Migrant hikoyasi: “12 yildan buyon Moskvadaman. Hali ko‘rmagan nabiralarim ham bor”

Jamiyat 17:28 / 11.04.2022 32921

— Rossiyaga 2010 yil yanvar oyida kelganman. Bulung‘urdan 4 kishi kelgandik. Kimdir o‘zga yurtlarga kelib ishlash jarayonidagi qiyinchiliklar haqida gapiradi, ehtimol mening boshimdan o‘tganlar oldida ular hech narsa emasdir. Shunga qaramay, hech qachon qiynaldim deb aytmayman. Shu kunlarga yetkazganiga shukr, arzimagan pulga ishlagan paytlarim ham bo‘lgan.

Tikuv sexida 400 dollar maoshga ishlaganman. Hamroh bo‘lsa ikkimizning daromadimiz 800 dollar bo‘ladi, deb to‘ng‘ich o‘g‘limni yonimga chaqirdim. O‘shanda kichik o‘g‘lim 13 yoshda edi. Uch qizimning hammasini turmushga bergandim, u qudalarimnikida qolgan.

“Yaxshi niyat qilib ishlayverdik”

— Kelishim bilan uy xizmatchiligiga ishga kirdim. 82 yoshli nafaqadagi polkovnikka qarardim. O‘zi yura olardi, juda yaxshi inson edi. Ikki qizi bor edi. 500 dollar maoshga ishlaganman. 8 oycha ishlaganimdan keyin u kishi vafot etdi.

O‘sha paytda ishlar sotilardi, pul berib yangi ish sotib oldim. Qariyalarga qarash menga ko‘proq ma’qul kelardi. Keyingi ishimda o‘zim qaragan ayol kishi sil kasalligiga chalingani uchun oyligim yaxshi edi. Yaxshi niyat qilib, yuqmaydi deb ishlayverdim. Xudoga shukr, mana, sog‘lomman. O‘g‘lim ham yonimda edi. Yana qo‘shimcha ishim bo‘lgan. Jami bo‘lib 2000 dollar maosh olardim. O‘g‘lim do‘kondan 30 ming rubl olardi. Turar joylarimiz, ovqatimiz bepul edi. Ikkimiz 3000 dollar pul topardik. 4 yilcha shunday ishlaganman.

“Topgan pulimizga uylar qurdik, to‘ylar qildik, mashinali bo‘ldik”

— Keyin o‘rnimga qaynsinglimni qo‘yib, yurtga qaytdim. O‘g‘limni uylantirdim, to‘ylar qildik. Bu orada ikki qavatli uy qurdik. Kichik o‘g‘lim ulg‘ayib ustalarga o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. Spark oldik. O‘sha paytlar mashinamiz 11 ming dollarga tushgandi.

Rossiyaga yana keldim, lekin negadir ishlagim kelmay yana ortga qaytdim. Uyda 5-6 oy yurib kichik o‘g‘lim bilan yana qaytib keldim. O‘g‘lim shu yerda Moliya universitetining iqtisod fakultetida o‘qiydi, hozir 4-kurs. Kichik o‘g‘lim sirtqi ta’limda o‘qib ishlardi. Ketish niyatim bor, kichik o‘g‘lim bilan ishlab to‘ng‘ichimga ham uylar qurib berdik. Bir-birini qo‘llashdi.

Hozirgi ishimdan 50 ming rubl olaman, bu 600 dollar atrofida. Boshqa daromadim yo‘q. Avvallari qaragan ayollarim yotoqda edi, boshqa ish qilishim mumkin edi. Hozirgi ayol 95 yosh, yuradi, ammo aqli joyida emas. Shuning uchun boshqa ish qila olmayman. Izlamadim ham, biroz charchaganman. Balki shuning uchun ketgim kelar. O‘zim tikuvchiman. O‘zbekistonda tikuvchilik qilsam ham o‘sha pulni topaman aslida.

“Navro‘z sayillari haqida to‘lqinlanib gapirib berardim”

— Rus tilini maktabda yaxshi o‘qiganman. Bir akam harbiy xizmatda rus qizini yoqtirib, unga uylangandi. Yangam bilan bilganimizcha rus tilida gaplashardik. Tildan qiyinchilik bo‘lmadi.

Yana bir onaxonga qaradim; o‘g‘li “Pervyy” kanalda ishlardi, bir oyda bir marta, menga oylik berish uchungina kelardi. Bu uyda ishlab, shu atroflarda qo‘shimcha ishlar qilib kelardim. 100 ming rublgacha oylik daromadim bo‘lgan. Kichik o‘g‘lim o‘zim bilan turardi. Turar joy, oziq-ovqatlarimiz bepul edi. Qayerda ishlagan bo‘lsam, hammalari hurmat qilishar, yaxshi ko‘rishardi. Kechalari o‘tirishlarga chaqirishardi. Vatanimiz, to‘ylarimiz, nafaqalar haqida so‘rashadi. Undan sari ularga an’analarimiz, Navro‘z sayillari haqida to‘lqinlanib gapirib berardim. Yurtimni, an’analarimizni yaxshi ko‘raman.

“Qilgan amallarimiz o‘zimizga baribir qaytadi”

— Shirin muomala, to‘g‘ri so‘z bilan hamma joyda hurmat qozona olasiz. Bu yerda mening mantilarimni, oshimni, ovqatlarimni yaxshi ko‘rishadi. Hozir ish joyimda qo‘shnilar ham mantilarimni so‘rashadi. Hammalariga tarqataman. G‘ilmindi, oshlarimizni ularga tanitganman.

Yolg‘on gapirmadim, hech qachon birovning haqini yemadim, qo‘limdan kelgancha yangi kelganlarga yordam berganman. Hamyurtlarimiz ko‘chada qolgan paytlarida 10-15 kun, bir oylab men bilan turishdi. Bu gaplarni minnat uchun aytmayapman. Shunchaki amallarimizga yarasha javob qaytishini unutmasligimiz kerak. Bir oylab ish topa olmagan odamlar bo‘lardi. Ular non ko‘tarib kelsa ham urishardim. Kerakmas, ishlamayapsiz axir, derdim. Borini baham ko‘rardim. Ishga joylashishlariga qo‘limdan kelgancha qarashganman.

“12 yildan buyon Moskvadaman. Hali ko‘rmagan nabiralarim ham bor”

— Qaynsinglim, ovsinim bolalari bilan shu yerda. Bir-birimizga yordam berganmiz. Hayotimdan nolimayman. 12 nafar nabiram bor. Ularning chaqaloqligini deyarli ko‘rmaganman.12 yildan beri Moskvadaman. Garchi bu orada bir necha marta borib kelgan bo‘lsam-da, hali ko‘rmagan nabiralarim ham bor. Borsam tanishaman, bag‘rimga bosaman, nasib qilsa.

Internet bor, kuniga 2-3 marta nabiralarim bilan gaplashib ko‘nglim ko‘tariladi. Lekin baribir sog‘inaman. “Onajon, qachon kelasiz?” deb so‘rashadi. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda ketish niyatim bor, yurtimni, yaqinlarimni sog‘inganman.

Bu yerda bir onaxonga qarab, ovqatlarini pishirib o‘tirish qiyin emas. O‘zimiz tarafdan 4-5 ayollar bor, ular bilan ham ko‘rishib turamiz. Hammasi halol, pokiza ayollar. Ammo vatan, yaqinlar sog‘inchi odamni baribir qiynaydi.

Oilada 5 o‘g‘il, 5 qizmiz. Ikki akam, bir opam o‘tib ketishgan. Jigarlarimni sog‘inaman...

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: