Yevrokomissiya Maltani «oltin pasportlar»ni bekor qilishga chaqirdi
Regulyator Malta boy xorijliklarga investitsiya evaziga fuqarolikni berayotganidan xavotirda. Yevrokomissiya Yevropa sudiga shikoyat qilishi mumkinligini bildirgan.

Foto: Times Malta
Yevrokomissiya (YeK) Maltani «oltin pasportlar» deb ataluvchi tizim – boy xorijliklarga sarmoya evaziga fuqarolik berish amaliyotini bekor qilishga chaqirdi. Maltaga tegishli mazmundagi xabar yuborilgan, unga mamlakat ikki hafta ichida javob berishi lozim. Agar Maltaning javoblari qoniqarsiz deb topilsa, Yevrokomissiya Yevropa sudiga murojaat qilishi mumkin, deb xabar berdi regulyator 6 aprel, chorshanba kuni Bryusselda.
Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari fonida Malta mart oyi boshida Rossiya va Belarus fuqarolariga «oltin pasport» berishni to‘xtatdi. Avvalroq Yevrokomissiya Yevropa ittifoqidagi qator davlatlar rahbarlarining «Rossiya hukumati bilan aloqasi bo‘lgan rossiyalik boylarga oltin pasport» berishni cheklashga chaqiruvchi bayonotlarini e’lon qilgan edi.
Biroq Yevrokomissiya Malta boshqa davlatlarning badavlat fuqarolariga «oltin pasport» berishda davom etayotganini va bu amaliyotni to‘xtatish niyati haqida rasmiy bayonot e’lon qilmaganini aniqladi.
Malta hukumati 6 aprel kuni YeKning xabari e’tiborga olinganini ma’lum qildi va shu bilan birga, fuqarolikni berish «Yevropa ittifoqiga a’zo har bir davlatning milliy vakolatiga kirishi va shunday bo‘lib qolishi» kerakligini ta’kidladi. Malta hukumati «oltin pasport»ni faqat «loyiq odamlar» olishi kerakligini ham bildirgan.
2020 yilda Yevrokomissiya xorijliklarga «oltin pasport» berilishi munosabati bilan Kipr va Maltaga nisbatan kelishuvni buzish jarayonini boshlagan edi. Kipr bu amaliyotga chek qo‘ydi va o‘tgan yilning oktabr oyidan boshlab chet elliklarga sarmoya evaziga fuqarolik berishni to‘xtatdi.
Mavzuga oid

00:29 / 10.03.2025
Yevrokomissiya rahbari birinchi marta xavfsizlik masalalari bo‘yicha kollegiya yig‘ilishini chaqiradi

12:26 / 06.03.2025
Yevrokomissiya Rossiya yonilg‘isidan bosh tortish rejasini e’lon qilishni yana kechiktirdi

23:25 / 02.03.2025
YeK rahbari Yevropani qayta qurollantirish rejasini taqdim etishga va’da berdi

14:26 / 02.03.2025