Behzod Hoshimov — O‘zbekistonlik iqtisodchi va jamoat faoli. «Iqtisodchi kundaligi» blogi, YouTube’dagi Hoshimov’s Economics (Hoshimov Iqtisodiyoti) videoblogi muallifi. U Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms Robinsonning «Mamlakatlar tanazzuli sabablari: Qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari» kitobining o‘zbekcha tarjimasiga muharrilik qilgan. «Yuksalish» umummilliy harakati o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra? O‘zbekiston blogerlar va inflyuyenserlarining 30 talik ro‘yxatidan joy olgan. Behzod Hoshimov Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati, Amerika Iqtisodchilar Assotsiyatsiyasi va AQShdagi Strategik menejment jamiyati a’zosi. AQSh Patent va Tovar belgilari idorasidan iqtisodiy model patenti sohibi va Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasi (IEO) hakamlar hay’ati a’zosi. U ayni vaqtda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet masalalari qo‘mitasi huzuridagi ekspertlar kengashi va «Mikrokreditbank» kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.
— Hozirgi sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga hozir va kelajakda qanday salbiy ta’sirlar ko‘rsatadi?
— Sanksiyalar savdo va almashinuvning cheklanishiga olib keladi. Bu cheklash iqtisodiyot, ya’ni odamlarga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrar. Bu degani bu yil Rossiya iqtisodiyoti retsessiyaga uchraydi, lekin eng muhimi, ya’ni sanksiyalarning asosiy ta’siri – ko‘p yillar davomida Rossiya iqtisodiyoti rivojlanishiga to‘siq bo‘lib keladi.
Bu – ko‘p sohalarda texnologiyalarni qo‘llay olmaslik, yuqori texnologik tovar va xizmatlar ololmaslikni anglatadi va bu albatta, Rossiya iqtisodiyotidagi samaradorlik va u yerdagi odamlarning daromadi o‘smasligiga olib keladi.
O‘ylaymanki, sanksiyalar haqida gapirsak, ko‘pchilik hozirgi ta’sirini aytadi. Lekin mening fikrim, uzoq muddatli ta’sir qisqa ta’sirdan ko‘ra ancha yomonroq.
— Ayrim iqtisodchilar sanksiyalar tufayli Rossiya iqtisodiyoti 10 foizga, ayrimlari 20 foizcha qisqarishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Sizning bu boradagi fikringiz qanaqa?
— Bu haqda hozir hech qanday fikr bildirib bo‘lmaydi, chunki har kuni, har hafta sanksiyalar ko‘lami kengayib bormoqda. Bu yildan Rossiya iqtisodiyoti qanchalik cho‘kadi degan savolga javob sanksiyalarning kuchayishiga bog‘liq bo‘ladi.
Bugun, ya’ni 22 mart holatiga Rossiyaning VTBdan tashqari boshqa katta banklari, xususan Sberbank hali ham sanksiyada emas. Rossiya gazi va neftini sotib olishga Yevropa ittifoqi hali sanksiyalar qo‘llagani yo‘q, Rossiya hali ham Jahon savdo tashkiloti a’zosi. Va hokazo.
Sanksiyalarni yanada kuchaytirishga G‘arbda juda ham ko‘p instrumentlar va metodlar bor. Sanksiyalar qattiqlashgani sari Rossiya iqtisodiyotiga zarar ko‘lami ortaveradi.
Asosan neft va gaz qazib chiqaradigan Rossiya bu mahsulotlarini hali ham sota olyapti. Rossiya nefti va gaziga hozircha faqat AQSh embargo qo‘ydi, boshqa sotib oluvchilar hali qo‘ymadi. Oldinda nima bo‘lishini aytish qiyin, sanksiyalarning kuchayishi yo kuchaymasligi urushning borishiga bog‘liq. Mariupolda, Xarkovda, Kiyevda aholi o‘lishi davom etsa, katta ehtimol bilan nafaqat g‘arbiy mamlakatlar, balki Osiyo mamlakatlari ham Rossiyaga sanksiyalar ko‘lamini chuqurlashtiradi va buning natijasida Rossiya iqtisodiyoti hozirgidan ham kattaroq zarba olishi mumkin.
Lekin teskarisi bo‘lishi ham mumkin: masalan, ertaga urush tugasa, nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Shuning uchun ham iqtisodiy bashorat qiladigan odamlar qandaydir farazlarga asoslanadi. Agar sanksiyalar hozirgidek qolsa, mana bunday, yengillashsa, mana bunday bo‘ladi va hokazo.
Yana qaytaraman, Rossiya iqtisodiyotining bu yilgi cho‘kishidan ham ko‘ra, Rossiya aholisining kelajakda daromadlar oshmasligi nuqtayi nazaridan sanksiyalarning ta’siri juda katta.
G‘arb hukumatlari kiritayotgan sanksiyalar bilan birga, G‘arb korxonalari va g‘arblik insonlar Rossiya bilan ishlamasligini aniq aytishi ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Iqtisodiyot haqida umumiy o‘ylasak, iqtisodiy o‘sishning manfiy bo‘lishiga asosiy sabab sanksiyalar deb bo‘lmaydi, chunki undan tashqari ham juda ko‘p narsalar bo‘lyapti: bir paytning o‘zida, masalan, yuqori malakali insonlar Rossiyadan chiqib ketishi, ko‘p xorijiy korxonalar o‘z xohishlari bilan chiqib ketishlari (Rossiyada juda ko‘p chet el korxonalari faoliyat yuritadi).
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Rossiya iqtisodiyoti 15 foizga qisqaradimi yo 30 foizgami, buni bilmaymiz, lekin shunisi aniqki, bu yil Rossiya iqtisodiyoti uchun, ya’ni insonlarning daromadlari uchun og‘ir bo‘ladi.
— Hukumatlar qo‘yayotgan sanksiyalardan ko‘ra xususiy korxonalarning Rossiyani tark etish qarorlari og‘irroq bo‘lishi mumkin desa bo‘ladimi?
— Og‘irroq deyolmayman. Bunda og‘irroq degan tushunchani aniqlashtirib olishimiz kerak: hozir qisqa muddatda naqd pul kelishi va kelajakdagi investitsiyalarni farqlab olish kerak.
Masalan, Rossiyani neft qazib olish texnologiyalari bilan ta’minlovchi yirik korxonalar bir necha kun oldin Rossiyadan chiqib ketish yoki investitsiyalarni to‘xtatishi mumkinligini aytishdi. Bu degani Rossiya neftni qazib ololmay qoladi degani emas, neft qazib olish qimmatlashib ketadi degani. Masalan, hozirgi Venesuelani olib qarasangiz, u yerda neft ishlab chiqarish juda qimmat, chunki ularda g‘arb texnologiyalari va kompaniyalari ishlamaydi.
Bu ta’sir bir yil ichida unchalik ham sezilmaydi, lekin 5 yil ichida aniq katta yo‘qotish seziladi. Aytmoqchimanki, qaysidir g‘arbiy korxonalarning Rossiyani tark etishi katta salbiy ta’sir qilishi mumkin. Rossiyani neft va gaz qazib olish hamda qayta ishlash texnologiyalari bilan ta’minlovchi kompaniyalarning chiqib ketishi qazib olish, qayta ishlash, transportirovka qilish kabi xarajatlarni oshirib yuboradi, tabiiyki Rossiya iqtisodiyotiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu muhim korxonalarning Rossiyani tark etishi rossiyaliklarning cho‘ntagiga darhol ta’sir ko‘rsatmaydi, shu sababli ham davlatlar kiritayotgan sanksiyalarning ta’siri og‘irroqmi yoki xususiy kompaniyalarning mustaqil qarorlarimi – bu savolga javob berish qiyinroq.
— Yevropa davlatlarida sanksiyalarni yanada kengaytirish imkoniyati bor deganda nimalarni nazarda tutdingiz?
— Qarang, urush boshlangandan beri Yevropa ittifoqi davlatlari Rossiyadan 17 mlrd dollarlik gaz sotib oldi, ya’ni Yevropa bir kunda salkam 1 mlrd dollarlik gaz sotib olyapti. Bu – katta pul va agar Rossiya shu puldan mahrum qilinsa, bu Rossiyaga juda katta salbiy ta’sir.
Xuddi shunday, Rossiyaning bank tizimi ham hali to‘liq sanksiyalar ostida emas. Masalan, VTBga qo‘llanilgan sanksiyalar Sberbankka qo‘llanilsa, bu ham bitta masala.
Yana bir masala – AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning hozirgi davlat qarzini to‘lashiga imkon beryapti, ya’ni Rossiya o‘z qarz majburiyatlarini ado eta olyapti. Rossiyani bu imkoniyatdan mahrum qilish sanksiyasi hali joriy etilmagan.
Bu ro‘yxatda uzoq davom ettirish mumkin, sanksiyalarni kengaytirish imkoniyatlari cheksiz. Masalan, Rossiya bilan aviaaloqalar ko‘p mamlakatlar bilan uzilgan, lekin suv orqali, portlar orqali neftni tashish blokada qilinmagan.
G‘arb davlatlari xohlashsa, qo‘llashi mumkin bo‘lgan eng keskin choralardan yana biri – Rossiyaga qaysidir tovarlarning eksportini taqiqlash. Bu albatta yaxshi bo‘ladi deb aytolmayman, chunki masalan ko‘plab dori vositalari g‘arbiy texnologiyalar orqali ishlab chiqariladi; g‘arbiy intellektual mulk bo‘lgani uchun ularni taqiqlab qo‘yish imkoni bor. Unda Rossiyaga dori-darmon kirishi muammo bo‘lib qoladi.
Bu ro‘yxat cheksiz. Qaysi sanksiyalar qo‘llanishi ko‘pchilikka noma’lum. Bu urushning ko‘lami, aholi orasidagi qurbonlarga juda ham bog‘liq. G‘arb siyosatchilari o‘zlarining saylovchilari bosimi ostida qarorlar qabul qiladi va agar saylovchilar bunaqa ko‘p qurbonliklar, bunaqa ko‘p qochqinlarni ko‘raverishsa, albatta o‘z hukumatlaridan keskinroq choralar ko‘rishni talab qilishlari mumkin. Buning natijasida Rossiya iqtisodiyotiga shikastlar yanada ortib boradi.
— Rossiyaga yuqori texnologiyalik mahsulotlar eksporti cheklanmoqda. Rossiya bu mahsulotlarni ittifoqdosh davlatlari, masalan Qozog‘iston orqali re-eskport qilgan holda olib kirishi mumkinmi?
— Bu har xil tovarlarda har xil darajada tekshirish mumkin bo‘lgan narsa. Masalan, samolyotlarni olib kirish ancha qiyin: har bitta samolyot va uning motoriga alohida identifikatsiya raqami beriladi. Ularni ekspluatatsiya qilish huquqini Boing korxonasi spetsifik bitta kompaniyaga beradi. Shuning uchun qozog‘istonlik korxonalar Rossiyaga samolyot yoki motor olib berishi qiyin.
Nazorat qilish qiyin bo‘lgan tovarlar, deylik, avtomobillar bo‘lsa, ularni olib kirish oson bo‘lishi mumkin. Ya’ni tovarga qarab. Hozir Rossiyada aviatsiya muammo, bu boradagi sanksiyalarni aylanib o‘tish qiyinroq. Mikrochiplarni re-eksport qilish ham ancha qiyin.
Umuman, re-eksport bo‘ladimi, boshqami, ikkilamchi sanksiyalar degan narsa bor. Tizimni buzgan korxonalarga sanksiyalar qo‘llanishi mumkin. G‘arbiy sanksiyalarni cheklab o‘tishga harakat qilgan korxona, tashkilot yoki insonlarga G‘arb jarimalar qilishi, sanksiya ro‘yxatiga kiritishi mumkin. Buni Eronga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalardan keyin BAAda faoliyat yuritadigan qator korxonalar jarimaga tortilgani va chora ko‘rilganida ko‘rsa bo‘ladi.
— Yevropa va AQShning o‘zi Rossiyaga kiritayotgan sanksiyalar oqibatida nimalar yo‘qotadi?
— Global miqyosda olganda, Rossiya iqtisodiyoti nisbatan kichkina, shuning uchun Rossiyaga sanksiyalar faqat ayrim sektorlardagina g‘arbning o‘ziga jiddiy muammo tug‘diradi. Masalan, energiya sektorida.
Asosiy katta muammo – Yevropa ittifoqining gaz va ko‘mir masalasi. Yevropaning barcha mamlakatlari Rossiyadan gaz import qiladi, shuning hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu jihatdan Rossiyaga ancha bog‘liqlik bor. Rossiyadan gaz olishni to‘xtatishsa, Yevropada gaz narxi oshadi; albatta, alternativa bor, lekin narx albatta oshadi.
Oxirgi paytlarda Yevropa Rossiyadan gaz olishni to‘xtatsa, nima bo‘ladi degan ayrim hisob-kitoblarni ko‘rdim. Natijalarga ko‘ra, vaziyat men taxmin qilgandan ko‘ra ancha yengilroq ekan. Ya’ni Rossiyadan gaz olishni to‘xtatsa, Yevropa iqtisodiyoti hatto retsessiyaga kirishi ham savol ostida. Lekin albatta, salbiy ta’sir yetarlicha jiddiy bo‘ladi, gap manfiy iqtisodiy o‘sish va dunyoda energiya narxlarining oshishi haqida ketyapti.
— Rossiyada sanksiyalar oqibatlarini yumshatish uchun qanday imkoniyatlar bor?
— Xususiy va global yechim bor. Global yechim urushni to‘xtatish, harbiylarni olib chiqish, Ukraina va G‘arb bilan kelishuvga borish. Bu asosiy yo‘l.
Xususiy yechimga kelsak, bu – g‘arbga Rossiyaning o‘zi qo‘ygan antisanksiyalar. Ularni olib tashlashdan boshlash kerak. Savdoga o‘zlari qo‘ygan cheklovlar bor, o‘sha cheklovlardan voz kechish lozim. To‘g‘risini aytsam, xususiy yechimda optimistik hech narsani ko‘rmayapman. Rossiyaning G‘arbga bog‘liqligi texnologik jihatdan. Ahvolni o‘nglaydigan instrument Rossiya hukumatida mavjud emas.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.