G‘ijduvondagi mojaroli qurilish: Hokim birovlarning yerini boshqa tadbirkorga berib yuborgan

Jamiyat 17:02 / 21.02.2022 14755

Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkorlar bir paytlar sotib olganmiz, deya da’vo qilayotgan qurilish osti maydonida o‘zga tadbirkor Davlat xizmatlari markazi va Xalq qabulxonasi qurayotganini qalqon qilib, aslida 7 qavatli turar joy binosini bunyod etayotganini iddao qilishmoqda. Tadbirkorlar bu joyni qaytarib olish bo‘yicha jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilib, yutishgan bo‘lsa-da, qurilish ishlari bir zum to‘xtamasdan davom ettirilayotganini aytishdi.

Endi voqealarni xronologik tarzda hikoya qilamiz. Vaziyatga o‘zingiz xolisona baho bering.

2007 yilda «HAZORBOG‘» fermer xo‘jaligi rahbari Ismoil Soliyev Abdulla Qahhor ko‘chasida joylashgan, yuzasi 1700 kv.m. bo‘lgan turar joy binosining poydevor qismini, 2008 yilda «FIRDAVS BAFOEV» xususiy firmasi shu joydan umumiy yuzasi 1500 kv.m bo‘lgan uy-joy qurish uchun mo‘ljallangan qurilishi tugallanmagan kotlovanni oldi-sotdi shartnomasiga asosan «Buxoroteks» OAJdan sotib olishadi.

Biroq bu ikki tadbirkorga tegishli yer maydoni bilan qo‘shib hisoblanganda jami 4800 kv.m. joy G‘ijduvon tumanining avvalgi hokimi Murod Umarovning avval 2020 yil 22 avgust kunidagi 616-sonli qarori bilan davlat zaxirasiga qaytarib olingan, keyinroq 2020 yil 31 oktyabrdagi 766-sonli qarori bilan «HAFIZBEK MIRZO» xususiy korxonasiga berib yuboriladi: Xalq qabulxonasi binosi hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida qo‘shimcha binolar qurishi uchun.

Arizachilarga ko‘ra, ular hokim qarorlarini bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilib, yutgan bo‘lishsa ham, binoning qurilishi bir zum to‘xtagan emas. Ya’ni sud ajrimi va qarorlari ijrosi amalda bajarilmayapti.

Murojaatchilar Ismoil Soliyev (chapda) va Sharif Bafoyev (o‘ngda).

Qayd etib o‘tish kerak, Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudining 2021 yil 12 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, «HAFIZBEK MIRZO» xususiy korxonasi rahbari Hakim Barakayevning harakatlarida mansab soxtakorligi jinoyatiga ishtiroki va o‘zboshimchaligi uchun unga JKning 28-, 209 va 229-moddalari bilan 1 yil-u 8 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Tadbirkorlarga «Nega 2007-2008-yillarda qo‘lga kiritilgan maydonda tayinli qurilish ishlari olib borilmadi?» deya savol berganimizda, tadbirkorlar shuncha yil ichida tuman hokimligi qurilish bo‘limi ularning loyihalarini tasdiqlamasdan kelgani, alaloqibat ularga tegishli yerni tortib olib, boshqa tadbirkorga tortiq qilib yuborishganini bildirishdi.

Biz mazkur holat yuzasidan «HAFIZBEK MIRZO» xususiy korxonasi vakillariga ham mikrofon tutdik. Korxona yuristi vaziyatni shunday izohladi: korxona yer maydonini mutlaqo qonuniy asoslarda qo‘lga kiritgan. Xususan, 6 mlrd so‘m sarflab, Davlat xizmatlari markazi va Xalq qabulxonasi tuman aholisiga beminnat topshiriladi.

Yandash Azimov. «HAFIZBEK MIRZO» xususiy korxonasi yuristi

Yuristga ko‘ra, turar joyning kotlovani va poydevori arizachi tadbirkorlar tomonidan 2007 va 2008-yillarda xarid qilingan bo‘lsa-da, o‘tgan 12-13 yil ichida hech qanday qurilish ishlari olib borilmagan. Tegishli tarzda davlat ro‘yxatiga olinmagan, soliqlar to‘lanmagan. Ammo ularning bu vajlari sudda inobatga olinmagan.

«HAFIZBEK MIRZO» xususiy korxonasiga yer maydoni 2020 yil oktabr oyida ajratib berilgan. Joyning sun’iy yo‘ldosh arxiv tasvirlaridan ko‘rinadiki, 2017 yildayoq hududdagi chala qurilishlar buzib tashlangan, maydon tekislangan, 2020 yilgacha hech narsa qurilmagan. Ya’ni korxonaga yer ajratib berilganida bu yerda ular hech narsa buzishmaganini da’vo qilmoqda.

Shu mahallada yashovchi mahalla raisi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari raislariga mikrofon tutganimizda qurilish ishlari olib borayotgan «HAFIZBEK MIRZO» korxonasini alqashdi. Chunki bu hududda avvalgi 12-15 yilda hech qanday obodonchilik ishlari olib borilmagan. Tadbirkorlar avtomobillarni yuvish shoxobchasi ochib, mahalla ahliga ko‘p noqulayliklar keltirishganini aytib berishdi. Chala qurilishdan esa ikki marta inson jasadi topilgan ekan.

Biroq qurilishni olib borayotgan «HAFIZBEK MIRZO» korxonasiga tuman hokimi yerni dastlab 2020 yil 22 avgustda ajratib bergan bo‘lsa-da, 2020 yil mart oyida koinot tushirilgan fotodan ko‘rinib turibdiki, yer maydoni konturi bo‘lajak qurilish qilish uchun allaqachon o‘rab olingan bo‘lgan. Ya’ni yerni avvalroq hokim Hakim Barakayevga og‘zaki ravishda berib bo‘lgan. Hujjatlar bo‘lmasa-da, bu yerda qurilish ishlari olib borish reja qilingan.

Yurist Yandash Azimovning aytishicha, Buxoro tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 19 maydagi hal qiluv qarori Navoiy viloyat ma’muriy sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan 2021 yil 5 avgust kuni bekor qilinib, yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga jo‘natilgan. Biroq ish shu vaqtgacha qaytadan ko‘rilmagan.

Nihoyat, 2022 yil 4 fevral kuni Buxoro tumanlararo ma’muriy sudi G‘ijduvon tuman hokimining 2020 yil 22 avgust kunidagi 616-sonli va 2020 yil 31 oktyabrdagi 766-sonli qarorlarini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida hal qiluv qarorini chiqargan.

Ayni paytda «HAFIZBEK MIRZO» xususiy korxonasining yerga egalik qilish huquqini beruvchi hokim qarori kuchga ega bo‘lmay qoldi. Yuqorida ta’kidlanganidek, korxona rahbari Hakim Barakayev shu ish yuzasidan sudlanishga ham ulgurgan.

«HAFIZBEK MIRZO» xususiy korxonasi rahbari Oliy sudning jinoyat ishlari va iqtisodiy ishlar bo‘yicha kassatsiya sudlov hay’atlariga kassatsiya shikoyat arizasi kiritgan.

Murojaatchi tadbirkorlar turar joy qurilishi to‘xtatilib, zudlik bilan buzilishini, ularning yer maydonlari qaytarib berilishini istashmoqda. Chunki ularning huquqlari poymol etilib, qonuniy tarzda qo‘lga kiritgan yer maydonlari tuman hokimiyati tomonidan tortib olingan. Tadbirkorlarga ko‘ra, sudlar bu holatni adolatli baholab, ularning toptalgan huquqlarini tiklagan va hokim qarorlari bekor qilingan.

Hozir bu manzilda qurilish ishlari davom ettirilmoqda, chunki «HAFIZBEK MIRZO» xususiy korxonasi 2020 yil 29 yil oktyabrda Buxoro viloyat hokimligi bilan shartnoma imzolagan. Shartnomaning 1.1 bandida viloyat hokimligi yer ajratish, arxitektura hujjatlarini rasmiylashtirish, kommunikatsiya ishlarni o‘tkazib berish, kadastr qilish kabi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan. Sud mazkur shartnomani bekor qilmagan. Ikkinchi tomon shu vajdan ishlar to‘xtamasdan davom ettirilayotganini bildirdi. Ya’ni viloyat hokimligiga ishonilmoqda.

Xullas, G‘ijduvonda tumanning sobiq hokimi Murod Umarovning g‘alati qarorlari asosida yuzaga kelgan chigal voqealardan yana biri bilan tanishtirishga harakat qildik. Har ikki tomondan so‘raganimizda ham ular murosaga erisha olmagan. To‘g‘rirog‘i, murojaatchi tadbirkorlar nima qilib bo‘lsa ham o‘z yerini qaytarib olmoqchi.

Siz nima fikrdasiz?! Mazkur vaziyatda kim haq-u, kim nohaq?

Fikrimizcha, bu mashmashalarga faqat Oliy sud o‘zining yakuniy xulosasini berib, nuqta qo‘ya oladi. Biz esa voqealar rivoji nima bilan tugashini birgalikda kuzatishda davom etamiz.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: