Rossiya ukrain vertolyotlari Belgoroddagi neft bazasiga hujum qilganini aytmoqda. Asosiy ma’lumotlar

Jahon 23:00 / 01.04.2022 78400

1 aprel kuni tongda Belgorodda joylashgan neft bazasida yirik yong‘in ro‘y berdi. Bu haqda Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov telegramdagi kanalida xabar bergan. Yong‘in «Rosneft»ga qarashli «Belgorodnefteprodukt» bazasida ro‘y bergan. FVV ma’lumotiga ko‘ra, Konstantin Zaslonov ko‘chasidagi yong‘in haqida signal soat 5:51da kelib tushgan. Neftbaza hududida dizel yonilg‘isi saqlanadigan sakkizta rezervuar (har birining hajmi 2000 kub metrdan) yonib ketgan. Soat 12:50 ga kelib o‘t o‘chiruvchilar ularning yarmidagi olovni o‘chirishgan. O‘t o‘chirish ishlariga avtosisternalarga suv quyib beruvchi o‘t o‘chiruvchilar poyezdi jalb etilgan.

Gubernator bergan ma’lumotga ko‘ra, neft bazaning ikki nafar xodimi jabrlangan. FVV va «Rosneft» esa qurbonlar va yaralanganlar yo‘qligini aytgan. Neft baza xodimlari, shuningdek atrofdagi ko‘chalar aholisi vaqtincha ko‘chirilgan.

Belgorod oblasti gubernatori yong‘in «Ukraina qurolli kuchlarining ikki vertolyoti yo‘llagan zarbalar» oqibatida ro‘y bergani haqida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vertolyotlar «Rossiya hududiga juda pastlab uchib kirib kelgan». Gubernator boshqa tafsilotlarni keltirmagan. Belgorod Ukraina chegarasidan 35-40 kilometr masofada joylashgan. Agar aviazarbalar to‘g‘risidagi ma’lumot tasdiqlansa, bu Ukraina kuchlari tomonidan Rossiya hududiga bu tarzda qilingan ilk hujum bo‘ladi. 

Belgorod atrofidagi turli aholi punktlaridan ham aviatsiya va artilleriya zarbalari haqida xabarlar kelgan. Xususan, Severniy posyolkasiga (Belgoroddan 5 kilometr masofada) «Konstanta» bosmaxonasi jabrlangan. Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, vertolyotlar bosmaxonani ertalabki soat 5:30 atrofida o‘qqa tutishgan. Bino derazalari singan, texnikalarga shikast yetgan, atrofda esa «raketa bolvankalari» yotganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, yaqin atrofdagi «Rosenergouchyot» binosiga ham raketa kelib tushgan. Hududni minalardan tozalash ishlari o‘tkazish rejalashtirilgan.

Severniy posyolkasida ikki sanoat parkidagi kamida yetti obekt  jabrlangan: ishlab chiqarish obektlaridan tashqari elektr uzatish liniyasi va transformator nimstansiyasi shikastlangan. Yaralanganlar yoki qurbonlar borligi haqida xabar berilmagan.

TASS manbasi 1 aprel kuni kunduzi Nikolskoye qishlog‘ida (Belgoroddan 20 kilometr uzoqda) «Ukraina hududidan uchirilgan» artilleriya snaryadi bolalar bog‘chasi hududiga kelib tushgani haqida xabar qilgan. Tez yordam bu yerga tibbiy xodimlar brigadasi jo‘natilganini ma’lum qilgan, jabrlanganlar bo‘lmagan. «Belgorod № 1» telegram kanali Nikolskoyga qandaydir obekt kelib tushishi aks etgan videoni tarqatgan (ammo videoda butunlay boshqa sana aks etgan — 2018 yil 16 yanvar).

Bundan tashqari, Belgorod aholisi shahardagi portlashlar haqida xabar berishgan va bu havo hujumidan mudofaa tizimi ishlayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Qator mahalliy nashrlar jurnalistlari esa minalashtirilganlik haqidagi xabarlar tufayli tahririyatlarning evakuatsiyasi amalga oshirilganini aytishgan.

Ukraina Belgoroddagi neft bazasiga hujumga aloqadorligini tasdiqlash yoki rad etishdan bosh tortdi. Ukraina mudofaa vazirligi rasmiysi Aleksandr Motuzyanik Ukraina tomoni «Ukraina hududiga Rossiyaning qurolli tajovuzini qaytarish bo‘yicha mudofaa amaliyoti» o‘tkazilayotganini aytgan. «Va bu Ukraina bunday hisobdagi yanglishishlar, RF hududidagi barcha falokatlar va voqealar uchun mas’uliyatni zimmasiga olishi kerak degani emas. Biz bunday ayblovga birinchi marta guvoh bo‘lib turganimiz yo‘q. Shuning uchun, men bu ma’lumotni tasdiqlamayman ham, rad etmayman ham», — degan Motuzyanik.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa, ro‘y bergan hodisaga Ukrainaning aloqadorligi to‘g‘risidagi ma’lumotni tsdiqlashi ham, inkor etishi ham imkonsiz ekani, chunki unda «barcha harbiy ma’lumotlar bo‘lmasligi»ni aytgan. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Aleksey Arestovich, qisqagina qilib, «Biz Rossiya hududida bo‘layotgan voqealar uchun javob bermaymiz» dedi. 

Kremldagilar Belgorodda ro‘y bergan hodisalar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarga yordam bermasligi aniq ekanini ta’kidladi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «albatta, buni muzokaralarni davom ettirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish sifatida qabul qilib bo‘lmasligi»ni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putinga hodisa haqida xabar berilgan. Belgoroddagi voqealar munosabati bilan qo‘shni Kursk oblastidagi barcha xavfsizlik xizmatlari jangovar shay holatga keltirilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi ham holat yuzasidan munosabat bildirdi. Vazirlik rasmiysi Igor Konashenkovning aytishicha, raketa zarbalari ukrainlarning erta tongda Rossiya havo hududiga juda past uchib kirgan ikki Mi-24 vertolyotlari orqali berilgan.

«Ukraina vertolyotlari Belgorod atrofida joylashgan neft saqlanuvchi fuqarolik obektlariga hujum qildi. Raketalar kelib tushishi oqibatida alohida rezervuarlar shikastlangan va yonib ketgan», degan Konashenkov va bu neft bazasi harbiylarga aloqador bo‘lmagani va faqat fuqarolarning avtotransportini yonilg‘i bilan ta’minlaganini qayd etgan.

Ko‘proq yangiliklar: