Madridda fantastika, Myunxenda sensatsiya. YeChLda yarimfinal uchun o‘yinlar

Sport 15:05 / 13.04.2022 34499

London jamoasi avvaliga «Santyago Bernabeu» o‘zi uchun kerakli bo‘lgan uch golni urdi, ammo overtaymlarda mag‘lub bo‘lib, «Qirollik klubi»ni yarimfinalga kuzatib qo‘ydi.

Real — Chelsi 2:3
Gollar:
 Rodrigo (80), Benzema (96) — Maunt (15), Ryudiger (51), Verner (75).
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba, Nacho (Vaskes, 88), Mendi (Marselo, 78), Modrich, Kroos (Kamavinga, 73), Kazemiro (Rodrigo, 78), Valverde, Benzema, Vinisius Junior (Sebalos, 115). 
Chelsi – Mendi, Tiago Silva, Ryudiger, Jyeyms, Alonso, Loftus-Chik (Saul, 105), Kovachich (Jorjino, 105), Kante (Ziyosh, 100), Maunt, Haverts, Verner (Pulishich, 83).
Ogohlantirishlar: Jyeyms (10), Benzema (37), Valverde (68), Kamavinga (90+1), Ziyosh (102), Haverts (109), Aspilikueta (113), Karvaxal (118).
Birinchi o‘yin — 3:1.

Tuxelning rejasi
«Chelsi» bosh murabbiyi Tomas Tuxel o‘z jamoasining Madridda qanday o‘ynashini quyidagicha tushuntirgandi: «Bizga fantastik ssenariy kerak». To‘g‘ri bo‘lib chiqdi — safardagi gol qoidasi bekor qilingani londonliklarning ishini osonlashtirgandi, ammo uydagi 1:3 hisobidan keyin ko‘klar baribir mo‘jizaviy o‘yin ko‘rsatishi talab etilardi. «Santyago Bernabeu»da ikki gol urib, o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tkazish ham — juda murakkab vazifa edi.

Buni uddalash uchun Tuxel shunday reja o‘ylab topishi kerak ediki, bu Karlo Anchelotti uchun tushunarsiz bo‘lsin. Bunday ish nemis mutaxassisining qo‘lidan kelardi: «Stemford Brij»dagi o‘yinning ikkinchi bo‘limida, 46-daqiqada Benzema het-trigini amalga oshirganidan keyingi vaqt davomida inglizlar yomon o‘ynashmagandi, bu vaqtda jamoa o‘z darvozasi tomon birorta zarba berilishiga yo‘l qo‘ymagandi.

O‘sha uchrashuvda tanaffusdan keyin «Chelsi» to‘rt himoyachili sxemaga o‘tdi — Tuxel «Santyago Bernabeu»da ham aynan shunday blok tanladi. Shu bilan birga, u barchani chalkashtirib yubordi. Shanba kuni uning jamoasi APL o‘yinida «Sauthempton»ga javobsiz olti gol urgan va ikkinchi bo‘limda murabbiy kutilmagan taktik g‘oyani sinab ko‘rgandi: Jyeymsni himoya uchligi markaziga qo‘yib, Loftus-Chikdan — o‘ng qanot laterali yasagandi. «Real»ga qarshi o‘yin boshlang‘ich tarkibi e’lon qilinganida, ko‘pchilik «Chelsi» futbolchilari shunday joylashishini kutishdi — barcha noodatiy taktika shu o‘yin uchun test qilingan deb o‘ylagandi.

Mehmonlarning ideal starti
Ammo Tuxel 4-3-1-2 sxemasini tanladi va o‘yindan oldingi intervyusida madridliklarga qanday qarshilik qilmoqchiligi haqida gapirishni lozim topmadi. Futbolda barcha jihatlar muhim: germaniyalik murabbiy o‘yin startiga 15 daqiqa qolganida ham o‘z taktikasini oshkor etishni xohlamadi. Jyeymsni himoya to‘rtligida ko‘rish odatiy holat emas, u — hujumkor himoyachi, ammo bu o‘yinda Ris Vinisiusga biriktirildi. Umuman olganda, «Chelsi»ning himoyadagi rejasi o‘zini oqladi: «Real» bir yarim bo‘lim davomida darvoza sohasiga birorta aniq zarba ham, jarima maydoni ichidan zarba ham yo‘llay olmadi. Barcha zarbalar uzoq masofalardan berildi va xato ketdi. Hatto Benzemaning magiyasi yo‘qolib qoldi — fransuz futbolchisi o‘yinning bu qismida shunchaki o‘yindan uzilib qoldi.

Anchelotti esa o‘yin tuzilmasini o‘zgartirmadi va tarkibda ham faqat bitta majburiy o‘zgarish qildi — diskvalifikatsiyaga uchragan Eder Militao o‘rnini himoya markazida Nacho egalladi. Aynan shu hududda 15-daqiqada sust harakat qildi: «Chelsi»ning uzoq davom etgan hujumidan keyin Alabaning asablari dosh bermadi va o‘z pozitsiyasini tashlab to‘p tomon oldinga bordi va Maunt uchun bo‘shliq qoldirdi. 0:1 — Tuxel uchun ideal start bo‘ldi, o‘yin arafasida u tezkor golni xohlashini aytgandi.

«Real» esa juda passiv edi — xuddi 1/8 finalning «PSJ»ga qarshi ilk o‘yinidagi kabi. Bu o‘yinda yaxshiroq pressing uyushtirildi, ammo «Chelsi» bunday bosim ostida o‘ynay oladi: birinchidan, Londondagi dahshatdan keyin Mendini to‘pga yaqinlashtirishmadi, ikkinchidan qanotlar juda faol ochildi, bu orqali ko‘klar pressing-qopqonlarni aylanib o‘tishdi. Ammo inglizlar tanaffusga qadar juda muhim bo‘lgan ikkinchi golni ura olishmadi.

Vernerning porlashi
Tuxelning murakkab sxemasidan tashqari boshqa ko‘plab g‘oyalar ham tayyorlangandi. Verner qo‘lidan kelgancha yaxshi o‘ynadi: himoyachilarni o‘zi bilan olib yurib, Havers va doimiy ravishda hujumlarga qo‘shilgan Loftus-Chik uchun bo‘shliqlar ochib berdi. Ruben esa gibrid ampluadagi faolligi bilan hayron qoldirdi. O‘tgan mavsumda «Fulhem»da u ba’zida yagona hujumchi pozitsiyasida o‘ynab turardi, bu o‘yinda esa bir vaqtning o‘zida ikki rolni bajara oldi va bu jamoaga katta foyda keltirdi.

«Real» asta-sekin «Chelsi»ning pozitsion hujumlariga moslashdi, ammo standart vaziyatlar haqida unutdi — Ryudiger burchak zarbasidan keyin boshi bilan darvoza to‘rini ishg‘ol etib, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra hisobni tenglashtirdi. Bu vaqtda «Qirollik klubi» muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda shovqin ko‘tarishdi: ularning nazdida aslida to‘p «Chelsi» futbolchisidan maydon tashqarisiga chiqqan va burchak zarbasi belgilanmasligi kerak edi. Ammo VAR bunday vaziyatlarni ko‘rib chiqmaydi. Shu bilan birga, videoarbitrlar keyinroq Alonso gol urgan vaziyatni o‘rganib chiqishdi va arbitr qo‘l bilan o‘yin uchun golni bekor qildi.

Bu vaziyatda ispaniyalik futbolchi Kurtua darvozasi «to‘qqizligi»ni nishonga olishidan oldin to‘p himoyachining barmoqlarini silab o‘tdi. Bunday holatlarda gol bekor qilinishi ko‘p jamoalarning kayfiyatini tushirishi mumkin, ammo «Chelsi»ning omadi keldi — keyingi epizodlarda Benzemaning zarbasi darvoza to‘siniga tegdi, Kroosning jarima nuqtasidan tepgan to‘pini Mendi bir amallab qaytardi. 

Hali ham ko‘klarga gol kerak edi va u urildi. Yana «Real» himoyasi markazi pand berdi va yana himoyachilar orqani yopishni unutishdi, so‘nggi bir yarim mavsumda ko‘pchilikning kulgisiga qolgan, bu oqshom esa uchinchi golni urgan Verner qahramonga aylanishi mumkin edi.

Ammo «Real» shunday yomon o‘ynagan kuni ham qayta oldi, chunki Luka Modrich hamon futbolda. Xorvatiyalik futbolchi ham bu kecha eng yaxshi o‘yinini o‘tkazmayotgandi, ammo u kerakli pallada endigina maydonga tushgan Rodrigoni aql bovar qilmas pas bilan ta’minladi va o‘yin overtaymlarga o‘tdi.

90-daqiqa o‘tib borayotganda aytish mumkin ediki, bu oqshom Madrid tarixiga afsonaviy o‘yinlardan biri sifatida kiradi. Tuxel birinchi o‘yindan keyin «Chelsi»da yarimfinalga chiqish uchun imkon yo‘qligini aytgandi, ammo u o‘zining yangi g‘oyalari bilan bajarib bo‘lmas ishni deyarli uddaladi. Londondagi 1:3 hisobidan keyin «Bernabeu»da 0:3 hisobi bo‘lishi — fantastik o‘yinlarga xos syujyet.

Ammo «Real» endi imkoniyatini boy berib qo‘ymadi: overtaym boshlanishi bilanoq Benzema butun o‘yin davomida o‘zidan kutilgan ishni qildi. Endi maydonda Londonda o‘ynagan jamoa edi — gol ham Karimning «Stemford Brij»dagi golini yodga solardi, bu safar ham Vinisius uzatma berdi.

Ikkinchi qo‘shimcha bo‘lim Tuxelning g‘azabnok ko‘zlari, o‘zinikilarga va hakamga baqirishi, shuningdek «Chelsi»ning umidsiz hujumlari bilan yodda qoldi. Londonliklarning mo‘jiza uchun limiti o‘yinning asosiy vaqtida tugab bo‘lgandi.

Yarimfinalga «Real» o‘tdi — ularni birinchi o‘yindan keyinoq u yerda kutishayotgandi, ammo jamoa buning uchun kambek qilishiga to‘g‘ri keldi.

Emeri «Yuventus» ortidan «Bavariya»ni dam olishga jo‘natdi

Bavariya — Vilyarreal 1:1
Gollar:
 Levandovski (52) — Chukvueze (88).
Bavariya – Noyyer, Ernandes (Devis, 87), Upamekano, Pavar, Goretska, Kimmix, Musiala (Gnabri, 82), Myuller (Shupo-Moting, 90), Levandovski, Koman, Sane. 
Vilyarreal – Ruli, Foyt, Albiol, Pau Torres, Estupinyan, Lo Chelso, Koklen (Chukvueze, 84), Kapu, Parexo (Ore, 90+3), Xerar Moreno, Danjuma (Pedrasa, 84).
Ogohlantirishlar: Levandovski (33), Foyt (59), Lo Chelso (90+1).
Birinchi o‘yin — 0:1.

«Bavariya» Yupp Haynkes va Hansi Flika davrida ham ba’zi o‘yinlarda bo‘shashib, bundesligada kutilmaganda ochko yo‘qotardi. Ammo hal qiluvchi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblarga qarshi o‘yinlarda myunxenliklar to‘liq tezlikda ishlashga kirishar va raqibni yakson etardi. Pley-off boshlanganida ham shunga o‘xshash holat kuzatildi, Germaniya chempionlari «Zalsburg»ga qarshi safar o‘yinda bazo‘r mag‘lubiyatdan qutulib qolishgandi (1:1), javob o‘yinida esa avstriyaliklar to‘liq tor-mor etildi (7:1).

O‘yindan oldingi intervyularda ham «Bavariya» birinchi o‘yindan keyin «Vilyarreal»dan naqadar ranjigani ko‘rinib turardi. Yulian Nagelsmann hatto zarur bo‘lsa «iflos» futbol namoyish etishga tayyorligi, taktik follar sodir etib, raqib o‘z o‘yinini ko‘rsatishga to‘sqinlik qilinishini aytdi. Revansh haqida gapirar ekan, «Bavariya» bosh murabbiyi shunday dedi: «Biz ko‘p gapirmasligimiz kerak, balki buni qilishimiz kerak».

Nagelsmann raqibni bir hafta oldin Unai Emeri qilgani kabi ajablantirmoqchi bo‘ldi. O‘shanda bask murabbiy myunxenliklarning qanotlarini to‘sib qo‘ygandi, tanlangan reja katta energiya talab qilgani uchun o‘yindan oldingi la liga turida boshlang‘ich tarkibni butunlay o‘zgartirib, futbolchilarga dam bergandi. «Bavariya» uch markaziy himoyachili sxemaga o‘tdi, bu orqali ikki maqsad ko‘zlangandi. Birinchidan, «sariq submarinalar»ning zich mudofaasini qanday qilib bo‘lsa ham ochish va kengaytirish talab etilardi. Ikkinchidan, jamoa o‘z himoyasidagi muammolarni maskirovka qilishi kerak edi.

Tanaffusga qadar vaqt davomida Nagelsmann istagan narsa ro‘y berdi, deyish qiyin. Aksincha, bo‘ldi deyish mumkin. Himoyada nisbatan tartibli o‘yin namoyish etilgan bo‘lsa-da, mehmonlar darvozaboni Ruli bo‘lim davomida zerikib qoldi. Bavarlarning sakkiz zarbasidan faqat bittasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi, shu bilan birga nemislar jamoasi krooslar bo‘yicha kosmik ustunlikka erishdi (18-0). Ammo hujumda bundan naf bo‘lmadi.

Myuller va Musiala vaqti-vaqti bilan hujumdan uzilib qoldi, hududlarni egallashda tushunmovchiliklar yuzaga keldi. Shu kunlarda «Barselona» bilan bog‘liq xabarlar markazida qolgan Levandovski esa faqat Raul Albiol bilan ikki marta «qattiq to‘qnashuv» orqali yodda qoldi. Birinchi vaziyatda polyak futbolchiga ogohlantirish berildi, ikkinchisiga hakam alohida e’tibor qaratmadi. Ammo agar Levandovski ikkinchi sariq kartochkani olish xavfi ostida qolganida ham, bu epizod VAR ko‘rib chiqishi kerak bo‘lgan holat emasdi.

Umuman olganda, futbolchini chetlatish bo‘yicha trevoga yolg‘on bo‘lib chiqdi. Xuddi ushbu superto‘purarning kelajagi borasidagi xabarlar kabi, o‘yin arafasida «Bavariya» boshqaruvi raisi Oliver Kan bu ma’lumotni rad etdi. «U keyingi mavsumda ham biz bilan bo‘lishi kerak. Biz har mavsumda 30-40 gol uradigan futbolchining transferini muhokama qiladigan darajada ahmoq emasmiz», — dedi myunxenliklar rahbari.

Samaradorlik borasidagi raqamlarda Kan ancha kamtarlik qildi. So‘nggi ikki mavsumda Levandovski klub uchun mos ravishda 55 va 46 tadan gol urgan, seshanba oqshomida esa u ilk imkoniyatidan foydalanib, darvoza burchagini aniq nishonga oldi va mavsumdagi gollari sonini 47 taga yetkazib qo‘ydi. Bu gol urilishi mantiqiy edi, chunki tanaffusdan keyin «Bavariya» o‘ziga o‘xshab o‘ynay boshladi. Futbolchilarning harakati tezroq, aniqroq va qat’iyroq edi. Golli hujum ham «Vilyarreal» uchun maksimal darajada noqulay vaziyatda yuzaga keldi — maydon markazida to‘p olib qo‘yilib, mehmonlar tezlik bilan bo‘sh hududlardan foydalanishdi

Bu muvaffaqiyatdan ilhomlangan mezbonlar ispanlar darvozasiga gollarni qatorlashtirmasa ham, o‘yinni o‘z foydasiga hal qilishi mumkin edi. Golli pas muallifi Myullerda yaqqol golli vaziyat bo‘ldi, ammo uning bosh bilan bergan zarbasi biroz xato ketdi. «Vilyarreal» esa o‘yinning qiyin qismida chidab berdi va ikkinchi golni o‘tkazmadi. O‘yin yakuniga borib ispanlar xavfli o‘ynay boshladi, Nagelsmann esa xatoga yo‘l qo‘yib, qanotga Deyvisni chiqardi. Ushbu kanadalik sun’iy ofsayd hosil qilishda jamoaning eng zaif nuqtasi edi va namunali qarshi hujumni Chukvueze qaytarib bo‘lmas zarba bilan yakunladi.

Emerining futbolchi almashtirishlari samaraliroq bo‘lib chiqdi. Bu mavsumga qadar Chempionlar ligasi pley-off bosqichlarida biror g‘alabaga erisha olmagan mutaxassis endi bir urinishda yarimfinalga yetib keldi. O‘yin oxirida hakam tomonidan ayalgan Levandovski esa «Bavariya» bilan yana muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Ko‘proq yangiliklar: