Qayd etilishicha, mamlakat investitsion jozibadorligini oshirish, biznes muhitini yanada yaxshilash yo‘nalishida amaliy takliflarni ishlab chiqish maqsadida 2022 yildan e’tiboran prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, “kraud-sorsing” platformasi va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda, barcha tarmoqlar va hududlardagi investorlar va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘tkazish amaliyoti davom ettiriladi.
"Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlarimiz natijasida keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotimizni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkaziladi.
Biz O‘zbekistonning 2030 yilga borib aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishishni maqsad qilib qo‘yganmiz", dedi prezident
Davlat rahbarining aytishicha, oxirgi yillarda dunyoda yuz berayotgan pandemiya sinovlari, iqtisodiyot sohasidagi mavjud qiyinchiliklar va boshqa muammolar nostandart choralar ko‘rishga, yangicha vaziyatda ishlash va natijaga erishishga o‘rgatmoqda.
“Dunyodagi bugungi murakkab vaziyatda ham O‘zbekiston yashash va ishlash uchun tinch va xavfsiz makon sifatida tanilganini hech kim inkor qila olmaydi. Biz investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlarni yaratish bo‘yicha harakatlarimizni yanada jadallashtiramiz.
Islohotlarni amalga oshirish jarayonidagi eng murakkab vazifa – bu faqat qonunchilikni o‘zgartirish yoki turli strategiyalarni ishlab chiqishdan iborat emas. Bular albatta muhim, lekin eng asosiysi – odamlarning dunyoqarashi va fikrlashini o‘zgartirish ekanligini, o‘ylaymanki, dunyodagi barcha islohotchilar tan olsa kerak", dedi Shavkat Mirziyoyev.