“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari tomonidan Ustyurt regionida geologiya-qidiruv, burg‘ilash ishlari va tabiiy gaz qazib chiqarilishi holati o‘rganilayotgani haqida xabar bergan edik.
O‘rganish jarayonlarida, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi konlarda olib borilayotgan ishlar va konda ishlayotgan ishchi-xodimlarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishib chiqildi.
Ularning muammoli masalalari, ijtimoiy muhofaza va mehnat sharoitlari borasida ishchilar bilan suhbat o‘tkazildi. Boshqaruv raisi ishchi-xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlarini o‘rganish barobarida, ularning ovqatlanish va yotoq-joy sharoitlarining asl holati bilan tanishdi.
Har bir holat o‘rganilib, “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” MChJ rahbari Ulfat Amonovga ishchi-xodimlarning ishlashi, yashashi va ovqatlanishi borasida yanada yaxshiroq sharoitlarni yaratish borasida topshiriqlar berildi.
Shuningdek, “Sharqiy Berdaq”, “Quyi Sharqiy Berdaq” va “Shimoliy Berdaq” konlarida yangi ishlatish quduqlarini burg‘ilash, quduqlarni kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari joyidan o‘rganildi.
Dastlab, “Quyi Sharqiy Berdaq” konidagi 4-sonli izlov qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ishlari o‘rganilib, uglevodorodlar zaxiralarini o‘stirish dasturi doirasida geologik izlov-qidiruv quduqlarini belgilangan muddatidan oldin burg‘ilash ishlarini tugatgan ishchi-xodimlarga qo‘shimcha mukofotlar berish bilan ularning mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha taklif ishlab chiqish topshirig‘i mas’ullarga yuklatildi.
“Shimoliy Berdaq” konidagi burg‘ilash ishlari olib borilayotgan 115, 116-sonli quduqlardagi ishlarni o‘rganish davomida burg‘ilash tashkilotlari tomonidan burg‘ilash ishlari uchun zarur moddiy texnik resurslar, burg‘ilash “doloto”larini tezlashtirib yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Quduqlarni kapital ta’mirlash yo‘nalishidagi ishlar “Sharqiy Berdaq” 4-sonli va “Quyi Sharqiy Berdaq” 2-sonli quduqlariga borilgan vaqtda o‘rganib chiqildi va mavjud muammolar muhokama qilinib, intensifikatsiya ishlarida yangi texnologiyalarni keng qo‘llash va muhandis-texnik xodimlarning malakasini oshirish, mavjud masalalarni hal etish, ishchi-xodimlarning ovqatlanish, yashash sharoitlari ko‘zdan kechirilib, yaxshilash bo‘yicha tegishli mutaxassis va rahbarlarga topshiriqlar berildi.
“Sharqiy Berdaq” kompleksiga qilingan tashrif davomida ushbu kompleks tarkibidagi Siquv kompressor stansiyasidagi mavjud zaxira gaz haydash agregatini ishga tushirish bilan stansiya quvvatini kunlik 8,0 mln metr kubgacha oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan texnik yechimlar muhokama qilinib, ushbu loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan diam.530 va 426 mmlik quvurlarni jamiyat ichki imkoniyatidan ta’minlash, turli o‘lchamdagi 19 dona quvur armaturalarini xarid qilishni tezlashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Bundan tashqari, uglevodorodlar zaxiralarini oshirish va qayta tiklash Dasturi doirasida sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimi olingan “Shag‘irlik” konidagi 3 ta quduqni ishlatish bilan kondan gaz qazib chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun “Sharqiy Berdaq” kompleksigacha diametri 168 mm lik 17,3 km uzunlikdagi gaz quvurini qisqa fursatlarda ishga tushirish kerakligi bildirildi.
Buning uchun ichki imkoniyatdan kelib chiqib zarur quvurlarni ajratish hamda quruvchi tashkilot bilan shartnoma asosida ushbu quvurning qurilish-montaj ishlarini olib borishni jadallashtirish bo‘yicha tegishli departament boshliqlari va boshqarma rahbariyatiga topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, Boshqarmada 2022 yil davomida tabiiy gaz qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlashga qaratilgan jami 74 ta geologo-texnik tadbirlar amalga oshiriladi, bunda 25 ta yangi gaz quduqlari burg‘ilashdan ishga tushiriladi, 44 ta mavjud gaz quduqlarida kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari olib boriladi hamda 5 ta texnologik obekt ishga tushiriladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatiⓉ