Oliy maktab vakillari Asakadagi UzAuto MOTORS avtozavodida mehmon bo‘ldi

Jamiyat 17:00 / 05.04.2022 8600

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Oliy biznes va tadbirkorlik maktabi magistraturasining 30dan ziyod tinglovchisi haqiqiy ishlab chiqarish sharoitidagi chinakam master-klassda qatnashishga muvaffaq bo‘ldi. Oliy maktab tinglovchilari Asakadagi UzAuto Motors avtomobil zavodiga tashrif buyurdi va nafaqat ulkan korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish, balki kompaniya bosh direktori Bo Andersson bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbatlashish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi.

«Biz va bizning tinglovchilarimiz uchun kompaniya bosh ijrochi direktori bilan uchrashish juda foydali va qiziq bo‘ldi, chunki «Bo Andersson keysi»ni biz ma’ruzalarda Oliy maktabimiz tinglovchilari bilan birga muhokama qilamiz», — ta’kidladi iqtisodiyot fanlari doktori, professor Dilmurod Suyunov. U shuningdek, kompaniya vakillari va Uzavtosanoat rahbariyatiga qabul va uchrashuvni tashkillashtirgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Albatta, zavodga xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rsatmalarsiz tashrif buyurib bo‘lmaydi, undan so‘ng esa tinglovchi va o‘qituvchilar katta qiziqish bilan avtozavod bosh direktori bilan suhbatlashdi. Muhokamada logistika, mahalliylashtirish, sifat, tannarxni pasaytirish, ishlab chiqarishda KPI tizimi joriy etilishi va albatta, rejadagi Chevrolet Tracker-2 va Chevrolet Onix avtomobillari sotuvga chiqarilishi kabi turli mavzularga to‘xtalib o‘tildi.

Mehmonlar kompaniya rahbari bilan kechgacha suhbatlashishga tayyor bo‘lishsa-da, sex va korxonalarga tashrif buyurib, avtomobil yig‘ish jarayonlarini o‘z ko‘zlari bilan kuzatishni ham xohlashardi. E’tiborlisi, avtomobil yig‘ish liniyasi so‘ngida Oliy maktab tinglovchilarini UzAuto Motors AJning sifat bo‘yicha direktori Andrey Soldatov bilan yana bir qiziqarli uchrashuv kutayotgan edi.

«Biz odatda ko‘chada ko‘radigan avtomobillar shu yerda yig‘iladi va ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqinroq tanishish biz uchun juda qiziq bo‘ldi», — o‘qituvchi va tinglovchilar fikrini bayon etdi MVA magistri Nilufar Dadabayeva.

Tinglovchilar, shuningdek, UzAuto Motors zavodi uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi hamda Asakada ishlab chiqariladigan avtomobillar uchun ichki jihozlar va o‘rindiqlar tayyorlovchi korxonalar: UZ-DONG YANG Co MChJ QK va UZ TONG HEUNG Co AJ QK bilan tanishishdi. 

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: