«Barselona» qaytdi. «Real» Madridda ilojsiz qoldirildi

Sport 11:53 / 21.03.2022 34745

«Santyago Bernabeu»dagi klasiko kataloniyaliklarning Ispaniya chempionati yetakchisi ustidan ulkan g‘alabasiga aylandi. Dunyo bunday klasikoni kutmagandi.

Real Madrid – Barselona 0:4
Gollar: 0:1 – 29 Obameyang, 0:2 – 38 Arauxo, 0:3 – 47 Ferran Torres, 0:4 – 51 Obameyang.
Real Madrid – Kurtua, Karvaxal (Mariano Dias, 46), Alaba, Militao, Nacho (Vaskes, 63), Modrich, Kroos (Kamavinga, 46), Kazemiro, Valverde, Rodrigo (Asensio, 63), Vinisius Junior.
Barselona – ter Stegen, Arauxo, Pike, Erik Garsiya, Alba (Dani Alves, 86), Buskets, de Yong (Gavi, 71), Pedri (Niko Gonsales, 86), Obameyang (Depay, 71), Dembele (Traore, 80), Ferran Torres. 
Ogohlantirishlar: Kroos (22), de Yong (26), Buskets (31), Modrich (63), Alba (74).

Ko‘k-anorranglilarning qaytishi

«Barselona» uzoq vaqt inqirozda bo‘ldi. Shunchalik uzoqki, ko‘pchilik kataloniyaliklarning klasikodagi oxirgi g‘alabasini ham unutib yuborgan. Bu 2019 yil martida — hali Ernesto Valverde, Messi, Suares va Rakitich borligida sodir bo‘lgandi.

Uch yil o‘tib «Barselona» yana «Santyago Bernabeu»da g‘olib bo‘ldi. Barchasi muxlislar uchun ideal ko‘rinish oldi. Katalonlar abadiy raqibga maydonda ish qoldirishmadi, jamoa bu yili la ligada umuman yutqazmayapti (biror turnirda asosiy vaqtda yutqazmagan) va dunyo La Masiyaning yangi avlodi o‘yinlaridan bahra olmoqda. Ammo bu inqiroz yakunlanganini anglatadimi? Hozircha yo‘q. «Barsa» hamon pishib yetilmagan: Xavi qandaydir to‘rt oy muqaddam jamoani qo‘liga olgan va hali global qayta qurish o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. Kelgusida barchasi xuddi «Manchester Yunayted»da bo‘lgani kabi kollapsga aylanib ketishi mumkinligini istisno etib bo‘lmaydi — «qizil iblis» Ole Gunnar Sulsher ham barchasini ajoyib boshlagandi, yakunda esa barchani ranjitdi.

Ammo hozir Xavi — top. Uni Pep Gvardiola bilan taqqoslashlari tabiiy — bunday taqqoslar bugun paydo bo‘lgani yo‘q, ammo bunday ulkan g‘alabadan keyin «Barsa»ning sobiq pleymeykerining buyuk murabbiylik kelajagi haqidagi fikrlarga ishonish mumkin.

Xavining triumfi

Bu rost ekanini ko‘rsatadigan belgilar bor. «Barselona» Ispaniya chempionati yetakchisiga qarshi o‘yinda mutlaq haqli g‘alabaga erishdi — va bu g‘alaba ko‘p jihatdan taktik ustunlik evaziga bo‘ldi. Mehmonlar bo‘shliqlardan unumli foydalanishdi va to‘pni «Real»ga berishmadi, Xavi esa Arauxoning pozitsiyasini to‘g‘ri tanladi. Urugvaylik futbolchini o‘ng qanotga qo‘yish g‘alati ko‘rinardi, ayniqsa Dest va Dani Alves borligida. Ammo Arauxo Dembele keng hududlarga ega bo‘lishi uchun qanot bo‘ylab harakat qildi va doim tanqidlar ostida qoluvchi fransuz birinchi bo‘limning o‘zida ikki golli uzatmani amalga oshirdi — biri o‘yindan, ikkinchisi burchak zarbasidan.

Umuman olganda, «Barsa» so‘nggi oylarda o‘ziga muvaffaqiyat keltirayotgan o‘yinini qildi. Shuning uchun Xaviga hozircha juda yuqori baho berib yuborish o‘rinsiz — u shunchaki ishlab turgan tizimni buzib qo‘ymadi, faqat kosmetik o‘zgarishlar qildi. Karlo Anchelotti esa, aftidan, barchasini xato bajardi.

Modrich hujumchi o‘rnida

Albatta, «Real» bosh murabbiyi oldida qiyin vazifa turgandi — jarohat olgan Benzemaning o‘rnini to‘ldirish. Fransuz futbolchisi so‘nggi daqiqalargacha maydonga qaytishga harakat qildi, ammo bir hafta oldin olingan jarohat baribir uning klasiko tomon yo‘lini to‘sdi. Anchelotti Benzemani shunchaki pozitsiya bo‘yicha almashtirishi — Yovich yoki Mariano Diasni markaziy hujumchi o‘rnida o‘ynatishi mumkin edi. Ammo italiyalik mutaxassis velosiped ixtiro qildi.

«Real» gibrid sxemada maydonga chiqdi. Mezbonlar to‘pga egalik qilinganda 4-3-3 sxemasida (Rodrigo aldamchi «to‘qqizlik» rolida) o‘ynadi, ammo o‘yin vaqtining katta qismini «Qirollik klubi» 4-4-2 rasstanovkasida to‘psiz o‘tkazdi. Va bu boshqacha 4-4-2 edi: ikki forvard o‘rnini Modrich va Kroos egalladi (ayrim vaqtlarda nemis yarimhimoyachisi o‘rnida — Valverde bo‘ldi), ular pressingning oldingi chizig‘ida bo‘lib, «Barselona» himoyachilariga pressing uyushtirishdi. «Real»ning qolgan havbeklari ham «Barsa»ning boshqa bo‘sh futbolchilari bilan shug‘ullanishdi. Mantiq aniq edi — kataloniyaliklarning pozitsion hujum uyushtirish uchun barcha yo‘nalishlarini to‘sish va to‘pni imkon qadar ter Shtegen darvozasiga yaqin hududda qaytarib olish.

Anchelotti maydon markazida ustunlikni qo‘lga olishga e’tibor qaratdi, hujumda esa – qanotlardagi vingerlar Rodrigo va Vinisiusa Junior yorib kirishi ko‘zda tutilgandi. 

Ammo bu g‘oya umuman ish bermadi. Balki, Anchelottiga mashg‘ulotlarda bu ko‘nikmani egallash uchun shunchaki vaqt yetmagandir, chunki Benzema o‘yinga tushishi uchun oxiriga qadar umid bor edi, aynan fransuz hujumchisi oldinda pressingni boshqarar va bu jihatdan kuchli edi («PSJ»ga qarshi o‘yinda Donnarumma xato qilgan vaziyatni eslash mumkin).

Qandaydir pallada «Santyago Bernabeu»da hushtakbozlik qilina boshladi. Maydon egalari o‘yin yaxshilik bilan tugamasligini his qila boshlashdi. Ferran Torres o‘z qanotida Dani Karvaxalni charchatib tashladi, ammo gol baribir mehmonlarning o‘ng qanotidan urildi. Bu barselonacha gol bo‘lmadi: Usmon Dembele Nachoni birga-bir vaziyatda aldab o‘tdi, Militao esa jarima maydonida Obameyangni o‘tkazib yubordi.

Ammo hisob ochilgandan keyin ham o‘yin xarakteri o‘zgarmadi. Birinchi bo‘lim davomida «Real» zarbalar bo‘yicha yaqqol ortda qoldi – 4:9 (aniq zarbalar bo‘yicha – 2:5), maydonning raqib hududidagi uchinchi qismida amalga oshirilgan uzatmalar soni bo‘yicha – 26:121! Madrid jamoasining eng yaxshi vaziyati Vinisius Juniorning g‘alati simulyatsiyasi bilan yakunlandi: braziliyalik futbolchi VAR davrida, «Barsa»ga qarshi o‘yinda bunday yo‘l tutishi tushunarsiz edi. Xavi jamoasining ikkinchi goli ham qandaydir kataloncha nozik harakatlar samarasi emasdi. Burchakdan kerakli nuqtaga uzatma va David Alaba to‘pga sakrash uchun noto‘g‘ri vaqt tanlashi. Arauxoning golidan keyingina Anchelotti sergak tortdi.

Tanaffusga qadar 0:2 hisobi bo‘limning mantiqiy yakuni bo‘ldi: «Barselona» har doim qilib yurgan ishini a’lo darajada bajardi, «Real» esa o‘ziga begona uslubda juda yomon harakat qildi.

La’natlangan qora forma

«Real» murabbiyining muvaffaqiyatsiz 45 daqiqalikka reaksiyasi – ikkitalik futbolchi almashtirish bo‘ldi. U tanaffusda o‘ng qanot himoyachisi Karvaxal o‘rniga forvard Mariano Diasni tushirdi, shuningdek Kroosni Kamavingaga almashtirdi. Ikkinchi bo‘limda qaymoqranglilar himoyasidagi kvartet quyidagicha ko‘rinish oldi (o‘ngdan chapga): Nacho – Militao – Kazemiro – Alaba. 

Ammo murabbiy mudofaa chizig‘ini ancha oldinga chiqardi. Birinchi bo‘limda «Real» ongli ravishda to‘pga egalik qilishdan bosh tortgandi, shuning uchun himoya ancha orqaroqda harakatlandi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida Kurtuaning atrofi bo‘sh ekanini ko‘rish mumkin edi. Va Ferran Torres esa uchrashuv davom ettirilishidan bir necha soniya o‘tib belgiyalik bilan yakkama-yakka holatga chiqib ketdi, faqat darvozaga to‘g‘ri tepa olmadi.

Ammo Anchelotti himoya chizig‘ini oldinroqda qoldirishda davom etdi, bu esa tezkor qarshi hujumlar bilan to‘qnashuvda  — o‘ziga suiqasd qilish bilan barobar edi. Ko‘p o‘tmay Torres baribir o‘z golini urdi, keyin esa Obameyang dublni rasmiylashtirdi. Bu ikki gol — «Real»da futbolchilar joylashuvi o‘zgartirilishi oqibati edi.

To‘rtinchi goldan keyin madridliklar o‘ziga o‘xshab o‘ynay boshladi, lekin «Barselona» bosim qilishda davom etdi. Obameyangda ham, Torres, Dembele va Depayda ham hisobni 5:0 ko‘rinishiga keltirish uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Agar beshinchi gol urilganida Xavini Gvardiolaga o‘xshatmagan odam qolmasdi — 2010 yilda Pep Joze Mourinoning «Real»ini shunday hisobda yenggan, bu Yevropa futbolida joriy asrdagi eng shov-shuvli o‘yinlardan biri bo‘lgandi.

Bu safar «Barsa» to‘rt gol bilan kifoyalandi va natijadan norozi emasligi aniq. «Real» bilan oradagi farq 12 ochko (bir o‘yin zaxirada) va chempionlikdan deyarli umid yo‘q bo‘lsa ham. Madridliklar esa bu o‘yindan keyin klasikoga qora formada chiqmasa kerak. Bu hozir shunchaki klub yubileyi va ekipirovkalar bo‘yicha hamkorlik bilan bog‘liq marketing yurishi bo‘lgandi. Endi qora futbolka faqat negativlik bilan assotsiatsiyalanadi.

Ko‘proq yangiliklar: