Daladagi to‘qnashuv: Chiroqchida yer bilan bog‘liq janjalni keltirib chiqarayotgan omillar haqida

Jamiyat 09:57 / 09.04.2022 37242

31 mart kuni ro‘y bergan voqeaning tasvirlari ichki ishlar xodimlari ayollarga kuch ishlatyapti, deya talqin qilindi. Shu sababli Kun.uz muxbirlari voqea ro‘y bergan mahallada bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi, janjalga nima sabab bo‘lganiga oydinlik kiritdi.

Biz dastlab Oq oltin mahallasi raisi To‘laboy Usanov bilan uchrashdik. Oqsoqol janjallashayotgan tomonlar aslida qarindosh ekanini bildirdi. Mahalla raisining aytishicha, bu tortishuvlar birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q.

To‘laboy Usanov, Oq oltin mahallasi raisi

Avvalroq, mahallaning bir guruh fuqarolari fermer xo‘jaligi raisi Abdusattor Duxmarov ustidan ariza yozishgan. Unda bildirilishicha, Abdusattor Duxmarov «Shomurod ota» fermer xo‘jaligiga davlat tomonidan ajratilgan yerlardan o‘z o‘g‘illariga 5 gektardan bo‘lib bergan. Mahalla raisi tushgan arizani tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limiga yo‘naltirganini aytdi. Tumandagilar arizada ko‘rsatilgan vajlar asossiz ekanini ma’lum qilishgan.

Raisga ko‘ra, murojaatchilar Abdusattor Duxmarov o‘z fermer xo‘jaligi yerlaridan uy-joy qurish uchun qarindoshlariga bo‘lib bergan, ammo ularga ishlashiga monelik qilayotganidan norozi bo‘lib dalaga chiqishgan.

Biz fermer xo‘jaligi raisini topdik, undan fikrlarini so‘radik va mojaroli yerda bo‘ldik.

Fermer xo‘jaligi raisi, 72 yoshli Abdusattor Duxmarovning aytishicha, 2009 yilgi optimallashtirish asnosida 5 ta fermer xo‘jaligi tugatilib, unga chorvachilik uchun 118 gektar lalmi yer ajratib berilgan.

Keyinchalik uning yerining 31 gektari (uning qudalaridan biriga tegishli yer ekan) ajratilib, hozir fermer xo‘jaligida 87 gektar yer qolgan. O‘sha yerning 20 gektariga Mahmadoli Qangsharov hech qanday hujjatlarsiz da’vo qilmoqda.

Abdusattor Duxmarov

Barcha hujjatlarga ega Abdusattor ota o‘z fermer xo‘jaligiga tegishli o‘sha 20 gektar yerni 5 yildan buyon tasarruf eta olmayotgani, shudgorlay olmayotgani, uning bir qismiga bodom ko‘chatlari ekishni niyat qilib eka olmayotganini aytdi.

«Dalaga traktor solsak, o‘zi, qarindosh urug‘i bilan traktor tagiga yotib oladi. Yerni haydab bo‘ladimi bunaqada?» dedi A.Duxmarov.

Bu borada fermer sudga, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Mahmadoli Qangsharovni yerdan majburiy chiqarish to‘g‘risidagi ijro hujjatlariga ham ega.

20 gektar yerni bir paytlar Mahmadoli Qangsharov ishlatgan. Yer «Shomurod ota» fermer xo‘jaligiga qo‘shilganidan so‘ng ham Mahmadoli aka uni rais bilan og‘zaki kelishuv asosida ko‘p yillar mobaynida ishlatib yurgan. G‘alla ekishgan, davlat rejasini topshirib kelishgan. Evaziga esa hech qachon fermerdan g‘alla puli olishmagan (fermer xo‘jaligi raisi g‘alla pulini bermaganiga sabab qilib, soliqlar to‘lashini pisanda qildi).

Mahmadoli Qangsharov

Shuningdek, yeri «Shomurod ota» fermer xo‘jaligi tarkibiga qo‘shilib ketgan boshqa fermerlardan biri Xo‘jaqul Nurmanov ham Abdusattor Duxmarov kelishuvni buzganini aytmoqda. 2009 yilda u 2 yilda pensiyaga chiqaman, keyin yer o‘zlaringga qoladi, deb kengaygan fermer xo‘jaligini o‘z nomiga rasmiylashtirgan.

Xo‘jaqul Nurmanov

Xullas, ma’lum qilishlaricha, bu lalmi dalalarda bug‘doy yetishtirish mumkin, shuningdek, aholi kechki tarvuz ekib kun ko‘radi. Janjal o‘sha 20 gektar yerni shudgorlashdan kelib chiqqan.

O‘zini qonunan haq deb biluvchi fermer tarafning iddaosiga ko‘ra, Mahmadoli Qangsharov shudgorlash chog‘ida ataylab mahalladagi xotin-xalaj va yoshlarni qarshilik ko‘rsatishga targ‘ib qilib, dalaga chorlagan.

Dalaga kelib ichki ishlar xodimlari bilan tortishgan ayollar esa bunday bo‘lmagani, «hammaga fermer yer bo‘lib berarkan», degan mish-mish oralagani, shuning uchun dalaga kelishganini aytishmoqda. Ularning erlari va erkak qarindoshlarini ichki ishlar xodimlari IIBga olib ketishga chog‘langanda, ayollar IIO xodimlariga yopishishganini hikoya qilib berishdi.

Hozir ichki ishlar xodimlarining tepasida qarab turishi bilan, 16 gektar yer shudgorlangan. 4 gektar yer zaxiraga qoldirilgan. Uyi oldidagi o‘sha 4 gektar yerni tender orqali Mahmadoli Qangsharov yutib olishi mumkin.

Biz voqealarga aniqlik kiritish uchun Chiroqchi tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘linmasining 4-son ichki ishlar bo‘limida bo‘ldik.

Bo‘lim boshlig‘i Anvarxon Qiyomov kameraga intervyu berish uchun boshliqlaridan ruxsat olishi kerakligini aytdi. Lekin shunda ham voqea qanday yuz berganini gapirib berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, yomg‘irlar cho‘zilgach, kechikib ketgan shudgorlash ishlarini amalga oshirish uchun fermer Abdusattor Duxmarov tuman hokimligi, sektor rahbari, ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Ariza bo‘yicha ichki ishlar bo‘limi xodimlari borib, Mahmadoli Qangsharov va boshqalarga shudgorlash ishlariga monelik qilmaslikni tushuntirishgan.

3 nafar xodim shudgorlash ishlari tepasida qolgan. Hech qanday mojaro ro‘y bermagach, ular tuman markaziga majlisga qaytishgan. Tushdan so‘ng dalada janjal yuzaga kelgan. 4 nafar xodim tinchitishga borgan. Aholi shudgorlanayotgan traktorlarga tosh va kesak bilan hujum qilishgan, ketmon va boshqa dastali narsalar bilan qurollanib qarshilik ko‘rsata boshlagach, Anvarxon Qiyomov uchastka nozirlaridan iborat guruh bilan o‘zi borgan.

Janjalda eng ashaddiy qarshilik ko‘rsatib, bunga boshqalarni ham faol chorlagan ikki ayolni ichki ishlar bo‘limiga olib ketishga qaror qilishgan. Ana shu jarayonning tasviri internetda tarqalgan.

«Biz borib fermer yoki boshqaning yonini olish emas, shunchaki janjal yuzaga kelmasligi, odamlar bir-biriga tan jarohati yetkazib qo‘ymasligi uchun mas’ulmiz. Agar yetib bormaganimizda, biror kor-hol ro‘y bersa, kimdir og‘ir tan jarohati olsa ham hamma birinchi navbatda ichki ishlar qayoqqa qarayapti deb, bizni aybdor qilgan bo‘lar edi», — dedi Anvarxon Qiyomov.

Qolaversa, bu janjal birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Avval ham fermerning arizasiga ko‘ra, Mahmadoli Qangsharovga ma’muriy chora qo‘llanib, ish sudga oshirilgan ekan.

Kechagi janjaldan so‘ng ham fermer arizasiga ko‘ra uch nafar fuqaroga chora ko‘rilgan. Ularning barchasi erkaklar. Ayollarga chora ko‘rilmagan.

Mavjud vaziyatda uzoq qishloqdagi qir va adirlarda joylashgan lalmi yerlarning birgina fermerga biriktirilgani bizga qonuniy, lekin adolatsizlikdek tuyuldi.

O‘zingiz o‘ylang: qishloq ahli, ayniqsa yoshlar yerda ishlay desa – yer birovning qo‘lida. Egasi ishlatgani qo‘ymaydi. Bilagi kuchga to‘la yoshlar esa ishsizlikdan Rossiyaga bormoqda. Hozir ko‘plari u yerdan ham ishning puturi ketib, qaytib kelishgan. Mahallada ijtimoiy taranglik vujudga kelgan. Buni shu mahallada yashovchi onaxonlar ham ta’kidlashdi. Ular farzandlari mehnat qilishi uchun davlat yerni taqsimlab berishini istashadi.

Bu borada 76 yoshli Davron Cho‘qmorov o‘z fikrlarini bildirdi. Nuroniy otaxonga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarini optimallashtirish niqobi ostida katta yer egalariga aylangan fermerlar bugungi kunga kelib, o‘z tarkibiga kirishga majbur bo‘lgan kichik fermerlar huquqlarini oyoqosti qilmoqda.

«Bu qishloqda hali-beri janjal tugamaydi. Toki kichik fermerlarga ham yer bo‘lib berilib, qo‘liga muhr berilmas ekan», — dedi D.Cho‘qmorov.

Anglashilyaptiki, Oq oltin mahallasida vujudga kelgan bu vaziyatni Chiroqchi tumanidagi mas’ullar hal qila olmaydi. Qashqadaryo viloyatidagilarning ham kuchi yetmaydi. Hozir tuman Chiroqchi va Ko‘kdala tumanlariga bo‘linmoqda. Yerlar, dalalarning hisob-kitobi chiqarilmoqda. Shu bahonada hukumat darajasida qaror qabul qilinib, respublika ishchi guruhi tuzilib, tumandagi lalmi yerlarning aniq hisobi chiqarilishi shart. Odamlarni, ayniqsa yoshlarni ish bilan ta’minlash, oilaviy dehqonchilikni rivojlantirish uchun yerlar qayta hisob-kitob qilinib, ishlayman deganlarga lalmi yerlar teng taqsimlanishi kerak.

Aks holda «bu yerlarda mening ulushim ham bor», deb hisoblovchilar va fermerlar o‘rtasida janjallar kelib chiqaveradi. Ularni murosaga keltirish, bunday janjallar avj olmasligi uchun kuch ishlatishga majbur bo‘lgan ichki ishlar xodimlari esa aybsiz aybdor bo‘lib qolaveradi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: