“Yaxshi kiyinishni emas, yaxshi o‘qishni maqsad qilaylik” - IELTS'dan 8,5 olgan 16 yoshli Mahfuza

Jamiyat 18:45 / 26.02.2022 33692

Kun.uz yoshlarni ruhlantirish maqsadida shijoatli va turli sohalarda o‘z o‘rnini topgan qizlar haqida “Mikrofon – qizlarda” ruknini yo‘lga qo‘ymoqda. Birinchi suhbatdoshimiz – dastlabki urinishdayoq IELTS imtihonidan 8,5 ball olgan 16 yoshli Mahfuza Sultonova.

Mahfuza – Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 9-maktabning 11-sinf o‘quvchisi. U IELTS'dan 8,5 ball olib, maktabni bitirmasidan oldin keyingi muvaffaqiyatlari uchun katta zamin yaratdi: Mahfuza endi nufuzli xorijiy OTMlarga kirish uchun harakat qilyapti.

“O‘zim tushunmagan tilga mehr qo‘ygandim”

— 2-sinfda o‘qiyotgan paytim Samarqand shahriga sayohatga borgandik. O‘shanda xorijlik bir inson bilan o‘zbek qizi ingliz tilida ravon gaplashayotganini ko‘rib qolganman. Ular gaplashayotgan til shunchalik yoqqanki, men ham shu tilni, albatta o‘rganaman, deb maqsad qilganman.

6-sinfligimda Bekoboddagi o‘quv markazlaridan biriga ingliz tili o‘rganish uchun bora boshladim va men kichikligimda eshitgan suhbat ingliz tilida bo‘lganini bildim. Shu tilni yaxshilab o‘rganaman deb maqsad qo‘yganim uchun ham bor kuchim bilan o‘rganishga harakat qila boshladim.

Lekin ba’zi sabablar bilan 1,5 yildan keyin ingliz tilini to‘xtatib qo‘ydim. 10-sinfdan ingliz tili o‘qish uchun muhim ekanini tushunib, yana o‘rganishni boshlab yubordim va 2 yilcha doimiy ravishda shug‘ullandim.

“Oilam doim qo‘llab-quvvatlaydi”

— Oilamizda ta’limga e’tibor har doim kuchli bo‘lgan. Dadam “Agar kiyim sotib olishingga pul topib bera olmasam ham, kitob uchun, albatta, topaman”, deb doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangi kiyim kiyavermasak ham, lekin uydagilar doim o‘qishimizga pul topishgan. “Sen kitob o‘qiyman desang, qarzga bo‘lsa ham olib beraman” degan motivatsiyani doim eshitaman. Dadam o‘zi oliy ma’lumot ola olmagan. Shuning uchun ham bizning o‘qishimizni qattiq xohlaydi. Uning orzusini men amalga oshirishim kerak, degan mas’uliyatni his qilaman.

Akalarim o‘qib, yo‘lini topib bo‘lishgan, hozir bor e’tibor va investitsiya men uchun. Lekin umumiy jihatdan ham oilamizda qizlar ta’limiga alohida e’tibor beriladi.

Odatda, jamiyatda qizlarning ayollik vazifasi yaxshi farzand o‘stirish deb qaraladi. Bizda ham shunday, lekin yaxshi farzand tarbiyalash uchun qiz bola yaxshi o‘qigan, ta’lim ko‘rgan, dunyoqarashi keng bo‘lishi kerak deb hisoblanadi. Shuning uchun ham agar sharoit hammani o‘qitish uchun yetarli bo‘lmasa ham, meni birinchi navbatda o‘qitishardi.

“Imtihonga tayyorgarlik jarayonida kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘rib qoldim”

— Ingliz tilini o‘rganish jarayonida tinglab tushunish (listening) ko‘nikmasini yaxshilash uchun ko‘proq podkastlar eshitardim, keyinroq kinolar ko‘rishni boshladim. IELTS – ingliz tilidagi umumiy bilimni aniqlab beradigan test, shuning uchun ingliz tilini bilish darajasini har tomonlama oshirish muhim.

IELTS imtihoniga tayyorlanishdan oldin kitob o‘qishni juda ham yaxshi ko‘rmasdim. Lekin tayyorgarlik, besseller kitoblarni o‘qish jarayonida ularga mehrim tushdi. Hozir kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘rib qolganman, hech narsa sotib olmasam ham, kitoblar olishni xohlayman.

O‘tgan oy imtihon topshirib, 8,5 olganim haqida men tayyorlangan o‘quv markazi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga post qoldirdi. Shundan keyin ko‘pchilik savollar yubordi, Telegram orqali ham har xil savollar oldim va ularning hammasiga alohida javob berib chiqish imkonsiz ekanini his qilib, kanal ochish fikriga keldim.

Yanvarning oxirida ochilgan kanalimda hozir 2,2 ming obunachi bor.

“IELTS sertifikati 2 yilda eskiradi, lekin ingliz tilini o‘rganish sertifikatdan muhimroq”

— IELTS sertifikatining amal qilish muddati 2 yil, shundan so‘ng u o‘z kuchini yo‘qotadi. Lekin ingliz tilini chuqur o‘rganish hozir hamma uchun muhim deb o‘ylayman. Qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar xalqaro tilni bilgan odam xalqaro darajadagi kadrga aylanadi.

Shuning uchun til o‘rganayotganda 5,5-6,5 emas, kattaroq ballni maqsad qilaverish kerak degan fikrdaman.

“Qizlar o‘ziga ishonishi kerak”

— Ko‘pchilik qizlar o‘ziga ishonmaydi. “Men uddalay olmayman, men qiz bolaman” degan qo‘rquv bor. Biroq harakat qilinsa, uddalash mumkinligini ko‘plab muvaffaqiyatli insonlar isbotlashgan.

Qiyinchiliklar hammada ham bo‘ladi. Moddiy qiyinchiliklarga ko‘p e’tibor bermaslik, o‘qishga kichikkina imkoniyat bo‘lsa ham, foydalanish kerak.

Ko‘pchilik qizlar yangi kiyim kiyishni o‘zlariga maqsad qilib olishadi. Agar shu narsasi bo‘lmasa, “O‘qishga bormayman” deb xafa ham bo‘lib qolishadi. Lekin bu narsalarga e’tibor berish kerak emas. Hozirgi o‘qishga investitsiya kiritilsa, kelajakda juda katta foyda keltiradi.

Kelajakda ijtimoiy media marketing (Social media marketing) yo‘nalishi bo‘yicha o‘qib, O‘zbekistonda shu soha rivojlanishiga hissa qo‘shmoqchiman, deb hikoyasini yakunladi Mahfuza.

U oldiga qo‘ygan maqsadlarini oldindan aytishni xohlamasligini, natijaga erishgach, keyin ochiqlashni xohlashini bildirdi.

Agar siz intiluvchan qizlarni tanisangiz yoki siz ham shundaylardan biri bo‘lsangiz, Telegram'da @Mikrofonqizlarda_bot orqali biz bilan bog‘laning. Dasturchi, sotuvchi, hunarmand, bukbloger, talaba, xullas, qaysi yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bo‘lishidan qat’i nazar, mikrofonni qizlarga berishga tayyormiz.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: