Urushning 55-kuni: Mariupolda «Azovstal»ga hujum, AQSh va Yevropadan kelayotgan og‘ir qurollar

Jahon 22:32 / 19.04.2022 67455

DXR qurolli tuzilmalari «Azovstal» metallurgiya zavodini shturm qilish boshlanganini ma’lum qildi. Bu Mariupoldagi himoyachilarning asosiy qarshilik o‘chog‘i bo‘lib kelayotgandi.

Ayirmachilar qo‘mondonligi vakili Eduard Basurin «Azovstal» qamali «maxsus saralangan shturmchi guruhlar» tomonidan amalga oshirilayotgani, ularga Rossiya aviatsiyasi va artilleriyasi ko‘mak berayotganini aytgan.

«Azovstal»da Ukraina armiyasining 36-dengiz piyodalari brigadasi va «Azov» polki himoyalanmoqda.

Shturm boshlanishi ortidan Rossiya Mariupol himoyachilarini zudlik bilan qurollarni tashlashga chaqirdi va yangi ultimatum qo‘ydi - qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatish.

«Qurolni tashlaganlarning barchasining hayoti saqlab qolinishi kafolatlanadi», deyilgan Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida.

Dushanba kuni Mariupol patrul politsiyasi boshlig‘i Mixail Vershinin CNN bilan suhbatda «Azovstal» hududida artilleriya zarbalari va aviazarbalardan saqlanish uchun 1000 nafarga yaqin kishi yashiringanini aytdi. Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk Rossiya hukumatiga murojaat qilib, Mariupoldan Berdyanskka tinch fuqarolar uchun gumanitar yo‘lak ochishni talab qildi. 

«Azov» polki komandiri Denis Prokopenko seshanba kuni jahon yetakchilarini metallurgiya kombinatida yashiringan tinch aholi vakillari uchun xavfsiz yo‘lak tashkil etishga chaqirdi. Xabarlarga ko‘ra, kombinat bunkerlari va tunnellarida bo‘lib turganlarning ko‘pchiligi «Azov» polki jangchilarining yaqinlari hisoblanadi.

Denis Prokopenko Rossiya armiyasi kombinatni shturm qilishda beton to‘siqlarni buzishga qodir bo‘lgan bunkerga qarshi bombalar qo‘llayotganini aytgan. Rossiya tomoni uch tonnalik aviabombalardan foydalanishi haqidagi ma’lumot boshqa manbalar tomonidan ham tasdiqlagan, xususan, bu haqda rossiyalik harbiylarning o‘zaro suhbatida so‘z boradi.

«Azov» polki komandiri o‘rinbosari Svyatoslav Palamarning aytishicha, bombardimondan keyin «Azovstal» amalda butkul yakson bo‘lgan. 

«Zavodga «o‘ta kuchli bombalar» tashlandi, xarobalar ostida juda ko‘p odam qolib ketgan», degan Palamar.

«Terror kampaniyasi» va muzokaralarning to‘xtatilishi

DXR ayirmachilari qo‘mondonligi esa, o‘z navbatida, «Azovstal»da tinch aholi vakillari borligi haqidagi xabarlarni «feyk» deb atagan va ularning evakuatsiyasi ta’minlash haqidagi chaqiriqlarni rad etgan.

AQSh Davlat departamenti rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainada terror kampaniyasi o‘tkazmoqda.

«Rossiya bostirib kirish va urush boshlash bilan cheklanmadi, u Ukraina xalqiga qarshi terror kampaniyasi, shafqatsizlik kampaniyasi, qabih tajovuzkorlik kampaniyasi olib bormoqda. So‘nggi soatlarda guvohi bo‘lganimiz - Lvov yoki Kiyev atrofiga berilgan zarbalar ham, Mariupol, Xarkov yoki Buchada ko‘rganlarimiz ham, bular barchasi yaqqol belgilar», degan Ned Prays.

Seshanba kuni Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi, Ukrainaning tinchlik muzokaralari guruhi a’zosi Mixail Podolyak Mariupoldagi voqealar Rossiya bilan muzokaralar jarayonini yanada murakkabashtirishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya urushning ikkinchi bosqichiga - kuchlarni Donbassga joylashtirishga asosiy e’tiborni qaratgani uchun muzokaralar muzlatilgan.

«Keyingi to‘g‘ridan to‘g‘ri tinchlik muzokaralari qachon bo‘lishi mumkinligini aytish qiyin», degan Podolyak.

Gumanitar yo‘laklarsiz uchinchi kun

Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk mamlakatda qatorasiga uchinchi kuni Rossiya bilan kelishuv yo‘qligi tufayli tinch aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar ochilmaganini aytdi.

Vereshchuk rossiyaliklar qamaldagi Mariupoldan tinch aholi vakillari Berdyanskka evakuatsiya bo‘lishi uchun koridor ochishdan bosh tortganini ma’lum qildi. Ukraina hukumati mamlakat sharqi va janubidagi Xarkov va Xerson viloyatlaridan ham gumanitar yo‘laklar ochish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Qamaldagi Mariupol meri Vadim Boychenko dushanba kuni shaharning 40 ming atrofidagi tinch aholisi zo‘rlik bilan Rossiya yoki Ukrainaning Rossiya nazoratidagi regionlariga ko‘chirilganini ma’lum qildi. Ukraina televideniyesiga bergan intervyusida u bu munitsipal reyestr ma’lumotlariga havola bergan.

Rossiya urush boshlanganidan buyon Ukrainaning tinch aholisiga qandaydir zo‘rlik ishlatganini tan olmay keladi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunga kelib mamlakatni qariyb besh million kishi tark etgan.

Odamlar asosan Polshaga ketmoqda (bu yerga 2,5 mln ukrain kelgan), shuningdek Vengriya, Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlariga ham.

AQSh, Finlandiya va Niderlandiya yangi qurollar jo‘natdi

Pentagonning yuqori martabali rasmiysi ma’lumot berishicha, AQShning Rossiya bosqiniga qarshi kurashishga mo‘ljallangan yangi harbiy yordamining ilk partiyasi Ukraina chegarasiga yetib borgan.

Yordam paketiga ilk marta 155-millimetrli 18ta gaubitsa, shuningdek 40 mingta artilleriya snaryadlari, 200 ta M113 rusumli zirhli transportlar, Mi-17 rusumli 11ta vertolyot, 100 ta ko‘p maqsadli zirhli mashinalar o‘rin olgan.

Bu harbiy texnikalar orasida qo‘llanishi Ukraina harbiy xizmatchilarini qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tkazishni talab etadigan tizimlar ham bor.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi AQSh yaqin vaqtlar ichida Ukraina harbiylarini Amerika gaubitsalarini qo‘llashga o‘rgatishni boshlashini ma’lum qilgan.

Niderlandiya hukumati rahbari Mark Ryutte Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon muloqotidan keyin uning mamlakati Ukrainaga Rossiya yurishini to‘xtatish uchun zarur bo‘lgan texnikalarni yetkazib berishini ma’lum qildi.

«Niderlandlar Ukrainaga nisbatan og‘ir texnikalar, jumladan zirhli texnikalar yetkazib beradi. Ittifoqchilar bilan birgalikda qo‘shimcha og‘ir qurollar yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqmoqdamiz», deya yozgan u tvitterida.

Ukrainaga qurol yetkazib berishi haqida seshanba kuni Finlandiya mudofaa vazirligi ham ma’lum qildi. Finlar Ukrainaga aynan qanday qurollar yuborilishi bo‘yicha tafsilotlarni keltirmagan, faqat harbiy yordam Ukraina talablariga javob berishi ma’lum qilingan.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu seshanba kuni AQSh va G‘arbning boshqa davlatlarini Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti cho‘zilishi uchun barcha ishni qilishda aybladi.

«Xorijdan qurol-yarog‘ yetkazib berilishi hajmi oshirilishi Kiyev rejimini so‘nggi ukrainalik jangchi qolguncha kurashishga undash niyatini yaqqol namoyish etmoqda», degan Shoygu mudofaa vazirligidagi chiqishida. Bu uning so‘nggi uch hafta ichida ilk bor jamoatchilikka ko‘rinish berib, urush haqida gapirishi bo‘ldi.

U shuningdek, Rossiya armiyasi maxsus amaliyot davomida oliy qo‘mondon tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarayotganini aytib o‘tgan.

«Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini ozod etish rejasi izchil amalga oshirilmoqda, tinch hayot o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda», degan mudofaa vaziri.

Ko‘proq yangiliklar: