi joyda?

Javobni Jamoliddin Tojiyev beradi: Hayvonot bog‘i, zooparklar.

Boshlovchi: Zooparklar to‘g‘ri javob.

Uchinchi savol muallifi – Umida Abduvohidova, Yuqori Chirchiq tumani. 

Boshlovchi: Veterinariya tarixi eramizdan avvalgi IV asrga borib taqalar ekan. Qadimgi yunonlar otlarni davolovchi vrachlarni bir yunoncha so‘z bilan atashgan ekan.

Diqqat savol: Mana shu so‘zning yunoncha variantini ayting.

Javobni Azamat Matkarimov beradi: Gippolit, gippos degani – ot degani.

To‘g‘ri javob: Gippokrat.

Hisob: 1-5

Savol muallifi Umida Abduvohidova 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi – Hamidullo Ismoilov, Farg‘ona shahri.

Boshlovchi: Tibbiyotda kashf etilgan moslamalar ko‘p. Tibbiyot bilan bog‘liq juda ko‘p ixtirolar yaratilgan. Ular yordamida qancha-qancha insonlar hayotlari saqlab qolingan. Shunday imkoniyati bor bo‘lgan qurilmalardan biri borki, u ko‘plab kasalliklarni aniqlab, ularga to‘g‘ri tashxis qo‘yishda katta rol o‘ynagan. Shu bilan birga, bu qurilma dunyo bo‘yicha so‘nggi 45 yil ichida 23 milliondan oshiq insonlarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘lgan ekan.

Diqqat savol: u qaysi qurilma va nega shuncha odamlarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘lgan?

Javobni Navro‘z Xo‘jayev beradi: Bu rentgen qurilmasi, nurlanish oqibatida zararlanib, 23 milliondan ziyod odam o‘lgan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Bu qurilma UZI apparati edi. Bola tug‘ilmasidan, homila o‘g‘il yoki qizligini aniqlab beradi, o‘g‘il kerak bo‘lsa, homila saqlab qolinadi, yoki aksincha, abort qilinadi. Apparat 45 yildan beri 23 million go‘dakning nobud bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Hisob: 1-6. Bilimdonlar jamoasi mag‘lub bo‘ldi.

Savol muallifi Hamidullo Ismoilov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Bugungi o‘yinda quyidagi muxlislar pul mukofotlarini qo‘lga kiritishdi:

  • Rahmatilla Musulmonov 1 million so‘m;
  • Gavhar Tillaboyeva 2 million so‘m;
  • Qurbongul Karimova 3 million so‘m;
  • Akrom Inomjonov 4 million so‘m;
  • Umida Abduvohidova 5 million so‘m;
  • Hamidullo Ismoilov 6 million so‘m;

Eng yaxshi savol muallifi – Qurbongul Karimova “Dengiz suvini ichirish” haqidagi savoli uchun 5 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

 O‘yinning eng faol bilimdoni – Shodlik Xasanov 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, mavsum o‘yinlarida bilimdonlar har bir to‘g‘ri berilgan javob uchun 1 mln so‘mdan, savol bilan ishtirok etgan muxlislar esa savoli nechanchi bo‘lib topilmaganiga qarab 1 mlndan 6 mln so‘mgacha pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: