“Olmazor Business City” direktori Umid Umarovning so‘zlariga ko‘ra, bog‘da yangi daraxtlar va gullar ekilib, landshaft dizayn yaratiladi. Piyodalar va velosiped yo‘laklari hamda sug‘orish tizimi yangilanadi. Bolalar maydonlari qurilib, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari o‘rnatiladi.
“Turizmni rivojlantirish uchun bog‘ hududida mavjud binolar an’anaviy-milliy dizaynda rekonstruksiya qilinadi. Undan tashqari, kichik-kichik kiosklar bo‘ladi, bu orqali kichik biznes (servis) yo‘lga qo‘yiladi.
Karusel va shovqin-suron attraksionlar bo‘lmaydi. Bu yer ekobog‘ bo‘ladi. Panjaralar olib tashlanadi”, – dedi Umid Umarov.
Direksiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bog‘da 1584ta daraxt mavjud. Ular to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilgan. 5 mart kuni yuzga yaqin daraxt ekildi, bu ishlar ta’mirlash vaqtida ham davom ettiriladi.
“Hozirgi kunda bog‘ “Olmazor Business City” direksiyasi balansida turibdi. Bundan keyin ham direksiya balansida bo‘ladi. Ushbu direksiya mana shu bog‘ga mas’ul.
Bitta yirik va uchta kichik favvoralarning hammasi rekonstruksiya qilinadi. Ariq ham ta’mirlanib, bu ariqdan yiliga 365 kun suv oqib turadi.
Smeta hujjatlari yakuniga yetmoqda. Rekonstruksiya uchun shahar hokimligi va direksiya hisobidan 30 mlrd so‘m atrofida mablag‘ ajratiladi”, – dedi direksiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz mazkur bog‘da 64ta daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi.