“Ishli bo‘lsam, oilamni eplab ketardim” - chekka qishloq ayolini kim eshitadi?

Jamiyat 15:06 / 22.02.2022 15028

Bundan salkam 2 yil oldin Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanida yashaydigan Mehriniso Bahromova bilan suhbatlashgandik. Mehriniso opa – 2 farzandning onasi; yana 3 farzandini esa tug‘ilishi bilanoq tuproqqa qo‘ygan, yuragi kuygan ona, ro‘zg‘orni amallab turibdi.

Karantinning ayni avj payti qilgan o‘sha suhbatimizda ayol erining bir qo‘li ishlamasligi, shuning uchun ro‘zg‘or tebratish o‘zining zimmasida ekani, qishloqdagi barcha yumushlarni qilib ketaverishi, lekin qiyinchilik yukidan ezilayotgani haqida gapirib bergandi. O‘sha intervyudan beri o‘tgan 2 yillik vaqtda ham ayolning hayotida biror yaxshi o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. U harakat qilishni, bolalari uchun yaxshi sharoit qilib berishni xohlaydi, ammo qishloq sharoitida buning uchun yo‘l topa olmayapti.

Hali bolasi 1,5 yosh bo‘lgan ona oilaning qornini to‘ydirish uchun tinmay chora izlayapti. Aslida esa bu yoshdagi bolalari bor onalar bola parvarishi ta’tilida, bor e’tiborini farzandini katta qilish va o‘z sog‘ligini tiklashga qaratishi lozim. Ammo hayot hamma uchun ham birday to‘kin-sochin emas.

“5 farzandimdan 2 nafari yashab qoldi”

— Qonimda torch infeksiyasi bo‘lgani sabab 3 farzandim tug‘ilgach, 3-4 kun, 1 hafta yashab nobud bo‘lgan. Hozir 2 farzandim bor: bir qiz, bir o‘g‘il. Qizim 2-sinfga boradi. Yaxshilar yordami bilan kerakli dori-darmonlarni olib, kichik farzandimni dunyoga keltirdim. Hozir 1,5 yoshda.

Biroq o‘g‘lim kasalmand. Shu farzandim tug‘ilishidan oldin hech qayerga yordam so‘rab bormagandim. Hammasini o‘zim eplashga harakat qilardim. Lekin bola uchun hamma narsaga tayyor bo‘larkan odam. Bolam bir oyda 2 martalab tuman shifoxonasida davolanishiga ham to‘g‘ri keladi. O‘g‘lim qiyinchilik bilan tug‘ilgan: dunyoga kelganda, dastlab, yuragi urmadi. Shifokorlar muolajalari yordamida o‘ziga keltirilgan chaqalog‘imni bir hafta menga umuman ko‘rsatishmadi. Bolam shu tug‘ilganidan beri nimjon. Aynan nimaning ta’siridan ekanini ham bilmayman. Shifokorlar infeksiyadan deyishgandi. 1,5 yoshdagi bola hali ham qayt qiladi, oshqozoni yaxshi hazm qilmaydimi, bilmayapman, yegan ovqatini qayt qiladi.

“Qiyinchilik bo‘lsa ham, ajrashmadim”

— Xo‘jayinimning bir qo‘li ishlamaydi. 4 marta operatsiya qilingan. Oxirgi marta operatsiya qilishganda oyog‘idan suyak olib qo‘liga qo‘yishgandi. Shuning uchun ham ro‘zg‘or yuki o‘zimning bo‘ynimda. Bolamni shaharma-shahar vrachlarga ko‘rsataman deb yugurganimda ham xo‘jayinim yonimda turgani yo‘q.

Qaynotam rahmatli o‘g‘li yoshligida “Uylantirmayman, ro‘zg‘orni eplolmaydi”, der ekan. Peshonam ekan, shu odam bilan yashayapman. Ota-onam “Bu odam ro‘zg‘or boqolmasa, ajrashib qo‘yaqolgin”, deb ham aytishdi. Lekin Allohga nola qilib, farzand so‘rab yurgan paytlarim ajrashmadim, endi bolalarimni otasidan qanday ayiraman, ulg‘ayishsa, “Nega biz otamiz bilan yashamaymiz”, deyishsa, nima deb javob beraman, peshonamda borini ko‘raman deb yashayapman.

“Bolamga yogurt, banan olib berolmayman”

— Juda qiynalib ketdim, bolalarimning ahvoliga qarab qiynalaman. O‘g‘lim yig‘lagan payti boshidagi tomirlari bo‘rtib chiqib qoladi. Tuman shifokorlari viloyat ko‘ptarmoqli shifoxonasiga, nevropatologga olib borib ko‘rsatishni tavsiya qilishgan. Olib borishga ham imkonim bo‘lmayapti.

Katta qizim hali 2-sinf, shu yoshida sochiga oq tushib ketdi, boshi og‘rib qoladi.

O‘g‘limni Samarqand shahriga do‘xtirga olib borganimda shifokor “Bolangni tanasi doriga to‘lib ketgan, jigariga zarar. Unga yogurt, banan olib ber, suyak qaynatib bergin”, deb tayinlagandi. Hali nimjon bo‘lgani uchun kasha bergin, degandi. Lekin ilojsizman, hech qaysi birini olib bera olmayman. Faqat bolamga beriladigan bola pulini ro‘zg‘orga zo‘rg‘a yetkazyapman, xolos.

“Temir daftar”ga kiritishganmi-yo‘qmi, bilmayman”

— Shu ikki bolamni oyoqqa turg‘izib olishni juda istayman. Biror imkoniyat berilsa, bor kuchim bilan foydalanib, harakat qilardim. Karantin payti mahalladan “Temir daftar”ga kiritganmiz, deb bir marta oziq-ovqat tashlab ketishgandi. Lekin hozir hech qaysi daftarda turmayman, adashmasam. Buni oldinroq o‘g‘limning sog‘ligida muammo bo‘lganda, dorilarga muhtoj payti hokimiyatga borib bilgandim.

O‘shanda hokim o‘rinbosari (aniq kimligi esimda yo‘q) “Bu ayolni nega daftarga kiritmagansizlar?” deb mahalladagilarni urushib bergandi. Shundan keyin qayta kiritishganmi-yo‘qmi bilmadim.

“Qishloqda ish yo‘q”

— Men o‘zim ishlab, pul topishni, bolalarimga yaxshi sharoit qilib berishni xohlayman. Shu sabab ish so‘rab mahallaga ham, hokimiyatga ham bordim. Qishlog‘imizda yangi bog‘cha qurilyapti, shu yerda nima ish bo‘lsa ham qila olardim. Qishloq joyda ish o‘rinlari yo‘q. Hech kim o‘zidan ortmaydi, birovlardan uni-buni so‘rab yurishni xohlamayman. Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi deyishadi. Ishli bo‘lsam, o‘z oilamni eplab ketardim.

Shu paytgacha qishloq yerlarida no‘xat o‘rdim, mayiz terdim, hech narsadan qaytmasdim. Biz tomonlarda mayizchilik bilan shug‘ullanishadi. Qishda sifati pastroq mayizlarni sotib olib, tozalab, saralab biroz qimmatroqqa sotib ro‘zg‘orga yetkazardim.

Bolam tug‘ilgach, yosh bola bilan ko‘p narsaning imkonini qila olmadim. Ota-onam yordam berishadi, oziq-ovqatlarni qarzga olib turaman. Mahallamizda bir do‘konchi yordam berib turadi. Shu kishidan mahsulotlarni qarzga olib, bola puli tushgach beraman, do‘konchi – yaxshi odam, mahsulotlardan bepulga ham yordam qilib turadi.

Karantindan so‘ng qishloqda ahvol battar qiyinlashdi. Qishloq hayoti qiyin-da baribir. Erlari ishlaydigan ayollar unchalik qiynalmaydi. Ko‘pchilikning hayoti shu – ishsizlik. Jurnalistlar menga qo‘ng‘iroq qilganini eshitgan bir ayol menga dardini aytib yig‘lab qoldi, uning eri Rossiyada, ro‘zg‘ori abgor bir holatda yashashadi. U ham hayotida nimadir o‘zgarishidan umid qiladi.

Ayollar kasalmand bolalarning onasi emas, baxtli bo‘lishsin

Aslida, Mehriniso opaga o‘xshash taqdirli ayollarni har qadamda uchratish mumkin. Ayniqsa, qishloqlarda ayollar bog‘cha, maktab yoki shifoxonalarda ishlamasa, boshqa ish o‘rinlari deyarli yo‘q. Qishloqlik ayollar tomorqasiga ekin ekib, undan chiqadigan hosil hisobidan ro‘zg‘orga yordam berishadi yoki Rossiyada ishlayotgan erining yuborganini yig‘ib, ro‘zg‘orni tebratishadi.

Shunday insonlar bilan uchrashib, suhbatlashar ekansiz, yetarlicha doimiy ish o‘rinlari paydo bo‘lishi, odamlar mehnat qilib birlamchi ehtiyojlarini qondira olishlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam ham sifatli tibbiy xizmatlar bilan ta’minlanishi uchun hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda va juda ko‘pligi, avvalo inklyuziv iqtisodiy o‘sishga erishish zaruratini chuqurroq anglaydi kishi.

Nima bo‘lsa ham, Mehriniso Bahromovaning dardini Samarqand viloyati mas’ullari, Qo‘shrabot tumani mutasaddilari eshitadi, uning biror kasbga o‘qib ishga joylashishiga yordam beradi, degan umiddamiz. Axir ayol kimdandir nimadir tama qilmayapti, faqat o‘zi uchun ish so‘rayapti; bor imkonini ishga solishga, hatto o‘rganishga ham tayyor. Bunday so‘rovga esa uning haqqi bor.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

P.S. Mehriniso Bahromovaning karta raqami: 8600 0609 2153 0946 
Bundan tashqari, yordam berish istagida bo‘lganlar @jurnalistgamurojaatbot telergam manzili orqali murojaat qilishlari mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: