Aniqlanishicha, I. I. monitorlarda reklama joylash bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonada haydovchi lavozimida ishlagan. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda shahardagi monitorlarga reklama joylash vazifasini bajargan.
31 mart kuni I. I. Urganch shahrining Al-Xorazmiy va Xonqa ko‘chasi tutashgan chorrahada o‘rnatilgan reklama monitoriga videomaterial joylab, unda pornografik mazmundagi videolavha namoyish etilishiga sababchi bo‘lgan.
Sud huquqbuzarning ko‘rsatmasi, ishga doir hujjatlarni o‘rganib, I.I. tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasida (pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (13,5 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.
Videomateriallarni monitorga joylashda foydalanilgan mobil telefon va simsiz internet tarmog‘iga ulanish apparatini davlat foydasiga musodara qilish belgilandi.