Bir oilada 4 nafar qizaloqlarni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan ota-onaning boshida cheksiz g‘am-g‘ussa mavjud. Eng kenja qizaloq tug‘ma nuqson – siydik yo‘li ekstrofiyasi bilan dunyoga kelgan. Bu xastalik kam uchraydigan kasallik bo‘lib, shifokorlar o‘rtacha 10 ming odamdan bittasi shunday dardga uchrashini aytishgan. Farzandining hayoti hamma narsadan muhim bo‘lgan oila bu dardga chora axtarib bormagan eshiklari qolmadi. Xorijda o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyoti orqali shifo topish mumkinligidan xabar topishadi. Ammo bu birgina operatsiya bilan shifo topmaydigan, ko‘p bosqichli jarrohlik operatsiyasi o‘tkaziladigan kasallik ekanligi ma’lum bo‘ladi. Hozirga qadar Serbiyada birinchi operatsiya o‘tkazilgan va kindik sohasi, qorin bo‘shlig‘i o‘z joyiga keltirilgan. Endi bemorda yana bir murakkab operatsiya o‘tkazilishi kerak: unda ichki jinsiy a’zolar shakllantiriladi. Birinchi operatsiya uchun katta miqdorda mablag‘ ketgan va oila bor-yo‘g‘ini sarflashga majbur bo‘lgan edi. Yana Serbiyada o‘tkaziladigan ikkinchi operatsiya uchun esa ularning qo‘li kaltalik qilyapti. Oila boshlig‘i “O‘zbekiston temir yo‘llari”da vagonlarni ta’mirlovchi usta bo‘lib ishlaydi.
Oiladagi bir bemorning dardiga davo topilmay turib, 4 farzandning onasi Mahmudada ham orqa miya o‘simtasi aniqlangan. Bu o‘simta oqibatida oyoq-qo‘llar falajligi kelib chiqishi mumkinligi sabab unga ham operatsiya zarurligi tavsiya qilingan.
“4 qizimning baxtini ko‘rishni istayman. Ularga mensiz qiyin bo‘lishini kichik qizimning operatsiyasi uchun xorijga ketganimda bilganman. Kiyimlarimni hidlab yashagan qizlarim mensiz qanday ahvolga tushishlarini tasavvur qilolmayman. O‘zimning dardimni o‘ylamayman, faqat shu bolalarim uchun yashashim kerakligini bilaman xolos”, – deydi bemor bolaning bemor onasi.
Ayni vaqtda ular bir emas, ikki murakkab operatsiya uchun mablag‘ to‘plashyapti. Lekin buning oson emasligi barchamizga ayon. Qizaloqning va uning onasining hayoti yaxshilarning savobli amallariga bog‘liq bo‘lib turibdi.
Muslima Mirsobirovaga oid ma’lumotlar:
O‘zkard: 8600 0609 3150 0103 onasi Mahmuda Ahmadjonova nomida
Sberbank: 4276 6200 4027 5467 qarindoshi Allashukur Abdullayev nomida
Bevosita uchrashish istagida bo‘lganlar uchun bemor manzili: Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Mumtoz mahallasi, Ohanrabo ko‘chasi, 17-uy.