Nimalarning narxi oshishi mumkin? - Markaziy bank inflyatsion kutilmalar sharhini e’lon qildi

Iqtisodiyot 12:07 / 05.04.2022 57916

Markaziy bank mart oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari sharhini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari fevral oyiga nisbatan 1 foizga o‘sib, 15 foizni tashkil qilgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursi o‘zgarishi (54 foiz);
  • import tovarlari hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishi (49 foiz);
  • narxlarning sun’iy oshirilishi (37 foiz).

Shuningdek, ish haqi hamda nafaqalar oshishi (23 foiz) va yoqilg‘i-energiya resurslari qimmatlashishi (18 foiz) kabi omillar ham aholi inflyatsion kutilmalariga sezilarli ta’sir o‘tkazgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning noyabr oyidan beri aholining inflyatsion kutilmalari pasayib kelayotgan edi.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Mart oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 15,4 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,8 foizga oshgan.

Biznes narxlarning oshishiga qaysi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi?

  • Valuta kursi o‘zgarishi (51 foiz);
  • yoqilg‘i va transport xizmatlari narxlari qimmatlashishi (36 foiz);
  • tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlar natijasida xorijdan import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar qimmatlashishi (22 foiz).

Shu bilan birga, so‘rovda qatnashgan biznes vakillarining 17 foizi kelgusida ish haqi va nafaqalar oshishini, 14 foizi esa iqtisodiyotda raqobat muhiti yomonlashishi mumkinligini ta’kidlashgan.

Ko‘proq yangiliklar: