Mast holda rulga o‘tirganlar 5 yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi mumkin

Jamiyat 14:10 / 14.03.2022 48794

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan hujjatlarga ko‘ra, mast holda avtomobil boshqarganlik uchun 5 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX boshlig‘i Olimjon Saidov Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi.

«Ayni paytda 8 ta normativ huquqiy hujjat, jumladan, ikkita qonun, bitta prezident qarori hamda to‘rtta hukumat qarori loyihalari tayyorlanmoqda. Xususan, «Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash va o‘limlar holatini keskin kamaytirish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilyapti.

Unga ko‘ra Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga mast holda mashina haydaganlik uchun transport vositasini boshqarish huquqidan 5 yil muddatga mahrum qilishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirish kiritilishi ko‘zda tutilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra transport vositalarini alkogolli ichimlik, giyohvand modda ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqargan haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil-u olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilinadi.

Shu bilan birga mast holda rulda o‘tirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solinishi qat’iy belgilanmoqda. Amaldagi jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarini tashkil etadi», deydi Olimjon Saidov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mast bo‘la turib tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun haydovchilik huquqidan mahrum qilish muddati qat’iy 3 yil etib belgilanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Samarqand viloyatida 12 mingta, Toshkent viloyatida 8,5 mingta, Farg‘ona viloyatida 7,5 mingta va Toshkent shahrida 7 mingta holatda mashina mast holda boshqargan haydovchilar aniqlangan.

11 fevral kuni yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev «qo‘pol qoidabuzarlarga jazo muqarrarligi ta’minlanishi shart»ligini ta’kidlab, Qonunchilik palatasi va mutasaddi idoralarga yo‘l harakatiga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, tubdan takomillashtirish vazifasini yuklagandi.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etilishi, agar haydovchi tomonidan 12 oy davomida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballarining umumiy miqdori 12 balldan oshsa, u transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinishini aytgandi.

Unga ko‘ra, haydovchi tezlikni oshirsa – 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa – 3 ball hisoblanadi

Ko‘proq yangiliklar: