2021 yil yakunida Wealth-X yangi tahlilni e’lon qildi, unda boylar, ayniqsa, 5 million dollardan 30 million dollargacha aktivlarga ega juda yuqori daromadli kishilar afzal ko‘rgan sport turlari reytingi keltirilgan.
Reytingning birinchi o‘rnida – golf. 18,6 foiz boylar uni o‘ynashlari yoki tomosha qilishlari ma’lum qilingan. Dunyodagi eng ommabop sport turi bo‘lgan futbol 11,3 foiz ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinda turadi. Bunda asosiy e’tibor futbol o‘ynashga emas, balki tomosha qilishga qaratilgan, ammo so‘nggi o‘n yil ichida boylarning sportda tijoriy ishtiroki keskin oshdi. Chang‘i sporti mashhurlik bo‘yicha uchinchi o‘rinda — 10,9 foiz.
Nega boylar golf o‘ynaydi?
Turli manbalarda boy odamlar nega golfni ko‘proq afzal ko‘rishi haqida sabablar keltirilgan. Biz internet ma’lumotlari asosida boy odamlarning golfni afzal ko‘rishiga sabablar ro‘yxatini tuzib chiqdik.
Golf ortiqcha jismoniy kuch talab qilmaydi
Boy odamlar kamdan-kam hollarda jismoniy jihatdan kuchli bo‘ladi. Golf jismoniy tayyorgarlikdan ko‘ra ko‘proq hissiyot va mahorat sinovi, shuning uchun hatto 50 va 60 yoshda ham golfda eng yaxshi shaxsiy natijalarga erishish mumkin.
Xavfsizlik
Golf – xavfsiz sport turi. Velosiped va chang‘i uchish (boy odamlar o‘ynaydigan boshqa sport turlari)dan farqli o‘laroq, golf o‘ynashda jarohat olish ehtimoli juda past.
O‘z-o‘zi bilan kurash
Golfda siz o‘zingiz bilan raqobatlashasiz: boy odamlar raqobatlashishni va ayniqsa, yutqazishni yomon ko‘radilar. Golfda hech kim sizning o‘zingiz xohlagan narsani qilishingizga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘sqinlik qila olmaydi.
Ajoyib zarbalar
Deylik, siz basketbol to‘pini soatiga 100 mil tezlikda uloqtira olmaysiz, lekin golfda 60 yoshli sportchi barcha boy do‘stlariga to‘pni shuncha uzoqlikka uloqtirgani haqida aytib, maqtanishi mumkin.
Golf uskunalari qimmat
Golf uskunalari yoki hech bo‘lmaganda sifatli uskunalar arzon turmaydi. Xarajatlar bir necha ming dollarga tushishi mumkin. Bunda golf klubiga a’zolik to‘lovlarini qo‘shsangiz, nima uchun kambag‘al odam golf o‘ynamasligini tushunasiz.
Nafaqat bu, balki golfni yaxshi o‘ynash uchun siz bir nechta darslarga qatnashishingiz kerak bo‘ladi, bu ham qimmatga tushishi mumkin, ayniqsa, sizga yaxshi o‘qituvchi kerak bo‘lsa.
Golf – status belgisi
Boshqa sport turlari bilan solishtirganda golf qimmatligi tufayli u pul va maqom bilan bog‘langan. Shunday qilib, hatto golf o‘ynamaydigan odamlar ham golf klubi a’zoligiga ro‘yxatdan o‘tishadi va uni o‘ynashni boshlaydilar. Bu boshqa boylarning bosimi emas, balki status belgisidir. Agar siz golf o‘ynasangiz, ko‘pchilik sizni avtomatik ravishda badavlat odam deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, eksklyuziv yoki qimmatbaho golf klubiga a’zolik yanada yuqori ijtimoiy mavqeni beradi.
Muloqot imkoniyati
Odatda golf klublariga ishbilarmonlar, moliya sohasidagi odamlar, Uoll-strit investorlari, bosh direktorlar va hatto siyosatchilar a’zo bo‘ladi. Golf o‘ynaydigan ko‘plab badavlat odamlar sportning o‘zi uchun emas, balki boshqa badavlat odamlar bilan muloqot qilish imkoniyati sababli ham golf klubiga borishadi.
Tanish-bilish orttirish hech qachon zarar qilmaydi va bu biznes bitimlar uchun yangi hamkorlar topish imkoniyatini beradi.
Biznes bitimlarini muhokama qilishlari mumkin
Ba’zida boy odamlar biznes tashabbusini muhokama qilish uchun golf maydonida uchrashishadi. Bu ularni chalg‘imasdan gaplasha oladigan qulayroq muhit bilan ta’minlaydi.
Madina Ochilova tayyorladi.