“Agrobank” – islohotlar davom etadi

Jamiyat 15:30 / 23.02.2022 8081

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi 5 yilda bankning kapitallashuv bazasi keskin oshirildi, mahalliy va xorijiy resurslarni jalb qilish imkoniyatlari kengaydi.

O‘tgan 2021 yilda bank tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini moliyalashtirish, tadbirkorlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 25,4 trln so‘mlik kreditlar ajratildi va bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 3,5 trln so‘mga yoki 116 foizga oshdi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 125 mingta mijozga 3,2 trln so‘m, hududlarni iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 1 266 ta 4,2 trln so‘mlik loyihalar moliyalashtirildi.

2021 yilda xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hisobidan 126 ta loyihalarga 311 mln dollar miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. 2021 yilda aktivlar 39,9 trln so‘mga, kredit qo‘yilmalar 32,3 trln so‘m tashkil qilib avvalgi yilga nisbatan mos ravishda 129 foizdan va 128 foizga oshdi.

2022 yilda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish uchun jami 32 trln so‘m kredit ajratish va o‘tgan yilga nisbatan o‘sishni 7 trln so‘m yoki 126 foizga yetkazish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida 3,9 trln so‘m kreditlar ajratiladi. Hududlarda jami 807 ta loyihalarni moliyalashtirish uchun 4,9 trln so‘mlik kredit mablag‘i yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

“Agrobank” ATB transformatsiyasini amalga oshirish maqsadida OTB va KPMG kompaniyalari jalb qilinib, bank rivojlantirish strategiyasi va bank biznes modeli ishlab chiqildi. Bank strategiyasidan kelib chiqib yetakchi marketologlar bilan hamkorlikda yangi brend joylashuvi amalga oshirildi.

Qishloq xo‘jaligida zamonaviy bilimlarni joriy qilish maqsadida yurtimizning bir qator oliy o‘quv yurtlari bilan birga 5 ta hududda “Fermerlar maktabi” tashkil qilinib, bu maktablarda qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik, o‘simliklarni himoyasi, biznes, moliya va huquqiy savodxonlik bo‘yicha darslar berilmoqda. 2021 yil noyabrdan respublika bo‘yicha 15 mingga yaqin fermer xo‘jaliklari rahbar va ishchilari o‘qitildi. 2022 yil yakuniga qadar yana 65 mingta fermerlar o‘qishlarga jalb qilinadi.

2021 yilda fermerlar va tomorqa yer egalari uchun qishloq xo‘jaligida“100 ta kitob” to‘plam loyihasi ham amalga oshirildi. Ushbu to‘plamdan 10 mingta chop etib tarqatildi. Elektron shaklda agrobank.uz sayti, telegram boti orqali foydalanish imkoniyati yaratildi.

O‘simliklarni himoya qilish yo‘nalishida 40 turdagi o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha kitoblar to‘plami tayyorlandi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xizmatlarini sotib olish va sotishga ixtisoslashgan “AgroZamin” platformasi yaratildi. 2022 yilda aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Agroxizmatlar markazlari tashkil qilinyapti.

Tumanlarda “Agrolab” o‘simliklarni himoya qilish faoliyati xizmati tashkil etiladi. Bu shoxobcha orqali ko‘chma va karantin laboratoriyasi, tadqiqot uchun issiqxona va yer dalasi, umumiy amaliyot xonasi, tayyor mahsulotlarni sotish do‘koni, yuk avtomobillari hamda agregatlar bazasi tashkil etiladi.

“Agrobank” ATB tomonidan kichik va o‘rta biznes, jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatishga yo‘nalishida mijozlar uchun 30 ga yaqin yangi xizmatlar joriy qilinib, ko‘rsatilayotgan masofaviy xizmatlari hajmi oshirildi.

Xususan, yuridik va jismoniy shaxslar uchun mobil ilova orqali onlayn kreditlar joriy qilindi. Bu yo‘nalishda Rossiya (Transkapitalbank), Janubiy Koreya (Xanabank) banklari bilan birgalikda joriy qilingan onlayn xalqaro pul o‘tkazmalari xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yil yanvar oyidan xorijda mehnat faoliyati olib borayotgan vatandoshlarimiz va ularning oila a’zolari uchun “Madad” mobil ilova orqali onlayn mikroqarz joriy qilindi. Endi xalqaro pul o‘tkazmasi amalga oshirgan mijozga 10 mln so‘mgacha masofadan kredit ajratiladi.

Shuningdek, bank 2021 yilda Chakana.uz marketpleysini ishga tushirdi. Bu platforma orqali mijozlar maishiy texnika va jihozlarni bankka kelmasdan masofadan kreditga sotib olishlari mumkin.

Bank respublikamizda birinchilardan bo‘lib Kartomat qurilmasini tatbiq qildi. Bu qurilma orqali mijoz bank kartasini olish uchun “Face-ID” tizimi orqali identifikatsiya qilinadi va karta avtomat tarzda rasmiylashtirib beriladi. Bugungi kunda bankning hududiy filiallarida 44 ta kartomat qurilma o‘rnatildi. 2022 yil davomida esa barcha filiallarga (jami 170 ta) bunday qurilmalar o‘rnatilishi reja qilingan.

Bank transformatsiyasi jarayonida IT texnologiyalarni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun xorij banklari (Rossiya Sberbanki va Turkiya Ziraatbanki) o‘rganildi. Bunda, ushbu yo‘nalishda bank tomonidan joriy yilda amalga oshiradigan loyihalar aniqlab olindi va axborot tizimini rivojlantirish bo‘yicha dunyoda yetakchi konsalting kompaniyalari bilan birgalikda bankning IT strategiyasi ishlab chiqildi.

2022 yilda ham bu boradagi ishlar jadallashtirilib, yangi “Smart ofis” loyihasini amalga oshiriladi. Aholi gavjum joylarda tashkil qiladigan ushbu ofislar orqali mijozlar bank xodimi ishtirokisiz bank amaliyotlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bu ofislar 24/7 rejimida ishlaydi. Shuningdek, bankning xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish maqsadida yangi raqamli “Fresh” filiali faoliyati rivojlantiriladi.

Bankni transformatsiya jarayonida xorijiy nufuzli kompaniyalar bilan birgalikda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi, skoring modelining dastlabki bosqichi yo‘lga qo‘yildi. Xorijiy ekspert tavsiyalari asosida stress-test ssenariylari o‘tkazilishi takomillashtirildi. Bankning operatsion risklarini oldini olish bo‘yicha indikatorlar ishlab chiqildi.

Jumladan, likvidlilik va bozor risklarini boshqarishda likvidlilik ko‘rsatkichlarini, bankning depozit bazasi va majburiyatlarining konsentratsiyasi, GEP-tahlil, VaR hisoboti, foiz stavkalari o‘zgarishining bank foydasiga ta’siri va valuta pozitsiyasini aniqlash hamda baholash va monitoring qilish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, xorijiy ekspertlar bilan birgalikda kreditlash jarayonini Anderrayting tizimi orqali ajratish yo‘lga qo‘yildi.

Kredit hujjatlarining to‘liqligi, ta’minotning to‘g‘ri rasmiylashtirilgani hamda belgilangan me’yorlar bajarilishini tekshirish, monitoringini yuritish bo‘yicha kreditlarni boshqarish bo‘yicha bosh ofisda yangi tarkibiy tuzilma tashkil etildi.

“Agrobank” ATB jamoasi aholi va mijozlarga bank xizmatlarni ko‘rsatishda 2022 yilda ham keng ko‘lamli islohotlarni jadal davom ettiradi.

“Agrobank” ATB Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: