Tanqiddan so‘ng: prokuratura kompensatsiya ololmayotgan denovlik tadbirkor manfaatida sudga da’vo kiritdi

Jamiyat 18:28 / 31.03.2022 7423

Kun.uz saytida 28 mart kuni e’lon qilingan «Denov bozorida do‘konlari buzilgan tadbirkorlarga kompensatsiya puli to‘lash nega paysalga solinmoqda?» nomli tanqidiy maqola yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi o‘z munosabatini tahririyatga taqdim etdi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2020–2022-yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida» gi PK-4667-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi «2020–2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 222-sonli qarorlarining ijrosi asosida hamda Denov shahrining tasdiqlangan yangi Bosh rejasiga asosan sobiq «Bobodehqon bozori» hududida amfiteatr, mexmonxona, ma’naviyat va ma’rifat markazi, avtoturargoh va boshqa turdagi ko‘ngilochar maskanlar barpo etilishi belgilangan.

Hukumat qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yil 8 may kuni Denov tuman hokimining «Denov tumani Mustaqillik ko‘chasi «Bobodehqon bozori» MChJ bino va inshootlari hamda bozor hududi va atrofida joylashgan fuqarolarga tegishli bo‘lgan savdo do‘konlarni buzish to‘g‘risida»gi Q–934-sonli qarori qabul qilingan.

Denov shahrining Bosh rejasiga asosan hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida tumanning «Namozgoh» mahallasi hududida 2020 yilda 22 gektar yer maydonida joylashgan «Denov baraka yashil olami» MChJga tegishli 1646 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish hamda umumiy ovqatlanish shoxobchalari qurilgan.

Denov tuman hokimining 2021 yil Q–934-sonli qaroriga yer maydoni 3,2 gektar bo‘lgan «Bobodehqon bozori» MChJ hududidagi 305 ta savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari yangidan foydalanishga topshirilgan «Denov baraka yashil olami» MChJ hududiga ko‘chirilgan.

Shuningdek, 305 ta savdo do‘konining 74 tasiga 18 mlrd 398 mln so‘m hamda «Bobodehkon bozori» MChJ ta’sischilariga 1 mlrd 546 mln so‘m jami 19 mlrd 945 mln so‘m kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilgan.

Hozirda qolgan 231 ta savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mulkdorlar tomonidan baholatish hamda bosqichma-bosqich kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berish ishlari olib borilmoqda.

Kun.uz ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan fuqaro Oxunjon Madaliyevga tegishli bo‘lgan «Bobodehqon bozori» MChJ hududida joylashgan maydoni 12,6 kv.m bo‘lgan savdo do‘koni «Denov baholash» MChJning 2021 yil 18 maydagi 172-S/05-21 -son baholash hisobotiga asosan 170.976.200 (bir yuz yetmish million to‘qqiz yuz yetmish olti ming ikki yuz) so‘mga baholangan.

Shuningdek, fuqaro Oxunjon Madaliyevga kompensatsiya puli to‘lab berilguniga qadar unga tadbirkorlik faoliyatini yuritib turishi uchun 2021 yil avgust oyida «Denov baraka yashil olami» MChJdan maydoni 10,5 kv.m savdo do‘koni ijara shartnomasi asosida ajratib berilgan va mazkur savdo do‘konida faoliyat ko‘rsatmokda.

Viloyat prokuraturasi tomonidan fuqaro O.Madaliyevning «Bobodehqon bozori» MChJ hududida joylashgan savdo do‘koni uchun tuzilgan kelishuv bitimiga asosan kompensatsiya pullari to‘lab berilmaganligi norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati o‘rganilib, fuqaro O.Madaliyevning manfaatini ko‘zlab 2022 yil 3 martda fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudi da’vo arizani qabul qilish va ish qo‘zg‘atish haqida 2022 yil 19 mart kuni ajrim chiqarilgan, — deyiladi Surxondaryo viloyati prokuraturasining ma’lumotnomasida. 

Ko‘proq yangiliklar: