Bundan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda ikki kishi yosh bolaning ko‘z o‘ngida bir nechta eshakni ayovsiz kaltaklayotgani tasvirlangan video tarqaldi.
Qashqadaryo viloyati sudi axborot xizmati rahbari Farhod Tilavovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hodisa Chiroqchi tumanidagi «Langar» MFY To‘laqo‘rg‘on qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Eshaklarni kaltaklagan ikki kishi ota-bola bo‘lib, o‘g‘il voyaga yetmagan maktab o‘quvchisi bo‘lgan.
F.Tilavovning bildirishicha, eshaklarni ayovsiz kaltaklagan ota A.Ilyosov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismi (voyaga yetmagan shaxs hozirligida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish yoxud hayvonlarning mayib bo‘lishiga olib kelish) bilan aybdor deb topilgan. Unga 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Uning o‘g‘li B.S. voyaga yetmagani uchun uning xatti-harakati uchun ham otasi javobgar bo‘lgan. Shu tariqa A.Ilyosov MJtKning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan aybli deb topilgan. Sudya unga BHMning bir baravari (270 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llagan.