«Siti» va «Liverpul» final uchun kurashadi, «Real»da jiddiy sinov, Shomurodov uchun imkoniyat. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 17:06 / 16.04.2022 36569

Angliyada «Uembli» finali yo‘lidagi so‘nggi to‘qnashuvlar, Italiyada chempionlik poygasi, Fransiya va Ispaniyada esa peshqadamlar uchrashuvi. Yevropa e’tiborimizga shiddatli bahslarni havola qilishda davom etmoqda. Bugun esa Toshkent vaqti bilan iftor paytida APLda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan uch jamoa deyarli bir paytda sirtdan raqobatga kirishadilar. Yoqimli ishtaha.

16 aprel (shanba)

Angliya kubogi. Yarimfinal

MANCheSTeR SITI – LIVeRPUL

O‘yin boshlanish vaqti: 19:30

«Liverpul» so‘nggi yillarda APL va Chempionlar Ligasida doimiy favorit bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da, ushbu mavsumdan Klopp jamoasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Endi liverpulliklar o‘zi ishtirok etayotgan barcha turnirlarda g‘oliblik uchun kurashni boshladi. Esingizda bo‘lsa, avvallari Angliya kubogi yoki Liga kubogi kabi musobaqalarda jamoa ilk bosqichlardayoq mag‘lubiyatga uchrardi. «Liverpul» Liga kubogini qo‘lga kiritdi, endi esa Angliya kubogi finaliga chiqish uchun «Manchester Siti»ga qarshi bahs olib boradi.

So‘nggi yillarda klassikaga aylanib borayotgan Pep – Klopp raqobati haqida yetarlicha gapirilmoqda, hatto o‘z vaqtidagi Fergyuson – Venger qarama-qarshiligiga solishtirayotganlar bor. Albatta, futbol nuqtai nazaridan bu ikki murabbiyning maydondagi raqobati o‘ta yuqori darajada, lekin avvalgi murabbiylar bu raqiblikni maydondan tashqariga ham ko‘chira olishardi, hayajon va intriga butun mavsum davomida, matbuot anjumanlarida ham ro‘y berardi. Pep ham, Klopp ham bir-biriga nisbatan o‘ta do‘stona munosabatni saqlab qolishyaptiki, ushbu raqobatni Venger va Fergyuson yoki Pep va Mourino ziddiyatlariga solishtirish qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Nima bo‘lgandayam, ayni damda Yevropaning eng kuchli deb hisoblanayotgan bu ikki jamoasi bir oy ichida uchta yirik sovrin uchun bahs olib borishadi. APLdagi raqobat so‘nggi turlargacha davom etishi shubhasiz, Chempionlar Ligasida esa finalda to‘qnash kelish mumkin. Undan oldin esa dunyoning eng qo‘hna turniri sanalgan Angliya kubogi yarimfinali, «Uembli» kutib turibdi.

Foto: Getty Images

Jamoalar holatini tilga oladigan bo‘lsak, manchesterliklar Madridda «Atletiko»ga qarshi juda qiyin bahsni o‘tkazdilar. Simeone shogirdlariga qarshi har qanday o‘yin juda katta jismoniy kuchni olishi turgan gap. Shu tomondan, «Benfika»ga qarshi birinchi uchrashuvdayoq masalani deyarli hal qilgan va javob o‘yinida Trent, Roberson, Van Deyk, Alkantara, Saloh, Mane, Fabino kabi yetakchilarga dam bergan «Liverpul» ancha yaxshi holatda bo‘lishi turgan gap. Ammo tanganing ikkinchi tomoniyam bor – Klopp shogirdlari uch kun o‘tib APL doirasida «Manchester Yunayted»ga qarshi maydonga tushadilar. Bir necha turnirning hal qiluvchi pallasida liverpulliklar o‘zlarini qanday tutishlari rostanam qiziq.

Bundan tashqari, bugungi o‘yinda manchesterliklar safida Kevin De Bryuyne va Uokerning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Ular Madriddagi o‘yinda kichik jarohatlar olishgandi.

Darvoqe, «Liverpul» ushbu sovrinni 16 yil oldin, 2006 yilda qo‘lga kiritgan. Umuman jamoaning Angliya kubogida oxirgi finaliga ham roppa-rosa o‘n yil bo‘ldi. APL va Chempionlar Ligasidan so‘ng, balki zabt etish mumkin bo‘lgan navbatdagi turnir...

17 aprel (yakshanba)

Angliya kubogi. Yarimfinal

CheLSI – KRISTAL PELAS

O‘yin boshlanish vaqti: 20:30

Ertaga «Uembli»da Angliya kubogining ikkinchi yarimfinali bo‘lib o‘tadi va aytish mumkinki, birinchisidan aslo qolishmaydi. Birinchidan, bu London derbisi, ikkkinchidan esa aynan Angliya kubogi finali bu jamoalar uchun begona emas. «Kristal Pelas» 2015/16 mavsumda Alan Pardyu qo‘l ostida finalgacha yetib borgan va faqat qo‘shimcha vaqtlardagina mag‘lubiyatga uchragandi. Umuman jamoa tarixida ikkita finaldan boshqa hech narsa yo‘q – Viyeyra burgutlarni tarixidagi ilk sovringa yetaklayotgan bo‘lsa ne ajab.

«Chelsi» esa oxirgi ikki mavsumda finalda mag‘lubiyatga uchrab kelmoqda. Umuman oxirgi besh mavsumda «Chelsi» 4 marotaba finalga chiqdi va faqat 2018 yilda g‘alaba qozondi. Ikki marta «Arsenal»ga, o‘tgan yili esa «Lester»ga finalni boy bergandi. Turnirda eng ko‘p «Arsenal» (14) g‘alaba qozongan. «Yunayted»da 12ta, «Chelsi» va «Tottenhem»da esa 8tadan g‘alaba bor. Demak «Chelsi» bu borada toza uchinchi o‘ringa chiqib olish imkoniyati uchun kurashadi. Chempionlar Ligasidagi alamli mag‘lubiyat esa Tuxel shogirdlarida mavsumni biror sovrin bilan yakunlash uchun yagona imkoniyatni qoldirdi.

Ushbu raqiblar o‘rtasidagi derbilarda, ayniqsa, so‘nggi yillarda «Chelsi»ning yaqqol ustunligi bor. Oxirgi o‘n uchrashuv «Chelsi»ning g‘alabasi bilan yakunlangan. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, Patrik Viyeyraning jamoasi top-klublarga qarshi munosib o‘ynay olmoqda. Fevralda bo‘lib o‘tgan so‘nggi to‘qnashuvni eslang, faqat Ziyoshning so‘nggi daqiqalardagi zarbasi Tuxel shogirdlariga uch ochko olib kelgandi. «Kristal Pelas» bu mavsumda «Tottenhem» va «Arsenal»ni yirik hisobda yengdi, «Manchester Siti»dan ochko olishni uddaladi. Ya’ni «Chelsi»ga oson bo‘lmasligi shubhasiz.

Buning ustiga «Chelsi» hafta o‘rtasida Madridga safar qildi va o‘ta muhim uchrashuvda maydonga tushdi. «Kristal Pelas» esa hafta davomida chalg‘imay ushbu yarimfinalga tayyorgarlik olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tarkib borasida esa tomonlar deyarli teng holatda. «Chelsi»da Lukaku va kovidga uchragan Barklining maydonga tushishi so‘roq ostida. Viyeyra esa Olise, Fergyuson, Mitchel hamda Xyuzning yordamidan foydalana olmaydi.

Bundesliga. 30-tur

BAYYeR – LeYPsIG

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

Erik Ten Hagning «Manchester Yunayted»ga o‘tishi haqidagi xabarlar orasida «Leypsig» nomi ham ko‘p tilga olindi. Klub juda katta loyiha boshlayotgani, Ten Hagga bor sharoitni yaratib berib, Bundesliga taxtidan «Bavariya»ni tushirishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, niderlandiyalik murabbiy Manchesterni tanladi, ammo bu «Leypsig» rahbarlarini shashtidan qaytarmasligi aniq. Xususan, Domeniko Tedesko mavsum o‘rtasida jamoani qabul qilib olgach, juda yaxshi ish olib boryapti.

O‘tgan yilning dekabr oyida Tedesko jamoani qabul qilib olgach, dastlabki uch o‘yindan bir mag‘lubiyat va bir durang qayd etdi. Ammo keyin «Leypsig» deyarli «Barselona» rejimida davom etmoqda – keyingi 16 o‘yindan atigi bir mag‘lubiyat. U ham bo‘lsa, «Bavariya» bilan safar o‘yinida qayd etildi xolos. Mana shunday seriya yordamida jamoa Bundesligada Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beradigan o‘rinlardan biriga qaytdi, Germaniya kubogi va Yevropa Ligasida yarimfinalga chiqdi. Ayniqsa, Yevropa Ligasida «Atalanta» kabi kuchli jamoa ustidan qozonilgan g‘alaba juda qadrli. O‘sha o‘yinda dubl qayd etgan Kristofer Nkunkuning nomi esa Benzema va Mbappe kabi yulduzlar bilan birga tilga olinmoqda – uning joriy mavsumdagi gol+pas ochkosi 30ga yetdi.

«Bayyer» aksincha, masvum boshlarida ancha yaxshi natijalar qayd etgan va ma’lum vaqt «Bavariya» bilan tengma-teng borgandi. Ammo keyinchalik natijalar pasaydi. Shunday bo‘lsa-da, leverkuzenliklar uchinchi o‘rinda borishmoqda. «Bayyer»da 52, «Leypsig»da esa 51 ochko mavjud. Demak bu o‘yin g‘olibi uchinchi o‘ringa mustahkam joylashib olish bilan birga 48 ochko bilan ortdan quvib kelayotgan «Frayburg»dan uzoqlashib oladi. O‘rtada Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi tikilgan.

Tarkiblar borasida mezbonlarda yo‘qotishlar ko‘proq. Lunev, Virs, Frimpong, Belarabi, Ozmun va Fosu-Mensalarda jarohatlar bor. Mehmonlardan esa jamoa yetakchilaridan biri Amadu Aydara maydonga tusha olmaydi. U milliy jamoa safidagi uchrashuvda jarohatlangandi.

Eslatib o‘tamiz, jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvi «Bayyer»ning 3:1 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan tugagandi. Bu «Bayyer»ning «Leypsig» ustidan ikkinchi g‘alabasi bo‘lgan va qizig‘i, aynan Liverkuzenda, o‘z muxlislari qarshisida «Bayyer» bu raqibini yenga olmay kelmoqda. Shu paytgacha o‘tkazilgan besh o‘yindan uchtasida durang qayd etilgan bo‘lsa, ikki uchrashuv «Leypsig»ning g‘alabasi bilan yakunlangan.

La Liga. 32-tur

SeVILYa – ReAL MADRID

O‘yin boshlanish vaqti: 23:55

«Real» Chempionlar Ligasi yarimfinaliga chiqdi va «Siti»ga qarshi o‘yingacha La Ligada ikki o‘yin o‘tkazadi. Madridliklar bu o‘yinlarda g‘alaba qozonishsa, mavsum tugashiga 5 tur qolganda 9 ochkolik farqni saqlab qolgan bo‘lishadi. So‘nggi turlarda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Atletiko», «Betis» kabi raqiblar ham borligini inobatga olsak, «Real» uchun hozirgi masofani saqlab qolish juda muhimdir. Zero boshqa turnirlardagi ishtirokini yakunlagan «Barselona» deyarli ochko yo‘qotmayapti.

To‘g‘ri, yo‘q joydan intriga yaratish ham shart emas, zero «Sevilya» uchun ham bu o‘yin juda ahamiyatlidir. «Sevilya» La Ligada oxirgi besh uchrashuvda atigi bir marotaba – o‘tgan turda «Granada» ustidan g‘alaba qozona oldi, xolos. Uzoq vaqt katta farq bilan 2-o‘rinda borgan andalusiyaliklar agar bu uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrasa, hatto beshinchi o‘ringa tushib ketishi ham mumkin. 57 ochkodan to‘plagan «Atletiko» va «Betis» atigi uch ochko masofada quvib kelmoqdalar. Lopategi qo‘l ostida juda yaxshi va barqaror o‘ynab kelayotgan «Sevilya» yakundagi pasayish hisobiga Chempionlar Ligasi yo‘llanmasidan quruq qolishi, albatta, klub rejasiga kirmaydi.

Har ikki jamoada ham yo‘qotishlar yetarli. Mezbonlar safida Fernando, Rekik, Suso hamda Delayni sheriklariga yordam bera olmaydi. Mehmonlarda esa uchrashuvda qatnashishi so‘roq ostida qolgan futbolchilar juda ko‘p. Kazemiro «Xetafe»ga qarshi o‘yinda sariq kartochka olgan va diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. Azar mavsum oxirigacha o‘ynay olmaydi. Marselo bir necha haftaga safdan chiqdi. Sebalosda kovid aniqlandi. Mendi va Nacholarda ham kichik jarohatlar bor va «Sevilya» bilan o‘yinda maydonga tushishlari shubha ostida. Karim Benzema haqida ham shunday deyish mumkin. Fransiyalik hujumchida jarohat bo‘lmasa-da, charchoq borligi, muhim yarimfinallar oldidan Anchelotti unga dam berishi mumkinligi aytilmoqda.

Foto: Getty Images

2018 yilning sentabrida «Sevilya» o‘z maydonida «Real»ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. Shundan buyon o‘tgan 6 uchrashuvning 5tasida «Real»ning qo‘li baland kelgan, bir o‘yin durang bilan yakunlangan. Birinchi davradagi to‘qnashuvda madridliklar 2:1 hisobida ustun kelishgan, Sevilyadagi oxirgi o‘yinda esa Bununing avtogoli mehmonlarning minimal hisobdagi g‘alabasiga sabab bo‘lgandi.

A Seriya. 33-tur

18 aprel (dushanba)

NAPOLI – ROMA

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00

Italiyada chempionlik kurashi avjiga chiqqan va «Napoli» hamon ushbu poyga ishtirokchilaridan biri bo‘lib turibdi. Afsuski, o‘tgan turda Spaletti shogirdlari o‘z maydonida «Fiorentina»ga yutqazib qo‘ydi va chempionlik kurashida jamoaning imkoniyati milanliklarga nisbatan pasaydi. Ammo deyarli har turda peshqadamlardan kimdir ochko yo‘qotayotganini e’tiborga olsak, «Napoli»da hali imkoniyat bo‘lishi turgan gap.

Neapolliklar hozirda «Inter»dan 3, «Milan»dan 5 ochko ortda bormoqda. «Milan»da bir uchrashuv ko‘proq o‘tkazilgan. Ya’ni har ikki raqobatchi bilan «Napoli»ni birgina muvaffaqiyatsiz uchrashuv ajratib turibdi xolos. Neapolliklar uchun ushbu o‘yinning yana bir ahamiyatli tomoni, jamoaning keyingi raqiblari asosan o‘rtamiyona va autsayderlardir. Masalan, «Milan»ni oldinda o‘sha «Fiorentina», «Latsio», «Atalanta»ga qarshi qiyin uchrashuvlar kutib turibdi. «Inter»ning ham «Roma» bilan o‘yini bor. Xullas, «Napoli» ushbu o‘yinda ochko yo‘qotmasligi shart.

O‘z navbatida «Roma»ning ham o‘z kurashi bor. A Seriyada 9 yanvardan beri yutqazmay kelayotgan Mourino shogirdlari top-4ga deyarli yaqinlashib olishdi. «Yuventus» bilan oradagi farq 5 ochkoni tashkil qilmoqda xolos. To‘g‘ri, pastda ham «Fiorentina», «Latsio», «Atalanta» kabi raqiblar quvib kelyapti, buning ustiga oldingi abzatsdan sezgan bo‘lsangiz, «Roma»ni qiyinroq taqvim kutmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Mourino jamoalari burchakka qadalganda natija ko‘rsata olishini ham yaxshi bilamiz. Shuningdek, «Roma» Konferensiyalar kubogida nihoyat «Budyo Glimt»ni yengishning uddasidan chiqdi va endi yarimfinalda «Lester»ga qarshi o‘ynaydi. Xulosa qilish mumkinki, hozirda «Roma»ning sport formasi ham, natijalari ham joyida va Mourino «Roma»ning ustunliklari va asosiy qurollarini o‘zi uchun aniqlab oldi. Afsuski, Shomurodov ularning orasida yo‘q.

Foto: Getty Images

Balkim, unchalikmasdir, Shomurodovning o‘z so‘zini aytish pallasi yetib kelgandir? Abraham «Budyo»ga qarshi uchrashuvda gol urish bilan birga jarohat ham oldi va kamida ikki hafta maydoga tusha olmasligi mumkin. O‘sha o‘yinda het-trik qayd etgan va umuman «Roma» hujum chizig‘i yetakchilaridan biri bo‘lgan Dzanolo ham jarohat oldi. Aytishlaricha, Pellegrini ham maygacha safga qaytmasligi mumkin. «Salernitana»ga qarshi o‘yinda atigi 22 daqiqa harakat qilgan bo‘lsa-da, juda yaxshi vaziyatlar yaratgan va yuqori baho olgan Eldor balki nihoyat Mourinoning ishonchini qozonar? «Roma»ning asosiy uch quroli chetga chiqqan paytda Shomurodov qutqaruvchi vazifasida namoyon bo‘lar?

BOShQA O‘YINLAR

16 aprel. TOTTeNHEM – Brayton (16:30), BORUSSIYa D – Volfsburg (18:30), MANCheSTeR YuNAYTeD – Norvich (19:00), Sauthempton – ARSeNAL (19:00), YuVeNTUS – Bolonya (21:30)

17 aprel. Arminiya – BAVARIYa (18:30), ATLeTIKO – Espanol (19:15), PSJ – Marsel (23:45)

18 aprel. BARSeLONA – Kadis (23:55).

Ko‘proq yangiliklar: