Sirdaryo viloyati IIV axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat hududidagi “Sirdaryo” YPX maskanida viloyat IIB JXX JTSB hamda viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan bir nechta holatda Toshkentga olib ketilayotgan iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari to‘xtatib qolingan.
Jumladan, Samarqand–Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Epika xolislar ishtirokida to‘xtatilib tekshirilganda, Samarqand shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro I.I. boshqaruvidagi mashina salonida hech qanday hujjatlarsiz, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 225 kilogramm hayvon go‘shti borligi aniqlangan.
Shuningdek, Qashqadaryo–Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia-1 xolislar ishtirokida to‘xtatilib tekshirilganda, Chiroqchi tumani Torjilg‘a qishlog‘ida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro E.E. boshqaruvidagi mashina yukxonasida hech qanday hujjatlarsiz, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 454 kilogramm hayvon go‘shti borligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Qashqadaryo–Toshkent yo‘nalishida harakatlanib o‘tayotgan Lacetti xolislar ishtirokida to‘xtatilib tekshirilganda, Koson tumani Paxtazor mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro R.B. boshqaruvidagi mashina yukxonasida hech qanday hujjatlarsiz, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 713 kilogramm hayvon go‘shti borligi aniqlangan.
Har uchala mashinadagi go‘sht mahsulotlari viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazida laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilganda, iste’molga yaroqsiz ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng ular vaqtincha saqlash uchun Guliston shahridagi muzxonaga joylashtirilgan. Fuqarolar boshqaruvidagi mashinalar esa tegishli tartibda qonuniy chora ko‘rish uchun Sirdaryo viloyati IIB JXX YXHB jarima maydoniga qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB JQB hamda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.