Xorazmlik tadbirkor 5 yildan buyon kompensatsiya ololmayapti, hokim qarori ham soxtalashtirilgan

Jamiyat 18:16 / 08.04.2022 16648

Do‘konning buzilishi va kelishuv shartnomasi

2017 yilda Urganch shahri, Abulg‘ozi Bahodirxon ko‘chasida joylashgan Humoyun Masharipovga tegishli umumiy yer maydoni 92 kv.m. bo‘lgan do‘kon binosi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzib olinadi.

Yetkazilgan zararni qoplash uchun Urganch shahar hokimligi va tadbirkor o‘rtasida kelishuv shartnomasi imzolanadi. Unda hokimlik X.Masharipovga Amudaryo ko‘chasidagi yangi loyihalashtirilgan savdo majmuasining 1-qavatidan 50 kv.m., 2-qavatidan 50 kv.m., jami 100 kv.m. SAVDO MAYDONI ajratib berish majburiyatini zimmasiga oladi.

Hokimlik va tadbirkor o‘rtasida imzolangan kelishuv shartnomasi bandi

Hokimlik kelishuv shartnomasini buzdi

Urganch shahar hokimligi 2019 yil 7 avgustda X.Masharipovga savdo do‘koni qurish uchun Amudaryo ko‘chasidagi yangi loyihalashtirilgan savdo majmuasining 1-qavatidan 50 kv.m., 2-qavatidan 50 kv.m., jami 100 kv.m. YeR MAYDONINI doimiy foydalanish uchun ajratish to‘g‘risidagi 1940q-sonli qarorni qabul qiladi.

E’tiborli jihati shuki, kelishuv shartnomasida tadbirkorga 100 kv.m. SAVDO MAYDONI ajratilishi ko‘zda tutilgan edi. Hokim qarorida esa bu band 100 kv.m. YeR MAYDONI sifatida ko‘rsatilgan. Oqibatda, kelishuv shartnomasi va qaror o‘rtasida jiddiy farq paydo bo‘ladi – hokimlik kelishuv shartnomasida ko‘rsatilmagan bandni o‘z qaroriga kiritadi.

Tadbirkor hujjatlardagi farqni bartaraf qilishga urinadi, hokimlik uni «sudga jo‘natadi»

Humoyun Masharipov kelishuv shartnomasi va qarordagi farqlarni bartaraf qilish maqsadida Urganch shahar hokimligiga murojaat qiladi. Tadbirkor 2017 yilda tuzilgan kelishuv shartnomasi bandini o‘zgartirish yoki uni bekor qilib, boshqa kelishuv shartnomasini imzolash haqida so‘raydi. Ammo Urganch shahar hokimligi unga kelishuv shartnomasini o‘zgartirish yoki bekor qilish haqida sudga murojaat qilishi lozimligi haqida javob qaytaradi.

Aslida bunga hech qanday zarurat yo‘q edi. Fuqarolik Kodeksining 384-moddasida bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa — 30 kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.

Urganch shahar hokimligiga kelishuv shartnomasiga o‘zgartirish kiritishga hech qanday holat monelik qilmagan edi. Kelishuv shartnomasini o‘zgartirish uchun sudga murojaat qilish haqidagi javob mutlaqo o‘rinsiz bo‘lgan.

Osmondan ajratilgan yer

Ajablanarli holat shundaki, Urganch shahar hokimining 1940q-sonli qarorida X.Masharipovga savdo majmuasining 1-qavatidan 50 kv.m., 2-qavatidan 50 kv.m., jami 100 kv.m. YeR MAYDONINI doimiy foydalanish uchun ajratilishi belgilangan. Ya’ni hokimlik aslida 50 kv.m. yer ajratgan holda, ikkala qavat maydonini qo‘shib, «100 kv.m. ajratildi» deb rasmiylashtirmoqda. Amalda tadbirkorga yerning bir qismi osmondan ajratilgan bo‘lib chiqmoqda.

Qurilishning boshlanishi va kutilmagan «syurpriz»

Humoyun Masharipov 2020 yilda 1940q-sonli qarorga asosan Arxitektura reja topshirig‘ini (APZ) ishlatib, Qurilish boshqarmasidan ruxsat olib, barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, 100 kv.m. yer maydonida qurilish ishlarini boshlagan, poydevor tiklagan. Ammo keyingi voqealar uning uchun mutlaqo kutilmagan «syurpriz» bo‘ladi.

«Poydevor tiklab olganimdan so‘ng, qo‘shni hudud egasi, «Xorazm milliy taomlari» MChJ rahbari ushbu yer maydonining bir qismi o‘ziniki ekanini aytib, e’tiroz bildirdi. Men unga hujjatlarimni, hokim qarorini ko‘rsatdim. U ham o‘zida barcha hujjatlar, hokim qarori ham borligini bildirdi. Bir xil yer maydoni uchun 2 ta qaror chiqarilgani oydinlashdi. Bu holat men uchun kutilmagan «syurpriz» edi», dedi Humoyun Masharipov.

Mojaroni hal qilish maqsadida «Xorazm milliy taomlari» MChJ rahbari X.Masharipovni sudga beradi.

Tadbirkor sudda yutqazdi, Urganch shahar hokimligi o‘z zaxirasida bo‘lmagan yerni unga ajratib bergan

2022 yil mart oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi Humoyun Masharipov tomonidan qurilgan poydevorning bir qismini noqonuniy deb topib, uni buzib tashlash va yer maydonini avvalgi holatiga qaytarish haqida qaror qabul qiladi.

Aniqlanishicha, X.Masharipovga ajratilgan yer maydonining bir qismi aslida Urganch tumani hokimining 2020 yil 17 dekabrdagi 3215q-sonli qarori bilan «Xorazm milliy taomlari» MChJ korxonasiga ajratib berilgan.

Eng muhimi – Urganch shahar hokimligi ushbu hududdan yer ajratib berish huquqiga ega bo‘lmagan. Chunki bu yerlar shahar hududiga kirmagan.

Xorazm viloyati qurilish bosh boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu hudud Urganch shahrining loyiha chegarasiga kiritilgan bo‘lsa-da, bu loyiha hali Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanmagan.

Kadastrlar palatasi Xorazm viloyati boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hududdagi yer maydonlarini belgilangan tartibda Urganch tumanidan olinib, Urganch shahri chegarasiga kiritilgani to‘g‘risida hujjatlar mavjud emas.

Shulardan kelib chiqilsa, 2019 yil 7 avgustda Urganch shahar hokimligi tomonidan X.Masharipovga Amudaryo ko‘chasidagi savdo majmuasining 1-qavatidan 50 kv.m., 2-qavatidan 50 kv.m., jami 100 kv.m. yer maydonini (aslida 50 kv.m.) doimiy foydalanish uchun ajratish to‘g‘risidagi 1940q-sonli qaror qonunga xilof ravishda qabul qilingan. Sud ham shunga asoslangan holda qaror chiqargan.

Hokimlik bir xil sana va raqam bilan 2 xil mazmundagi qaror chiqargan

Humoyun Masharipov sudda yana bir kutilmagan holatga duch kelganini aytdi.

«Sudda Urganch shahar hokimligi tomonidan qabul qilingan bir xil sana va raqamga ega 2 ta qaror borligi ma’lum bo‘ldi. Mening qo‘limdagi qarorda 100 kv.m. yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, hokimlik tomonidan sudga taqdim qilingan qarorda savdo majmuasining 1-qavatidan 50 kv.m., 2-qavatidan 50 kv.m., jami 100 kv.m. yer maydoni doimiy foydalanish uchun ajratib berilishi yozilgan. Bir xil raqam va sanaga ega 2 ta qarorning mana shu joyida farqlar bor. Bu holat nafaqat meni, balki sudning barcha ishtirokchilarini taajjubga soldi», – dedi Masharipov.

1-qarorda X.Masharipovga 100 kv.m. yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan
2-qarorda X.Masharipovga savdo majmuasining 1-qavatidan 50 kv.m., 2-qavatidan 50 kv.m., jami 100 kv.m. yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan

Binobarin, bir xil raqam va sana bilan 2 xil mazmunda qaror qabul qilinishi mumkin emas. Demak qarorlardan biri soxtalashtirilgan bo‘lib chiqmoqda.

IIB jinoyat alomatlarini topmadi, prokuratura esa jim

Qanday qilib Urganch shahar hokimligi tomonidan bir xil raqam va sanaga, ammo turlicha mazmunga ega qaror qabul qilingan. Uning birinchi sahifasini kim soxtalashtirgan?

Humoyun Masharipov ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiladi.

Urganch shahar IIB tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, biror shaxsning xatti-harakatlarida jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qiladi.

Xorazm viloyati prokuraturasi esa ariza berilganidan 3 oy o‘tgan bo‘lsa-da, tadbirkorga hali bu borada hech qanday javob bermagan.

Urganch shahar hokimligining yana bir xatosi

Humoyun Masharipovga 100 kv.m. yer maydonini (aslida 50 kv.m.) doimiy foydalanish uchun ajratilishi ham aslida qonunchilikka zid edi. Vazirlar Mahkamasining o‘sha paytda amalda bo‘lgan «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi 97-sonli Nizomga ko‘ra, «yer uchastkalari olib qo‘yilgan taqdirda ularga umrbod egalik qilish uchun meros qilib qoldirish huquqi bilan teng qiymatli yangi yer uchastkasi berilishi lozim». Ya’ni hokimlik tadbirkorga 92 kv.m.dan kam bo‘lmagan miqdorda yer maydoni ajratishi shart edi.

Shuningdek, X.Masharipovga tegishli bo‘lgan do‘kon binosi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzib olinib, unga zarar yetkazilgani sababli, Yer Kodeksining 41-moddasiga ko‘ra, zarar to‘la hajmda qoplanishi lozim edi. Ammo amalda tadbirkorga kompensatsiya to‘lash masalasi ham hal qilinmagan.

Adliya boshqarmasi tadbirkorning huquqlari poymol qilingan deb hisoblamoqda

Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi X.Masharipovga tegishli do‘kon buzilishi munosabati bilan 2017 yil 14 iyul kuni tuzilgan kelishuv shartnomasi Urganch shahar hokimligi tomonidan «qo‘pol ravishda buzilganligi sababli, bekor qilinishi va yetkazilgan zarar to‘liq qoplab berilishi maqsadga muvofiq» deb hisoblamoqda. Bu haqda fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudiga da’vo arizasi ham kiritgan.

Bundan tashqari, Adliya boshqarmasi Urganch shahar hokimligining bir xil raqam va sanaga, ammo turlicha mazmunga ega 2 ta qarori yuzasidan surishtiruv o‘tkazishni so‘rab, 2021 yil 20 dekabr kuni Urganch shahar prokuraturasiga xat jo‘natgan. Biroq, oradan 3 oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da xatga hali javob berilmagan.

***

Mujmal voqea va hodisalarning qisqacha mazmuni shunday. Tadbirkor Humoyun Masharipov daromad manbai bo‘lmish do‘konidan ayrildi. Biroq, unga qonunda ko‘zda tutilgan yer maydoni va kompensatsiya berilmadi. U 5 yildan beri sarson bo‘layotganini, tegishli tashkilotlar uning huquqi poymol etilayotganiga e’tiborsiz ekanidan shikoyat qilmoqda. U tadbirkorlik faoliyatini tiklab olishi, ishini davom ettirish o‘rniga idora-tashkilotlarda va sudlarda sarson bo‘layotgani achinarli hol.

«Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunda «Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekani, davlat xususiy mulkning but saqlanishini ta’minlash va uning ko‘paytirilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi» haqida yozilgan.

So‘nggi yillarda iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ammo tadbirkor-ishbilarmonlarning mulk huquqi daxlsizligi ta’minlanmas ekan, qandaydir iqtisodiy rivojlanish haqida gapirishning o‘zi o‘rinsiz.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: