1 mart kuni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev hamda YuNICeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade tomonidan 2022−2025 yillarga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi» imzolandi.
SSV matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur hujjat O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga doir umumiy qiymati 102,5 million AQSh dollariga teng qo‘shma chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. U to‘rtta asosiy yo‘nalishdan iborat.
Birinchi yo‘nalish respublikada perinatal xizmatlar ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash bilan bog‘liq dolzarb vazifalarga qaratilgan.
Onalik va bolalikni muhofaza qilishga ixtisoslashgan tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, davolash muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, kam vaznli chaqaloqlar hayotini saqlab qolish chora-tadbirlari shular jumlasidan.
Ikkinchi yo‘nalish milliy kalendarga kiritilgan vaksinalar bilan bolalarni emlash, mavjud sanitar punktlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, u orqali mamlakatda immunizatsiya jarayonlarini takomillashtirish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qator umumta’lim maktablarining sanitariya-gigiyena holati hamda o‘quvchilarning salomatligi uchun muhim bo‘lgan suv ta’minotini yaxshilashga yo‘naltirilgan yirik loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, bolalarda yod yetishmovchiligi, kamqonlikning oldini olish singari qator masalalar yechimi ham ko‘zda tutilgan.
Uchinchi yo‘nalish onalar va bolalarning ovqatlanishini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar. Ular orasida 6−23 oylik bolalar va 35 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlarni temir hamda foli kislotasi bilan ta’minlash, umumta’lim maktablarida ovqatlanish standartlarini ishlab chiqish kabi vazifalar bor.
To‘rtinchi yo‘nalish o‘smirlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishni nazarda tutadi. Buning doirasida maktab o‘quvchilari salomatligi bilan bog‘liq milliy strategiya ishlab chiqish, shu yoshdagi o‘g‘il-qizlarga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlari uchun o‘quv dasturlari tayyorlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi platforma yaratish kabi loyihalar amalga oshiriladi.
Ikki tomonlama imzolangan «Yo‘l xaritasi» ijrosi mamlakatda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, shu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi tibbiyot xodimlarining bilim va tajribasini yanada oshirishga xizmat qiladi.