Toshkent hayvonot bog‘ida ayiq qafasiga tashlab yuborilgan qizaloq 21 fevral kuni respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan uyiga qaytarildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, barcha tibbiy ko‘riklar ijobiy natija ko‘rsatgani va bolaning ruhiy holati me’yorida ekani inobatga olinib, unga yaqinlari hamrohligida uyiga ruxsat berilgan. Qizaloq hozircha buvisining qaramog‘ida bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jajji bemor Z.A.ning 18 yoshga to‘lguniga qadar salomatligini doimiy nazorat qilish uchun Bolalar milliy tibbiyot markazi va uning direktori, tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipov shaxsan mas’ul etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 28 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘ida yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra odamlarning ko‘z oldida o‘z qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan. Ayiq qizaloqqa zarar yetkazmagan. Hayvonot bog‘i xodimlari ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo‘lishgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qizaloqning onasi qo‘lga olingan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.